Ortimdan soyadek yurishar to`p-to`p,
Salomat ekanim ham bir g`animat,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.
Ko`ngil yig`lar, qara ko`zlar tonmoqda,
Ko`kragimga ko`ksing qo`ygin - yonmoqda,
Chayqalib turipti ruhim tamoqda,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.
Ey mening jallodim, ey mehribonim,
Ko`kim tuproq mening, tuproq - osmonim,
Tilimning uchida turipti jonim,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.
Tun deganlari bu - tilsiz bir tilsim,
Tushi to`liq cho`g`mi, o`qmi, kim bilsin?
Tongda turarmanmi-yo`qmi, kim bilsin?..
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.
Jon shunday uzilsa, bu - oson o`lmoq,
Sevsang, sitamingdan o`ldir meni, moh.
Qoshlaring dog` bo`lsin, sochlaring - sirtmoq,
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p.
Bizlar - ojiz banda, ajaldir - hakam,
Oshiqma deb meni, bo`g`magin, erkam.
Bo`sangdan bo`g`ilib o`lay o`lsam ham -
O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p!
Muhammad Yusuf.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев