Ijtimoiy qo’rquvlarning yana bir qiziq ko’rinishi – yolg’izlikdan qo’rqishdir.
Men bunda xonada yoki uyda yolg’iz qolish fobiyasini nazarda tutmayapman.
Yolg’izlikdan qo’rqish – hayotda o’z hamrohini topa bilmaslikdan yoki atrofdagi odamlar e’tiboridan mahrum bo’lishdan qo’rqishdir.
Bu qo’rquv zamirida odamning muloqot va jamiyat a’zosi bo’lish ehtiyoji yotadi. Odamzodga nimagadir, u har doim kimgadir kerakligini bilish juda zarur. Bunday tobelikka hammamiz moyilmiz – buni hech kim rad eta olmaydi. Aslida, bu biz o’ylagandan kuchliroq tobelik – zamonaviy aloqa vositalari buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga a’zo bo’lgan, bir kunda bir mahal u yerga kirib turmasa, o’zini yomon his qiladigan odamlar qanchaligiga e’tibor bering. Bularning hammasiga yolg’izlikdan qo’rqish majbur qiladi.
O’z-o’zicha bu qo’rquv hech bir zarar keltirmaydi – u, bir jihatdan, tabiiy qo’rquvga asoslangan. Yakka odam o’zini xavf ostida sezadi – shuning uchun biz har doim guruh ichida bo’lishga intilamiz. Ammo agar bu qo’rquvga erk berilsa, odam o’z erkinligidan va ko’ngil xotirjamligidan mahrum bo’lishi mumkin.
Bu qo’rquvning bir alohida zarari bor – unga balog’at yoshidan o’tgan va hali turmush qurmagan qizlar juda moyil. Ishonchli va munosib umr yo’ldoshini topish ilinji qizlarda yolg’izlikdan qattiq qo’rqishga sabab bo’ladi. Bunda shoshilinch va o’ylamasdan qilingan tanlovlar oxir-oqibat qizning hayotini azobga aylantirishi mumkin.
Esingizda bo’lsa, sizga bir odamning baxti boshqasiga bog’liq qilib yaratilmasligini aytgandim. Shunday ekan, siz kutgan odamni topish va u bilan birga bo’lishga intilishda o’z qo’rquvlaringiz sizni ko’r va kar qilib qo’yishiga yo’l qo’ymang. Ish vaqtidan o’tgandan keyin “ko’zim qayoqda edi” kabi nadomatlar yordam bermaydi. Bu dunyoda siz va faqat sizga atalgan baxt bor – uni hech kim tortib ololmaydi. Siz uning uchun kurashishingiz shart emas – uni yo’qotib qo’yishdan yoki unga yetolmay qolishdan qo’rqmang.
Yolg’izlikdan qo’rqishning bir ajoyib asorati bor – bu o’z-o’zidan qo’rqish holati. Odam o’z hayoti uchun qaror qabul qilish o’ziga qolib ketishidan qo’rqadi. Bunga sabab u o’ziga o’ta ishonmasligida va o’zini o’z hayotini boshqarishga loyiq sezmaganida. Anglab turganingizdek, bunday qo’rquvga aybdorlik tuyg’usiga chalingan odamlar moyil.
Odam tabiatining xavfsizlikka intilishi yana bir ijtimoiy qo’rquvni keltirib chiqargan – bu o’zgarishlardan qo’rqishdir. Eski va sinalgan hayot tarzi, tushuncha va qadriyatlar juda ishonchli – yangi narsalar esa hali o’rganilmagan, noma’lum. Esingizda bo’lsa, har qanday qo’rquv ortida noma’lumlik turardi. Biz yangicha narsalarni har doim shubha va ehtiyotkorlik bilan qarshi olamiz – bunga bizni o’zgarishdan qo’rqish majbur qiladi.
O’zgarishlardan qo’rqish har zamonda jamiyatning moddiy rivojlanishi va ma’naviy o’sishiga to’sqinlik qilgan narsa. Bugungi kunda biz ilmiy haqiqat deb
biladigan narsalar bir zamonlar odamlar orasida tan olinguncha asrlar o’tib ketgan. Yer Quyoshning atrofida aylanuvchi sayyora ekanini tan olguncha odamlarga bir yarim ming yil kerak bo’lgan – vaholanki, shunday bo’lishi mumkinligi miloddan avval aytilgan. Kapernik buni isbotlab bergandan so’nggina jamiyatning buni tan olishdan boshqa chorasi qolmagan. Endi tasavvur qiling, bu haqiqat o’sha miloddan avvalgi zamonlardayoq qabul qilinganida hozirgacha uning asosida qancha kashfiyotlarga ulgurilgan bo’lardi.
Ijtimoiy qo’rquvlarning yana juda ko’plab turlari mavjud. Ularning har biri o’ziga xos tobelikni keltirib chiqaradi. Misol uchun, qashshoqlikdan qo’rqish pulga va o’z ish joyiga (yoki ish beruvchisiga) tobelik holatiga olib kelishi mumkin.
O’zingizda qanday qo’rquvlar borligini va ular qanday tobeliklar keltirib chiqarishini tahlil qilishni o’z ixtiyoringizga qoldiraman. Ishonchim komil – o’zingizdagi barcha qo’rquvlar manbaini aniqlab, shaxsiyatingizni ulardan tozalab tashlashga shaxsiy kuchingiz yetadi.
Men sizga, yaxshisi, tabiiy qo’rquvni bir oz jilovlash usullari haqida aytib beray. Faqat, avval siz kitobdan bir soatga chalg’ib, dam olib qayting. Bizni oldinda yana-da qiziqarli suhbatlar kutmoqda.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев