Bedor tunlar kelmasa uyqu,
Qamrab olsa g'amgin bir tuyg'u,
Yuragimga goh tutib ko'zgu
Qalamimni tishlab yozaman.
Topilmasa suhbatdosh biror,
Do'stlarimni yod etib bir bor,
Tushkunlikka tushmayin zinhor
Qalamimni tishlab yozaman.
Tani boshqa- dardi begona,
Tushunmayin derlar "devona",
Qalb tubidan chiqqanda nola
Qalamimni tishlab yozaman.
Shodlik yiroq, shodonlik yiroq,
Hamxonamu ulfatim firoq,
Orzu uhlar, armonlar uyg'oq,
Qalamimni tishlab yozaman.
Yozaman men, yozaman tinmay,
O'chiraman ba'zan qoniqmay.
Ixtiyorni shaytonga bermay
Qalamimni tishlab yozaman.