* * *
Xolis yaxshilik mukofoti
“Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, keyinchalik bergan narsalari ketidan minnat va ozor yetkazmaydigan kishilar uchun Parvardigordan mukofot bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara, 262).
Bu oyat Usmon ibn Affon va Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhumo) haqlarida tushgan.
Faxriddin Roziyning “Mafotihul g‘ayb” nomli tafsirida bunday deyilgan: Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) Tabuk g‘azoti ishtirokchilarini mingta jabduqlangan tuya va ming dinor pul bilan ta’minlaganlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llarini ko‘tarib: “Yo Usmonning Parvardigori, men Usmondan roziman, Sen ham rozi bo‘lgin”, deb duo qildilar.
Qurtubiy tafsirida bu ma’noga qo‘shimcha bor: Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) aytadi: “Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llarini ko‘tarib: “Yo Usmonning Parvardigori, men Usmondan roziman, Sen ham rozi bo‘lgin”, deb tong otguncha duo qilib turganlarini ko‘rdim. Keyin ushbu oyat tushdi”.
Abdurahmon ibn Avf ham saxovatda tengsiz sahobiylardan edi. Bu zot Tabuk g‘azoti uchun to‘rt ming dinor (ba’zi tafsirlarda dirham) berdi va bu bor boyligining yarmi ekanini, qolgan yarmini oilasi uchun olib qo‘yganini ham ma’lum qildi. Qilgan bu xayrli amallari evaziga Payg‘ambarimizning (alayhissalom) “Bergan molingga ham, olib qolganingga ham Alloh barakot bersin”, degan xayrli duolariga sazovor bo‘ldi.
Mo‘‘taziliylar bandalarning amaliga ajr-savob berish Alloh taologa vojib, deyishadi va bu xato tushunchalariga biz tafsirini o‘rganayotgan oyatni dalil qilishadi.
Bu masalada ahli sunnat va jamoa aqidasi bunday: Bandalarning toat-ibodat qilishlari ularga vojibdir (burchlaridir). Burchni ado qilish bilan ajr-savob vojib bo‘lmaydi. Toat qilgan banda Alloh taolo va’da qilgani uchun ajr-savobga sazovor bo‘ladi.
“Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, keyinchalik bergan narsalari ketidan minnat va ozor yetkazmaydigan kishilar...” oyati karimasidagi “minnat” so‘zi tilimizda ham kishi birovga qilgan yaxshiligini birma-bir sanab, yuziga solishi ma’nosida qo‘llanadi. Ba’zi olimlar: “Minnat kishi birovga berganini uning qulog‘iga yetib borib, ozor chekadigan darajada orqasidan gapirishidir”, deyishgan. Minnat qilish katta gunohlardandir. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Uch (toifa) bor, qiyomat kuni Alloh taolo ularga (rahmat nazari bilan) qaramaydi. Ular ota-onasiga oq bo‘lganlar, o‘zini erkaklarga o‘xshatadigan ayollar va dayuslar. Yana uch toifa odamlar jannatga kirishmaydi. Ular ota-onasiga oq bo‘lganlar, davomli xamr (mast qiladigan ichimlik) ichuvchilar va bergan (xayr-sadaqasi, ko‘rsatgan yaxshiliklar)ini minnat qiluvchilar” (Nasoiy rivoyati).
“Ozor” esa, so‘kish va shikoyat qilishni bildirib, minnatdan ko‘ra umumiyroq ma’noga ega. Zero, minnat ozorning bir qismidir. Shunday bo‘lsa-da, minnat qilish ko‘p uchragani uchun u haqda oyat va hadislar kelgan.
Ibn Zayd aytadilar: “Alloh roziligi uchun yaxshilik, ehson qilganing kishiga saloming og‘ir kelayotgan kabi tuyulsa, unga salom berma!”
“...Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” oyati karimasini ulamolar ikki xil tafsir qilishgan:
Birinchisi: Ularning Alloh taolo yo‘lida sarflagan hech bir moli bekor ketmaydi. Uning mukofoti qiyomatda to‘la-to‘kis qilib beriladi. Ular ajrlari berilmay qolishidan xavfsiramaydilar, bu sababli qayg‘urmaydilar ham. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Kim mo‘min bo‘lgan holda ezgu ishlarni qilsa, bas, u zulmdan (qilmagan gunohlarga javob berishdan), kamayishdan (savobi to‘la berilmay qolishidan) ham xavfsiramas” (Toho, 112).
Ikkinchisi: Oyatdan murod “ular qiyomat kunidagi azoblardan aslo qo‘rqmaydilar”dir. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: «Ularni Buyuk dahshat (qiyomat) g‘amgin qilmas. Ularni farishtalar: “Mana shu sizlarga va’da qilingan kundir”, deb kutib olurlar» (Anbiyo, 103).
Olimlarimiz (rahmatullohi alayhim) aytadilar: “Kim Alloh taolo yo‘lida infoq qilsa va ortidan minnatu ozor yetkazmasa, Alloh taolo uning mukofotini beradi. U mukofot jannatdir. O‘lganidan keyingi holatda bo‘ladigan narsalaridan qo‘rquvdan, ortida qoldiradigan narsalarga hasratdan xalos qiladi. Zero, u banda oxiratidan xursand bo‘ladi; “...Ularga Parvardigordan mukofot bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar”.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев