Bizlarga Imomi A’zam, Abu Haniyfa nomlari ila tanish bo‘lgan hanafiy mazhabining asoschisi bo‘lgan bu imomning ismlari No‘‘mon ibn Sobitdir. U kishi qoldirgan ilmlari, ko‘pchilikka o‘rnak, ibrat bo‘ladigan hayotlari bilan qiyomatgacha unutilmagay inshaalloh.
Abu Haniyfa rohmatullohi alayhining hayotlarini o‘rgangan kishilardan, ishonchli olimlardan u kishi haqida ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Biroq afsuski ba’zi bir kimsalar u kishini ulug‘layman deb nafaqat Imomi A’zamga, balki hech bir musulmonga xos bo‘lmagan sifat ila u kishini sifatlamoqdalar. Masalan quyidagi rivoyatni olib ko‘raylik:
Bir kishi Abu Haniyfani «bu kishi kechasi bilan namoz o‘qib chiquvchi kishi» deb ta’riflabdi. Shunda u kishi «Yo‘q, men unday emasman. Ammo Allohga qasamki, gaping yolg‘on bo‘lmasligi uchun bundan buyon shunday qilaman» debdilar. Va shundan so‘ng qirq yil davomida xufton namozi uchun qilgan tahoratlari bilan bomdod namozini ham o‘qibdilar. Ya’ni qirq yil kechani ibodatda bedor, namoz o‘qib o‘tkazgan emishlar.
Zohiran qaraganda juda yaxshi sifatga o‘xshaydi. Ilmsiz kishi darrov ishonadi, Abu Haniyfa rohmatullohi alayhini ulug‘lovchi rivoyatdek tuyulmoqda-da.
U kishi haqida yuqoridagidan boshqa shunga o‘xshash rivoyatlar ham bor. Masalan «kechasi bir oyoqda namoz o‘qib Qur’oni Karimni xatm qilar ekanlar» degan rivoyat ham shular sirasidandir.
Bularning barchasi bo‘hton! Nega deganda bu ishlar sunnatga xilof ishlardir. Buyuk bir mazhab asoschisi, mujtahid inson nahotki bu sunnatga amal qilmagan?! Yoki u kishiga bu haqidagi rivoyat yetib bormagan deysizmi?
Anasdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Uch nafar kishi Rasululloh solallohu alayhi va sallamning xotinlari uylariga kelib, u zotning ibodatlari haqida so‘rashdi. Qachonki, ibodatlari haqida xabar berilganida, ular (o‘zlarining amallarini) oz sanab: «Biz qayerda-yu u zot (qayerdalar), holbuki u zotning avvalgi-yu keyingi gunohlari kechirilgan bo‘lsa», deb ulardan biri: «Men hamisha kechasi namoz o‘qiyman», dedi. Ikkinchisi: «Men umrbod ro‘za tutib, (kunduzi) og‘zimni ochmayman», dedi. Uchinchisi: «Ayollardan chetlanib, hecham uylanmayman», deb gapirib turganida, Rasululloh solallohu alayhi va sallam ular huzuriga kelib: «Sizlar shunday-shunday, deb aytdinglarmi? Allohga qasamki, barchalaringizga nisbatan Allohdan qo‘rquvchi va taqvo qiluvchingizman. Lekin (gohida) ro‘za tutaman va (gohida) og‘zim ochiq bo‘ladi. (Gohida) namoz o‘qiyman va gohida uxlayman. Va xotinlarga uylanaman ham. Kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», dedilar.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Nafl ibodat qilishga juda o‘ch bo‘lgan uch kishining biri «Men hamisha kechasi namoz o‘qiyman» demoqda. Rasululloh solallohu alayhi va sallam esa bu ishni rad qilib, «(Gohida) namoz o‘qiyman va gohida uxlayman.» dedilar va so‘zlarining so‘ngida «Kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», dedilar. Rasululloh solallohu alayhi va sallamning «Mendan emas» degan so‘zlari mening ummatim emas deganlaridir. Abu Haniyfa rohmatullohi alayhi buni bilmaganlarmi?!
Ulamolarni hurmat qilish, ularni ulug‘lash yaxshi. Ammo ularni ulug‘layman deb asli ma’lum bo‘lmagan, yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa ochiq-oydin yolg‘on bo‘lgan rivoyalarni tarqatib yurmaylik. Zero,
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining har bir eshitgan narsasini gapirmog‘i yolg‘onchi ekanligiga kifoya qiladi», dedilar.
Imom Muslim rivoyati.
G‘iyosiddin Muhammad Yusuf tayyorladi.


Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев