Ko‘ngilning ming bitta zori bo‘lsa ham,
Imtihon dunyoning kori bo‘lsa ham,
Iqrordan dilimning ori bo‘lsa ham —
Men seni judayam, juda sog‘indim.
Dardimni aytmadim, tishladim tilni,
Hijrondan ming karra g‘ashladim dilni,
Topmadim sen tomon boshlagan yo‘lni —
Men seni judayam, juda sog‘indim.
Yillarki izlayman bosgan izingni,
Ko‘zimda ko‘raman qora ko‘zingni,
Qaniydi, bir bora ko‘rsam o‘zingni,
Men seni judayam, juda sog‘indim.