Umrim so`ngi lahzaga chopmoqda Sensiz,
Hajringda to`kildim, yiqildim, sindim.
Sensiz o`tgan kunim quyoshsiz, kunsiz...
Yomon sog`intirding... Yomon sog`indim...
Bir qadam orasi milyon yillik yo`l,
Ko`kdasan - qo`llarim yetmay, topindim.
Qalbim gulzorini egalladi cho`l
- Yomon sog`intirding... Yomon sog`indim...
Yuragim ohida tomchilaydi qon
- Yaramga tuz sepib, dardga ovundim...
Nechun anglamaysan, sen menga ishon
- Yomon sog`intirding... Yomon sog`indim...
Yana yuragimni tildi o`sha dard
- Yana sensizlikka chorasiz ko`ndim...
Yana hayollaring etdi kishanband
- Yomon sog`intirding... Yomon sog`indim..