Boshini egibdi og'irgina g'am,
Ko'zlari yoshlanar doim yurar nam,
Ko'rmasmi haloyiq uni ham odam,
Allohni bandasi yolg'iz ayol ham.
Ko'chalarda shodon yurolmas nechuk,
G'animlarga g'azab qilolmas nechuk,
Ortidan huradi hattoki kuchuk,
Allohni bandasi yolg'iz ayol ham.
Farzandi quvonsa,shodlanar kulib,
Dunyo tashvishidan ketgan u kuyib,
Kulfat ham bergandir Allohim suyib,
Allohni bandasi yolg'iz ayol ham.
Jilmaysa o'ylamang yuragi qondir,
Tanasin ko'targan bu quruq jondir,
Yomonmas sizdayin oddiy insondir,
Allohni bandasi yolg'iz ayol ham.
Bayramlarda kiymas lov yongan libos,
Iboli hayosi momolarga hos,
Yaxshilar,o'tinchim sizdan iltimos,
Allohni bandasi yolg'iz ayol ham.