Taqdiringdan bugun ketaman abad, Boshqa yo‘lga butkul bo‘lgum ravona. Yurak hislariga etmay itoat, Shu kundan men senga tamom begona. Ha! Sevaman. Buni etmayman inkor, Behuda emasdi ko‘ngil izhorim. Shubhalar hammasi, hammasi bekor, endi kechirmayman qat’iy qarorim. Bugun tushundim men taqdir hazilin, Bugun menga ayon zim-ziyo sirlar, Bugun bildim tengim emasligingni, Bugun ko‘z yoshlarim qalbimni tirnar. Uzr so‘ramayman ketish oldidan, Chunki sevish, axir, emas- ku gunoh, Bosh olib bu yerdan, sening vaslingdan, Qaerdan, bilmayman, topaman panoh... Xo‘p, mayli, uzaylik sevgi rishtasin, "O‘z baxting top", - deb qilaman nido. Yagona tilagim: Qayg‘u neligin Bilmasdan yashagin. Xayr! Alvido!!