Aqlim deydi - unutgin uni,
Bo'lma boshqa undan umidvor.
Qalbim deydi - ozgina kutgin,
U qaytadi bunga umid bor.
Aqlim deydi - soddalik qilma,
Sendan o'zga hamrohi bormish.
Qalbim deydi - ishonma oshna,
Bu aniqmas, shunchaki mish-mish.
Aqlim deydi bu mojaroda,
Yetti o'lchab, bir kesish ma'qul.
Qalbim deydi o'ylab o'tirma,
Yomon o'ydan voz kechish ma'qul.
Aqlim deydi - ehtiyot bo'lgin,
Bu his seni o'tda yoqadi.
Qalbim deydi - tavakkal qilgin,
Balki omad kulib boqadi.