Omadsizlikdan (yoki xato qilishdan) qo’rqish – tanqiddan qo’rqishning alohida ko’rinishi. Bunda odam o’z maqsadlari va rejalarini shubhalar bilan cheklab oladi va o’z imkoniyatlarini to’liq namoyon qila olmaydi. Bu tuyg’u bekamlik kompleksiga chalingan odamlarga xos – ular o’z ishlari kamchiliksiz bo’lishini istaydilar va xatolardan azbaroyi qo’rqadilar.
Har birimiz har qadamda qandaydir qarorlar qabul qilib yashaymiz – bizning hayotimiz to’lig’icha qarorlardan iborat desa ham bo’ladi. Ba’zida oldimizga muhim maqsad qo’yamiz-u, natija biz kutgandek bo’lmaydi va biz tushkunlikka tushamiz. Ba’zida esa arzimas deb o’ylagan qarorlarimiz hayotimizda katta o’zgarishlarga sabab bo’ladi.
Navbatdagi sirdan boxabar bo’lishga tayyormisiz? Buni qarangki, hayotda omad yoki omadsizlik degan narsa yo’q ekan. Ularni odamlar o’ylab topgan – agar hayot biz aytgan reja bo’yicha borsa, buni omad, agar shu rejadan og’ib ketsa – buni omadsizlik deb ataymiz. Xo’sh, o’sha rejalarni kim tuzadi? Albatta, bizning aqlimiz. Aql hayotiy vaziyatlarni o’z intilishlariga mos kelish-kelmasligiga qarab, omad-omadsizlikka ajratadi.
Ammo aqlning bu ishi juda kulgili. Chunki u omadsizlik deb atagan narsa natijada bizga katta foyda keltirishi va aksincha, u omad deb baholagan voqea juda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunga hayotda juda ko’p misollar mavjud – o’zingiz ham bunday vaziyatga duch kelgansiz.
Ishingizning natijasi qanday bo’lishi sizning ahdingizga bog’liq. Agar ish boshidan o’zingizga to’liq ishonib, o’z imkoniyatlaringizni shubha tarozisida o’lchamasangiz – hammasi siz aytgandek bo’ladi. Bordi-yu, ishga qo’l urmay turib, uning natijasidan qo’rqsangiz – bundan sizning ahdingiz bulg’anadi va ish chappasiga ketishi katta ehtimolga aylanib qoladi.
Undan keyin, xato qilmaslik uchun – hech narsa qilmaslik kerak. Xato qilish esa – insonga xos. Shaxsiy muhimlik tuyg’uyingiz “sening xato qilishga haqqing yo’q” deganiga quloq solmang. Axir, xatolarning ham o’z foydasi bor – ular o’zlarini o’zlari to’g’rilash xususiyatiga ega. Buni quyidagi misolda izohlab beraman.
Ko’pchilik til o’rganuvchilar xato qilishdan qo’rqib gapirmaydilar. Bundan ularning og’zaki nutq qobiliyatlari sust rivojlanadi. So’zni xato talaffuz qilib qo’yib, ko’pchilik ichida izza bo’lish kimga ham yoqardi. Ammo agar siz gapirmasangiz, aynan shu so’zni noto’g’ri talaffuz etishingizni bilmaysiz. Og’zaki gapirish sizga aynan o’z talaffuz xatolaringizni ochib beradigan jarayon.
Bir so’z bilan aytganda, xatoni tuzatish uchun, avval shu xatoni qilish kerak – xatodan qo’rqish esa bunda sizni juda cheklab qo’yadi.
Yana bir gap. Biror ishni boshlashdan avval esingizda bo’lsin – ishning natijasi muhim emas. Siz uchun ishni bajarish jarayoni ko’proq ahamiyatga ega. Chunki bu jarayon sizning shaxsiy o’sishingizga xizmat qiladi. Siz bir cho’qqini zabt etishga kirishdingizmi – bunda hech narsadan qo’rqmang. Bu tadbirni amalga oshirishda o’z qo’rquvingizga so’z bermay, ko’zlagan maqsadingizga erishsangiz – siz kuchli shaxsiyat zinasida bir pog’ona yuqori ko’tarilasiz. Keyingi gal bu kabi ish siz uchun muammo bo’lmaydi va siz undan ortiq hadiksiramaysiz.
Tanqiddan qo’rqishning har qanday ko’rinishi shaxsiy muhimlik tuyg’usi asosida yuzaga keladi. Biz o’z muhimligimizga zarar yetishidan qo’rqamiz, aslida. Ammo odamning o’z-o’ziga hurmati tashqi ta’sirlarga bog’liq bo’lmasligi lozim. Unutmang! Juda ko’p odamlar shaxsiy muhimlik tuyg’usiga tobe yashaydilar. Shuning uchun ular tanqiddan qo’rqishga o’ta moyil. Siz kuchli shaxs egasi bo’lishga intilyapsiz – xo’sh, bunday intilishga ega bo’lmaganlar siz haqingizda qanday fikrda bo’lishi siz uchun muhimmi? Muhimlikdan voz kechish – qo’rquvdan ozod bo’lish demakdir.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев