Bahor kelayotir, Toza, musaffo. Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol. Daralar qo‘ynida zangor bir havo, Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol. Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u Oniy umri bilan sollanar chechak. Bahor - eng pokiza shabbodadir bu, Bahor - eng toza bir shamoldir demak. Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni, Ko‘zimga ko‘ringay dilbar diyorim. Go‘dak nafasidek yupatar yuzni Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim. Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob, Mayli o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin. Azizim, umringda havo bo‘lsin sof, Umring shamollari muattar bo‘lsin...