Bolam, deysan tilingda ming bor,
Qo`lingda dast ko`tarolmaysan.
Kechirsa ham bir kun ayoling,
Sen o`zingni kechirolmaysan.
Musofirning qadri bo`lmaydi,
Musofirning qabri bo`lmaydi,
Musofirning musofirlikdan
O`tadigan dardi bo`lmaydi.
Tish qayrama, yomon dema hech
Seni katta qilgan Vatanni.
Kim deydilar eshigini tepib,
Beshigini buzgan odamni?
Yashnamaydi novda ildizsiz,
Tomiring suv ichgan yerga bor.
Otang qurgan yo`llarni yashnat,
Uy yoniga yana bir uy sol.
Yaxshilik qil, yurtingni yashnat,
Qo`ldan berma shunday imkonni.
Sen hech kimdan kam emassan, bil,
Bolasisan O`zbekistonning!