Qir bag'ridan ketganida qor,
Nurga to'lib kulganda baxor,
Qiyg'os gulga kirganda bodom,
Ezgu hislar qo'ynida bir dam,
Nimanidir o'ylab qolursan,
Balki mani esga olursan.
Bog'laringda kezsang mabodo,
O'ynab o'tsa iliq shabboda,
Yalpiz hidi anqisa asta,
Qo'msab mani shunda dil xasta,
Yon veringga qarab qolursan,
Balki mani esga olursan.
Go'zal bo'lib serjilva,sernoz,
Kirib kelsa to'kin-sochin yoz,
Ishkomlarda uzumlar pishsa,
Naqshin olma uzilib tushsa,
Savatlarga terib solursan,
Balki mani esga olursan.
Deydilarki sevgi qarimas,
Yuragingdan dardi arimas,
Bilamanki unitish og'ir,
Xayolingdan o'taman bir-bir,
Nimanidir o'ylab qolursan,
Balki mani esga olursan.