Свернуть поиск
Дополнительная колонка
Правая колонка
⭐️ Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
🗃 Mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilarning huquqlari, imtiyozlari, kafolatlari hamda ularning majburiyatlari bilan bog‘liq munosabatlarni kompleks tartibga solishni nazarda tutadi.
🗃 Xususan, qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, javobgarligi, shuningdek ular va oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilishning aniq mexanizmlari belgilab berilmoqda.
🗃 Loyihaga ko‘ra, harbiy xizmatchilar uchun davlat tomonidan kafolatlangan huquqlar, erkinliklar, qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlar, cheklovlar, majburiyatlar va javobgarlik majmui harbiy xizmatchilar maqomi deb belgilanmoqda. Hujjatda harbiy xizmatchi maqomiga ega bo‘lish va uni bekor qilish tartibi, xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlari, xizmat intizomi va xizmat majburiyatlariga doir talablar aniqlashtirilmoqda.
🗃 Qonun loyihasida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari alohida o‘rin olgan. Jumladan, ularni moddiy ta’minlash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, majburiy davlat sug‘urtasi, pensiya ta’minoti, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan taqdirda kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish kabi muhim kafolatlar qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
🗃 Shuningdek, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida qonun loyihasida qator yangi imtiyozlar ham nazarda tutilmoqda. Xususan, harbiy xizmatdan bo‘shatilgan va xizmat yillari 20 yildan kam bo‘lmagan harbiy xizmatchilarga yiliga bir marotaba sanatoriy-kurortlarga 75 foizlik imtiyoz asosida yo‘llanma olish imkoniyati yaratilmoqda. Bunda yo‘llanma narxining 25 foizi harbiy xizmatchi hisobidan, 75 foizi esa tegishli vazirlik va idoralarning budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Shu bilan birga, mazkur qonun loyihasi bilan harbiy xizmatchilarga yiliga bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moddiy yordam to‘lash imkoniyati yaratilmoqda.
🗃 Deputatlar muhokamalar davomida ushbu qonun loyihasi harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomini aniq belgilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish, Vatan himoyachilari va ularning oila a’zolari uchun mustahkam kafolatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.

Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев