Yoshligim
Bor bisotim oldi yoshligim.
Yurak shunga ko'ndiyu, ketdi.
Yotdi shunday qoldi yoshligim.
Qush daraxtga qo'ndiyu, ketdi.
Demak dunyo shunday tor ekan.
Demak vido kuni bor ekan.
Tushib kelding, oyning ortidan.
O't bilganim tindiyu,ketdi.
Dunyoda eng katta boy edim.
Gijinglagan yakka toy edim.
Sharqiragan yakka soy edim.
Suvim qurib tindiyu,ketdi.
Yetishmaydi menga ne jihat.
Allaqaerlarimdir diqqat.
O'sha qomat, o'sha bo'y faqat.
Yurak chil-chil sindiyu,ketdi.
Do'stlarim ko'p edi do'stlarim.
Keskir, keskir edi so'zlarim.
Xira tortib qoldi ko'zlarim.
Sochga qirov endiyu,ketdi.