O'lmas edi balki odamzod, Bo'lar edi dunyoga ustun, Aqli bo'lsa jahlidan ziyod, Sabri bo'lsa nafsidan ustun. Ajal deya ataluvchi choh - Ichra zinhor tushmasdi odam, Bo'lsa edi ozgina ogoh, O'ylabgina qo'ysaydi qadam. Ish o'ldirmas, ishkal o'ldirar, Jon zavoli yuz yoshmas, ko'z yosh, Inson nega dunyodan ketar Quvlab unga otmasalar tosh?! Tahqir zahr-u xanjar ila teng, Tuhmat ortiq o'qdan va dordan. Inson o'lmas biri-birining O'lishiga bermasa yordam. Inson o'lmas o'ldirmasa g'am, Makon qilmas qora turbatni. Kursa agar tirigida ham O'lganida topgan hurmatni. Olam to'la fitna, adovat, Mangu qolib netar odamzod? Bir kun charchab, izlab farog'at Tinch dunyoga ketar odamzod...