"SOTKA"DA ALDANGAN SULUVLAR
Yigitlar dugonalarimga ham "kola” berishdi. Birinchi bo‘lib, hammadan ko‘p hayajonlanayotgan Potti sipqordi. -Tez ichinglar ketdik, -dedi Potti barmoqlari bilan og‘zini artib. Biz ham ulardan tez qutulish uchun shoshib "kola”ni ichdik. -To‘xtanglar, qizlar! Bitta rasmga olaylik, - dedi ulardan biri. Jahl bilan ortimga burilayotib, yiqilayotgan Pottini ko‘rib qoldim. Sitti ikkalamiz unga yordam berish uchun engashdik. Ammo yigitlar uni daraxtga suyab qo‘yishga ulgurishdi. Shu on negadir ko‘nglim behuzur bo‘lib, shuurim xiralashayotganini payqadim. Ochiqroq joyga intilib, Bahrom akani imlab chaqirmoqchi bo‘ldim. Ana, teskari qarab kiyimlarini kiymoqda. Shavkat aka esa atrofga jovdirab bizni izlamoqda. Unga qo‘limni ko‘tarib, kelinglar, deya ishora qildim. Ko‘rdimi yoki yo‘q, bilolmadim. O‘zimni nechog‘lik ushlashga harakat qilmay, qo‘l-oyog‘imdan mador ketib borardi. Sittini ham daraxtga suyab qo‘ygan yigitlar meni panaga tortishdi. Qolgan voqealarni elas-elas eslayman. To‘sin ortidagi "inomarka” eshigi ochilganini, boshini orqaga tashlab, o‘likdek yotgan Sittining oqargan yuzini, qop-qora tukli, ko‘kish rangda "Borya-1957” degan yozuvi bor baquvvat qo‘lni, qandaydir postda pasportlarimizni sumkadan olib berishgani-yu, mashinalar tirband joyda anchagina to‘xtab, keyin mashina yo‘lga tushganini, uzundan-uzoq cho‘llarni ko‘zimni majburlab ochib, poyoni yo‘qdek tuyulganini eslayman. Ammo begona odamlarga qarshilik qilishga madorim yetmas, gapiray desam ovozim chiqmas edi. O‘zimga kelganimda bizga "kola” ichirgan yigitlar yonimizda yo‘qligini, aksincha, tiliga tez tushunib bo‘lmaydigan, so‘zining oxirida "g‘o‘y-g‘o‘y” deb qo‘yayotgan biri ozg‘in, biri semiz kimsalar bilan birga noma’lum joylarga yeldek uchib ketayotganimizni angladim. Dugonalarim behol uxlab yotibdimi yoki hushidan ketganmi, bilmadim. Faqat ular nafas olayotganini sezardim, xolos. "Tez uyg‘ondingg‘o‘y, shirag‘im”, -dedi rulda ketayotgan ozg‘in, ko‘zlari qisiq, qirq yoshlardagi erkak. -Biz qayerdamiz, kimsizlar? -dedim yuragim taka-puka bo‘lib. -Otangdi uyig‘a emissen, jim o‘tir. O‘zbekistoningdan ham teshqarida, qozoqning ovulig‘a kelyapsen. -Qozog‘istondamizmi, nomardlar qaytaringlar. Bu qanday sodir bo‘ldi? Meni qaylig‘im bor. Dugonalarimni ham, -dedim jon holatda bor ovozim bilan baqirib. Ular pinagini ham buzmadi. Eshikni ochib, o‘zimni pastga tashlamoqchi bo‘ldim. Semiz, ikki yuzi qip-qizil, ko‘zlarining ochiqligi ham bilinmaydigan haydovchining yonida ketayotgan kimsa ilkis o‘girilib, pishillab nafas olib pichoq ko‘rsatdi. -Jag‘ingga erk berma, hamraylaringni bo‘g‘izlab tashlayman. O‘zing ham omon qolmaysen. Tusundingba? Senlar endi qozoqlarning qaylig‘i. Bizda qayliq olib qochiladi. Tek tur. O‘zi ansha sharshatdingg‘uy. Bizning shovqinimizdan uyg‘ongan Sitti ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib: -Guli, Qarshiga yetib kelyapmizmi, bular kimlar? Bahrom akalar qani? Nega yig‘layapsan? -deya atrofga jovdirab, ketma-ket savol yog‘dirdi. -Sitti, ular bizga dori bergan, biz Qarshidayam, O‘zbekistonimizdayam emasmiz. Qozog‘istonga kelib qolibmiz. Bundan ko‘ra avariya bo‘lib, o‘lib ketganimiz yaxshi. Dadajonlarimiz endi nima qilishadi? Aylangani kelmay, "Sotka” tutmay ketaylik. Endi nima qilamiz? Sitti bir og‘iz ham gapirolmay qoldi. Biz hozir faqat yig‘lashnigina udda qilardik. -Hammasiga Potti sababchi, -dedi va hiqqillab yig‘larkan u Pottining yuziga tarsaki soldi. Uyg‘onib ketgan Pottiyam avval ajablanib, keyin ahvolni tushungach, aybdor ekanligini bo‘yniga olib, go‘yo hammasini to‘g‘irlamoqchidek haydovchiga yalina boshladi. -Jon amakilar, bizni shu yerda qoldiriylar. -Bu joylarda qololmiysen, bo‘rilar yeb ketadig‘o‘y. O‘zim senga shirin-shirin taomlar beramen, qimiz ichiramen, shirayli ko‘ylaklar olib beramen. Ata-anang yoding‘a kelmaydi, ko‘rasen, shirag‘im. Uxlag‘o‘y. Yo‘l alis. Biz bir-birimizga suyanib, chorasiz yig‘lab ketardik. Boshimizga tushgan bu mushkulotlarga o‘zimiz aybdormiz. Bizni yo‘qotib qo‘ygan Bahrom akani o‘yladim. Shavkat aka ikkalasi boshini qay devorga urishini, dadamga nima deyishini bilmay turgandir. Biz kaltabinligimiz uchun oilamizdagilarniyam azobga qo‘ydik. Nihoyat, ular qandaydir oq bo‘zga o‘xshash matodan yasalgan uychaga yetib kelib, to‘xtashdi. -Aydana, apke choy-payingdi. Sillamiz quridi, -dedi ular bizniyam tushirib olib kirarkan. -Eving baroridan keptig‘o‘y. No‘ktalanmag‘an suluvlarg‘o‘y? Senga ansha ovur bo‘lg‘andir. Amma, tangani mo‘l olasen. Boyakishlarni hurkib turishini qeraseng-shi. Voy besheralar. O‘zbekning uyini kuydiribsen. Atasi- anasi jilab, jigari jezilayotkandir. Kasbing qursin, Bo‘ri. -Iy, gapni ko‘paytma, Aydana, tahamingdin keltircangshi. Bu suluvlarg‘ayam ul-bul jedir. Jo‘lda horidim. Bolishingdi epke. Belim meyishdi bularni opichaman deb. Hoy Usenbay, neshshi merta eytdim. Mashiningdi artma, deb shang bosib jatuvursin. Beqqa ke. Shoyingdi ish, qorindi qappaytir. Tursenbeydi ovulig‘echa ichaging shapak shalmay tursin. Tusundingba. Elinglar, shiraqlarim. Biri-biridin suluv-a, o‘zbekting balasi. Bir qeshiq suv bila yutqung keleberadi. Jilama. Yazug‘ingga ko‘nasan. Men senlarni bilibmidim, senlar meni bilibmiding. Barisi yazug‘ing. Men uchun esa tirikchilik. Oltita balamdi baqishim kerak. Jilama. O‘zingdiki o‘zekdoningga tepdig‘o‘y. Begenadan o‘pkelama. -Je, Bo‘ribay, Shimkentti bazaridan olib keldim. Ezilib uvol bo‘lmasin, -deya ayol bir tovoq qulupnay ko‘tarib kirdi. Yoz kunlari bo‘lganligi uchunmi, biz shuncha yo‘lni bosib o‘tsak-da, endi qosh qoraya boshlagandi. -Ovqat yenglar, -dedim hali-hanuz yig‘layotgan qizlarga. Qochib ketishimiz uchun kuch kerak. -Bu Bo‘rilar changalidan chiqib ketolamiz, deb o‘ylaysanmi? -dedi Sitti ko‘zlari chaqnab. -Umidsizlik shaytonga xos. Lekin yo‘lni bilmasak yana boshqalarini qo‘liga tushamiz. Dugonalarim ko‘zda yosh bilan ovqat yeyishga tutindi. Ularning ham tomog‘idan non zo‘rg‘a o‘tayotgani menga ayon edi. -Uyimizdan shunchalik uzoqdamizki, hech qachon yetib borolmasak kerak. Guli, seni dadang aqlli odam ekan. "Sotka” olib bermayman, deb qancha qaysarlik qilgandilar. Pottinikilar ham olib berishmasaydi. Pottini deb do‘zaxga tushib o‘tiribmana, -dedi Sitti g‘azab bilan.Mung‘ayib o‘tirgan Pottiga rosa rahmim kelib ketdi. -Uni tinch qo‘y, Sittijon. Hozir bir-birimizga zahar sochganimizdan foyda yo‘q. Undan ko‘ra, reja tuzishimiz kerak. Begona joyligi bilinyapti. Qaysi tarafga qochsak ham o‘z yurtimizga o‘tolmaymiz. Mana bu ayol yordam bermasmikan? -Qaydam, o‘zi shularni sherigiga o‘xshaydi- ku. Yuz-ko‘zida ma’ni yo‘q. Tashqariga chiqish bahona ayolga yaqinlashdik. Hech kim bizni qochib ketadi, deb cho‘chimadi. Atrof zim-ziyo. Huvillagan dalada faqat shu ayolning uyi bormikan? -Xola, sizzi hamsoyalaringiz yo‘qmi? Bir o‘zingiz qo‘rqmaysizmi? -Meni pishak jeydimi, puchuqlarim. O‘tovni bahorda tikkanman. Ichidagi kashta-yu quramalarni ko‘rdingba? Shiroyli-a? Ushta merdikor qizdi ishlatganman. Ulerem senlardi "zemlyachka”laring. -Zo‘r o‘tov ekan. Bizdayam ba’zi joylarda bor, deyishadi. -Xola, bu taraf qayerga olib boradi? Bu tomonda nima bor? -Umid qilma. To‘rt terafam seni yurtingg‘a olib bormiydig‘o‘y. Yaxshisi, ularning gaplarig‘a kirib, qobilg‘ina bo‘lib juringlar erga berib juboradi. Ager yengiltaklarg‘a qo‘shsa, ahvollaring xarob bo‘ladi. Turgan-bitganing aqsha senlardi. Ming yalvor qo‘yib jubormiydi. Esli qiz bo‘lsanglar, enangdi etagini tutib o‘tirayding. Har kim bularding qarmog‘iga baliqdek "lop” etib tushmiydig‘o‘y. Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq ne qilur. Kirib o‘tovda o‘tirag‘oy. Bar. Ayol iddao bilan qo‘lini beliga tirab o‘choqboshiga ketdi. Tuni bilan biz o‘tovda qoldik. Aydana bizni sergaklik bilan kuzatib,o‘ziga ostona yaqiniga joy to‘shab yotdi. Erkaklar esa bosh ko‘tarmay, xotirjam xurrak tortib uxladi. -Turag‘oy, turseng-shi, Bo‘ribay, birov kep, ishingdi beliga tepmesin. Bunda o‘zbeklar ko‘p keladig‘o‘y. Nehs besib jotma. Aqshamni berda, tuyag‘ingdi shiqqilet. Uch yuz tenga berasin, tusundingba. Kechasi bilan opcharka itdiy qo‘riqlab shiqdim. Senler tosh qotib uxleding. Ayol har birimizga yuz tanga olgachgina gapirishdan to‘xtadi. Biz yana yo‘l yurdik. Endi mashina ichkarilab chap tarafga qarab kirib borardi. Biror to‘g‘ri, tekis yo‘lni ko‘rmadim. O‘nqir-cho‘nqirlar battar ko‘payib silkinib-silkinib ketardik, silkinib-silkinib yig‘lardik. Negadir biz borayotgan joylarda aholi yashamayotgandek edi. Bug‘doyi o‘rib olingan dalalar, yantoqli tepaliklar,paxta ko‘m-ko‘k o‘sgan paykallar ko‘zga tashlanib qolardi. Odam zoti ko‘rinmaydi-yu, gumbazchalar qilingan qabristonlar tez-tez uchrardi. Yarim kunlar yurib, tushga yaqin shiyponga o‘xshash joyga keldik. Bu joylar chegaraga o‘xshardi. Baland tikanli simlar qoplangan. Ikki ko‘zim to‘rt bo‘lib, atrofni kuzatardim. Bir joyga yetib keldik. Simlar ham yo‘q. Tagi ko‘rinmaydigan ko‘lmi, zovurmi? Yaxshilab ko‘rolmadim. Ular bizga hojatga borsang, panaga o‘t, deb bir qamishzorni ko‘rsatdi. Biz ham ila-chila ular ko‘rsatgan tomonga bordik. Bundan o‘n-o‘n besh kilometr narida bayroq hilpirardi. Nazarimda u bizning bayroq deb o‘ylardim. Sim bilan o‘ralmagan joyga tikilib qoldim. -Hushyor bo‘l, shirag‘im. Bu tomonga qaramanglar. Bu joylar shunday chuqurki, odam bolasi o‘tolmaydi. Suv chuqur. Ajal ko‘li bu. -Qo‘shqor ota emasmi? -Hayda, shelpengquloq, Qo‘shqerligini bilmiysanba? Biz yana 10 daqiqalar ichkariladik. Tikanli simlar ham ortda qoldi. Qandaydir shiyponga o‘xshash uzun uy yonida to‘xtadik. -Endi esli qiz bo‘linglar. To‘palon qilgan qizlarni urib-tepkileshedi. Biz indamay mashinadan tushdik. -Qizlar qochsak, boya tushgan tarafga qarab qochamiz. Yuragim sezyapti. Chegaradan naryog‘i bizniki, -dedim dugonalarimga. Biz tushgan joy qiz bozori ekan. Xilvat joyda joylashgan bu uyga chegaraning aylanma yo‘llaridan o‘tib, ixtiyoriy kelganlar, majburan keltirilgan ayollar, qizlar ham bor. Qozoq, o‘zbek, tojik, rus millatiga mansub qizlar ko‘rgazmaga qo‘yilgandek qaqqayib turishibdi. Mashinalarda birin-ketin kelib-ketayotganlar ularni savdolashib, tanlab olishyapti. Tashqaridan ko‘rimsiz tuyulgan bu uyda xilvat va hashamdor xonalar ko‘p. Fahsh botqog‘iga botgan bu iflos go‘shada holimiz nima kechadi? Undan ko‘ra otib tashlashgani ma’qul emasmi? Dugonalarimga qarab, bir kilometr narida turgan Qo‘chqor ota ko‘liga ishora qildim. Biz biroz taraddudlanib, qocha boshladik. Atrof- dagilar tomosha qilib turardilar. Puli kuygan haydovchi bilan Bo‘riboy semiz bizni quvlardi. -Ov, tek tur. To‘xta, -derdi ular. Men ortiq orqaga qaramay qo‘ydim. Sitti bilan Pottiyam bir necha qadam ortda chopib kelyapti. Yiqilib- surinib boyagi joyga yetib keldim. Pastga qarab boshim aylanib, ko‘zim tinib ketdi. Juda chuqur bo‘lganligidan suv zo‘rg‘a ko‘rinib turardi. Nazarimda biz 50-60 metr balandlikda edik. -Qo‘lga tushdingbi, -qozoqlar hansirab, yugurmasdan kela boshladi. -Guli, buncha chuqur ekan. Sakrolmaymiz, - dedi Sitti bilan Potti qo‘rqib. Nima qildik endi, qayoqqa qarab qochamiz. Ular jarlikdan qo‘rqib boshqa tarafga qocha boshladilar. Kelishib olishni hech iloji yo‘q edi. Men o‘z hayotim uchungina tavakkal qilishim, o‘limga tayyor turishim mumkin. Ular buni o‘zlari hal qilishlari kerak. Ozroq ortga tislandim-u, ko‘zimni yumib tashladim. YO hayot, yo o‘lim. Dugonalarimning chinqirgani, erkaklarning g‘o‘ldiragani eshitildi. So‘ng qulog‘im bitib, shang‘illab qoldi. Men qushdek pastga qarab uchayotgan edim. Ha, men tubi ko‘rinmayotgan ko‘lga qulayotgan edim. Nahotki o‘lim bilan hayot oralig‘i bir nafas bo‘lsa... Endi bu noma’lum ko‘lning noma’lum ruhiga aylanamanmi? Xudoyim, men bilan birgamisan? Hali ko‘p gunoh qilishga ham ulgurmadim-ku! Jannatingdan joy berarmikinsan? Hech bo‘lmasa, momomning yoniga qo‘yarmikinsan? Bir o‘zim endi nima qilaman? Hatto, Qarshidagi qabristonni ham menga ko‘p ko‘rdingmi? Kalima keltirishniyam bilmayapman. Ayajon, endi sizni ko‘rolmaymanmi? Ko‘z o‘ngimda bir ota-onam, bir maktab, kollejdagi ustozlarim, Bahrom aka, Toshkentlik yangam va yo‘lak supurayotgan kelinchak gavdalandi. Yana dadajonim endi esimni taniy boshlaganimda keltirgan katta, chiroyli qo‘g‘irchog‘im! Anchadan beri cherdakda yotgan bu qo‘g‘irchog‘im, ikki qo‘lini cho‘zgancha keraksiz buyumlar orasidan uni olishimni so‘rayotgandek mo‘ltillab turardi. Qanchalar beoqibat ekanman-a. Uni shuncha yil o‘ynab, bir chekkaga itqitibman. Chiroyli qilib yasantirib, tryumamni yoniga qo‘ysam bo‘larkan. O‘zim o‘lim yoqasidaman-u, o‘ylagan narsamni qarang. Qo‘g‘irchog‘imning taqdirini o‘ylab- o‘ylab, suvga qarsillab tushganimni sezmay qolibman. Bo‘g‘zimni to‘ldirayotgan suv cho‘kayotganimni, so‘nggi nafasimni olayotganimni bildirardi. Shu payt qayerdandir kuch enib, qo‘llarim harakatlana boshladi. Momomning bulutdek ro‘moli meni tepaga tortardi. Suv yuzasiga chiqib, entikib nafas oldim. Bir zum qaysi tomondan o‘zimni ko‘lga otganimni bilmay turdim. Chunki, tepani ko‘rib bo‘lmasdi. Ko‘lning narigi, olis tomonida momom ko‘rindilar. Nima bo‘lsa bo‘lsin. Momomning ruhlari yo meni qutqaradi yoki o‘zi bilan olib ketadi. Men tayyorman, momojon! Sizni juda sog‘inganman. Bir zum bag‘ringizga bosh qo‘yish uchun hammasiga tayyorman. Bor kuchim bilan o‘sha tarafga suzaverdim. Bir cheksizlik ichiga tushgandek edim. Na vaqtning borligini bilardim, na sohilni. Momomning oppoq ro‘molidan boshqa hech narsa yo‘q edi. Ko‘zimni yumdim, chunki judayam uyqu bosayotgandi. Shu payt soatning sekundiga qarab, bir qo‘lida hushtak bilan turgan trenerim ko‘rindi. Juda qattiqqo‘l. Imillaganim uchun bir gal jahli chiqib, yuzimga tarsaki tushirgandi. O‘sha tarsaki yuzimni yondirgandek bo‘ldi. Ko‘zimni ochib, yana suzishni davom ettirdim. Nazarimda ming yil, million yil suzgandek bo‘ldim. Nihoyat, qirg‘oq ko‘rindi. Beixtiyor bo‘shashib ketdim. Bilaklarim harakatdan to‘xtadi. Yana bo‘g‘zimni suv to‘ldirdi. Jon talvasasida harakatlanib, qirg‘oqqa yaqinlashdim. Bu mo‘jiza edi. Tirmashib tepalikka chiqa boshladim. Ammo juda nishab joy ekan. Yana suvga qaytdim. O‘n metrcha suzib, tepaga chiqishga qulayroq joyni mo‘ljalladim. Tirik qolganimning o‘ziyoq menga kuch bag‘ishlagandi. Endi men o‘limdan juda qo‘rqardim. Egni-boshim loy-tuproq, yantoqlar ilashgan, tanamni nimalardir tilib tashlagan. Ko‘ylagim ham uzilib tushayozgan, yirtiq ahvolda ko‘lning tepasiga chiqib oldim. Oyoqqa turolmaganim bois, xuddi ilondek sudralishdan o‘zga choram yo‘q edi. Tepaga chiqdim-u, pastga enishning uddasidan chiqolmadim. Yumalab ketdim. Keyin nima bo‘lganini eslay olmayman. Qandaydir shifoxonada ko‘zimni ochdim. Dastlabki xayolimga kelgan narsa egnimda nimadir bormikan, kiyimlarim titilib ketgandi, kim meni o‘sha ahvolda ko‘rdiykan, degan xijolatomuz o‘y edi. Hamshira, ko‘zimni ochganimni bilaman, qayergadir yugurib ketdi. Toza sharmanda bo‘libman-u. Kimdir meni kiyintiribdi. Ikki qo‘limni qimirlatolmadim. Bint bilan bog‘langan. Demak, tirikman. Quvonish- quvonmaslikni ham bilmay qoldim. Egnida forma kiygan, oq xalatni yelkasiga tashlab olgan yoshgina yigit, hamshira bilan kirib keldi. -Umrim bino bo‘lib, bunday jasur qizni ko‘rmaganman. Juda omadli ekansan-ku. Erkaklar ham o‘tolmaydigan ko‘ldan qanday suzib o‘tding? Xudo qiz bersa, sendek uddaburon bo‘lishini istardim. Xo‘sh, qizaloq! Odam yursa oyog‘idan, qush o‘tsa qanotidan ayriladigan ko‘l bo‘yiga qanday borib qolding? Savollarim seni qiynab qo‘ymaydimi? -O‘zbekcha gapiryapsiz, men O‘zbekistondamanmi? -Iye, avval mening savollarimga javob bering, demoqchisan-da? Ha, O‘zbekistondasan. Sirdaryodagi shifoxonadasan. Bugun bu yerga keltirilganingga uch kun bo‘ldi. Faqat alahsirab yotganing uchun seni gapga tutolmadim, kimligingni bilolmadim. Chegarani qo‘riqlayotgan akalaringga ming rahmat. Seni ular behush holda topib olishgan. Manzilingni bilsak, yaqinlaringni chaqirgan bo‘lardik. -Dadam, bechora dadam. Telefon qiling. Tezroq. U kishiga raqamni aytdim. Fikrimni bir joyga to‘plolmay, yig‘lab yubordim. Leytenant raqamni terib, xonadan chiqib ketdi. Bexos dugonalarim yodimga tushdi. Ularning ahvoli nima kechdiykan? O‘rnimdan turishga harakat qildim. Biroq, oyoqlarim ham menga bo‘ysunmasdi. Birozdan so‘ng biroz asabiylashgan, jiddiylashgan, xavotirga tushgan leytenant yana kirib keldi. -Dugonalaringga yordam kerakdir? Tezroq nima bo‘lganini gapirib ber. Dadang yo‘lga tushdilar. Hademay yetib kelishadi. Uch-to‘rt kun oldin yo‘qolgan uchta qizning biri ekansan-da? Suratlaringiz hamma postlarda yopishtirilgan. Men o‘zimni tutolmay, yig‘lardim. -O‘pkangni bosib ol. Dugonalaringning ota- onasiniyam o‘yla. Leytenantning endi jahli chiqqan, bir joyda turolmasdan xonaning u boshidan bu boshiga yurar, goh deraza raxiga qo‘llarini qo‘yardi. Betoqat bo‘layotgan bu insonga boshimdan o‘tgan voqealarni qanday aytishni, gapni nimadan boshlashni bilmasdim. Men "sotka”dagi tanishuvdan gap boshlamasam, tushuntirib bo‘lmasligini anglab, telefon tutgan kunimdan gapira boshladim. "Hammasiga "sotka” aybdor. Ungacha hayotimiz bir zaylda edi... Qolgan gaplarni siz yaxshi bilganingiz uchun qaytarib o‘tirmayman. Tergovchi bilan qariyb uch soatlar suhbatlashdik. Ora-sira u kimlargadir topshiriq berar va topshiriq olardi. Avval yigitlarning, keyin dugonalarimning tashqi qiyofasini yaxshilab tasvirlab berdim. So‘nggida ko‘lning narigi yog‘ida joylashgan "qiz bozori” va uning joyi o‘zgarib turishi mumkinligini aytdim. Chunki, Bo‘riboy chorshanba bozoriga, ovi yurishmasa payshanba bozoriga olib chiqaman, deb Aydanaga aytgani qulog‘imga chalingandi. Birozdan so‘ng ukollar ta’sirida charchab, uxlab qoldim. Qandaydir shovqin-u, to‘polonlardan seskanib, uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochishgayam yuragim dov bermadi. Sal ko‘zim ilindimi, Bo‘riboy bilan sherigi meni quvlardi. "Ko‘zingni och bolam, ayangman”, degan qadrdon ovozni eshitib, qo‘rquvni unutdim. "Ayajon, mehribonim, meni qutqaring” - deganimni o‘zim ham bilmay qoldim. "Iltimos, bitta-bitta kiringlar, shovqin ko‘tarmanglar” -dedi
oq xalatli shifokor. Bilishimcha ortimdan ikki mashina odam kelgan. Sitti bilan Pottining ayalari shifokorning gapiga ham quloq solmasdan yonimga kelishdi. -Sittijon qayerda, tirikmi, nega birga qochmadi? Fotimaga nima bo‘ldi, tezroq gapir, qizim? Adoyi tamom qildilaring-ku. Nima deyishimni bilmay qoldim. Bundan ko‘ra, ular bilan qolganim osondek tuyulardi. -Ular ko‘lga sakrashga qo‘rqishdi. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Agar sakrashsayam o‘lgan bo‘lishardi. Chunki, suzishni bilishmaydi, - dedim. Ayam meni qo‘llarimni ushlab ko‘rar, paypaslardi. Hamshira uning holatini ko‘rib, taskin berdi. "Ko‘p harakatlanganidan mushaklar zo‘riqib, shishib ketgan. Vaqt o‘tib, yaxshi bo‘lib ketadi.” Dugonalarimning onalari hiq-hiq yig‘lagancha, leytenantga ergashib chiqib ketishdi. Shu payt dadajonim keldilar. -Bitta to‘g‘ri ish qilgan ekanman, seni suzishga qo‘yib. Treneringga rahmat. Sensiz ado bo‘ldim, qizalog‘im, -dedilar boshimni silab. -Kechiring, dada. Bekor «sotka» olib bering, deb gapingizni ikki qilibman. Men ota pandiga quloq solmagan qizga parvardigorning o‘zi jazo berdi. -Unday dema, parvardigor seni bizga qaytarib berib, himmatliligini ko‘rsatdi. Yur, ayasi,
buni hujjatlarini to‘g‘irlaylik. Olib ketamiz. Ayamning ortidan qarab qoldim. Quchay desam, qo‘llarim ishlamayapti, boray desam oyoqlarim. Notavonga aylandim-qoldim. Eshikdan Bahrom akam kirib keldilar. Ko‘zlarida yosh. "Men aybdorman, kechirolsang kechir, Gulijon” deya karovatim yoniga o‘tirdilar. Juda horg‘in. -Qarshida duv-duv gap bo‘lib ketdimi? -Mahallada, degin. -Endi nima bo‘ladi? To‘y nima bo‘ladi? Ota- onangiz nima deyishadi? -Bir gap bo‘lar. Muhimi, sog‘ayib ketsang bo‘lgani. Ular qo‘limga tushsa, sog‘ qo‘ymayman. Qanday qilib, o‘zingni o‘ldirishga chog‘landing, Gulijon! Suzib o‘tolmasang, meni kuydirarding- ku!? -Tirik qolib, ularning changaliga tushganimdan ko‘ra, o‘lganim yaxshi, -dedim. Ular meni sotib yuborishmoqchi edi. Keyin sizning yuzingizga qanday qarardim. O‘lganim ma’qul edi-da. Bahrom akaning yuzlari yorishdi. -Xayolimga nimalar kelmadi, Gulijon! Meni or-nomusimni o‘ylab, o‘limga tik boribsan, men bo‘lsam, noshudlik qilib seni yo‘qotib qo‘ydim. Men senday qizga arzimas ekanman. Yosh bo‘la turib, buncha aqlli ekansan. Bahrom akam siniq jilmaydi: -O‘zim davolataman, doim boshimda ko‘tarib yuraman. Bilib qo‘y, har qanday sharoitda ham senga uylangan bo‘lardim. Chunki dadangning omonatini eplolmagandim. -Agar qo‘l-oyog‘im ishlamay qolsa-chi? -Baribir, seni kichkinaligingdan yaxshi ko‘raman. Ko‘z ostimga olib yurgan yagona qiz- sensan. Bu gaplardan kayfiyatim ko‘tarildi. Demak, Bahrom akam shunchaki emas, sevgani uchun uylanyapti ekan. Men bo‘lsam... -Nega yana xafa bo‘lyapsan? -dedilar. -Dugonalarim yodimga tushib ketyapti. -Sitoraning dadasi yurak xuruji bilan shifoxonada yotibdi. Seni dadang ham tabletka ichib yuribdi. Yomon bo‘ldi. Bir gap aytaymi, dadang Shavkat aka ikkimizni rosa tepkiladi. O‘ziyam shunga yarasha ish qildik-da. Meni olib, Qarshiga qaytishdi. To‘g‘ri shahar shifoxonasiga joylashtirishdi. Bu orada o‘sha "sotka”dan tanishgan yigitlarni qo‘lga olishibdi. Ular oltmishga yaqin qizlarni, juvonlarni qozoqlarga sotib yuborishgan ekan. Bo‘riboy bilan uch-to‘rt yildan beri shu "biznes” bilan shug‘ullanishgan. Aytishlaricha, ular begonamas, o‘zlari aytgandek Chiroqchi taraflardan ekan. Endi men ishonaman. O‘z qo‘shnisini, hamqishlog‘ini pul evaziga sotib yuboradigan nokaslar oramizda borligiga. Agar boshimdan o‘tmasaydi, bu bir lof-da deb, ishonmagan bo‘lardim. Hatto, yigitlar ham pul topaman deb, odamfurushlarning qo‘liga tushayotganiga endi ishonaman. Bir lahzada hayoti ostin-ustun bo‘lib ketgan o‘lim yoqasiga borib qaytgan qizning gaplariga siz ham beparvo bo‘lmang. Yana "sotka” tutayotgan qizlarga ham bir og‘iz gapim bor. Tanimagan yigitlar bilan gurunglashmang. Ular ehtimol, odam savdosi bilan shug‘ullanar, ehtimol narkomandir, balki yoshi katta erkakdir. Har qanday sharoitda ham ota-onangizga ishoning. Faqat ular bizni aldamaydi. Yana sport bilan shug‘ullanishni unutmang. Ular hayotda asqotishi mumkin. Dugonalarimni so‘rayapsizmi? Ular ortga qaytarilgan qizlar orasida yo‘q edilar. Eng og‘iri - men endi har kun Sitoraning eshigi yonidan o‘tyapman. U Bahrom akamga qo‘shni-ku. Dugonalarim qaytarmikan? Ularga o‘sha kelinchakdek kimnidir yo‘lagini supurish nasib etarmikan? Bu mening qalbimga bir umrlik armon bo‘lib qolsa kerak. Ota-onalari hali yo‘l qarab, qizlarini kutishyapti. Ishqilib, ular sog‘- salomat qaytishsin-da...
Hafiza EGAMBERDIYEVA.

Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 113
http://m.odnoklassniki.ru/dk?st.cmd=altGroupMain&st.groupId=51752299856000&_prevCmd=userAltGroups&tkn=5346