Aybdorlik tuyg’usi psixologik komplekslar ichida eng zararkunandasi va yengib o’tish qiyin bo’lganidir. Uning kuchi yengil mas’uliyat hissidan tortib vijdon azobigacha bo’lishi mumkin. Bizning jamiyatimizda u har bir odamda bor, adashmasam. Chunki bizni yoshlikdan juda ko’p narsalarga javobgar bo’lishga o’rgatishadi.
Sizda xato tasavvur uyg’onmasligi uchun avvalo men sizga aybdorlik tuyg’usini ta’riflab beray. Aybdorlik tuyg’usi – odam qilgan (yoki qilmagan) biror xatti-harakat yoki xayol uning fikricha noto’g’ri ekanini tan olib, bu xatti-harakat yoki xayol uchun o’z shaxsiyatidan xafa, norozi yoki hatto nafratda bo’lish holatidir. Ayatylik, siz hech o’zingizni yomon farzand, ota-ona yoki turmush o’rtoq deb o’ylagan paytlaringiz bo’lganmi? Biror ishingizdan pushaymon yegan va vijdon azobi qiynagan damlarni boshingizdan kechirganmisiz? Bularning bari aybdorlik tuyg’usiga misoldir.
Kishi o’z qarorlari uchun javobgarlikni his etishi kerak, albatta. Ammo odam o’z qilmishlaridan pushaymon bo’lishi, o’zini koyishi, aybdor yoki, Xudo ko’rsatmasin, gunohkor his etishi mutlaqo noo’rin.
Birinchidan, siz nimaki qilmang – hammasi yaxshilikka xizmat qiladi. Agar xato qilgan bo’lsangiz – uni tan oling, ammo u uchun o’zingizni aybdor his etishingiz shart emas. Faqat shundagina xato sizga saboq bo’ladi va keyingi gal siz ehtiyotkorroq bo’lasiz. Xatolar ham sizning shaxsiy o’sishingizga xizmat qilishi yodingizda bo’lsin.
Ikkinchidan, sizning xato qilishga to’liq haqqingiz bor. Siz ilohiy mavjudot emassizki, o’zingiz qilgan xatolarni kechirolmasangiz va ular uchun o’zingizni koyisangiz. Sizda hech kimni (hatto o’zingizni ham) gunohkor deb atash huquqi yo’q. Shunday ekan, o’z xatolaringiz uchun o’zingizni kechiring.
Uchinchidan, siz qilgan xatti-harakat chindan ham yomon ekanini siz hech qachon bilmaysiz. Ba’zida biz xato deb o’ylagan ishlar natijasi mutlaqo biz kutmagan – ya’ni biz yoki yaqinlarimiz uchun manfaatli natijalarga olib kelishi mumkin. Siz bir ishning oxirini ko’ra bilmasdan, bu uchun o’zingizni aybdor deb bilishingiz – tan oling, g’irt kaltabinlik.
To’rtinchidan, hech qachon o’z xayollaringiz uchun o’zingizni aybdor his qilmang. Chunki xayollar, agar ular harakatga aylanmasa, hech kimga zarar yetkazmaydi (o’zingizdan boshqa). Bundan tashqari, xayollarni boshqarish va kerakli o’zanga solish – juda qiyin ish va buni kamdan kam odam uddalaydi. Huquq sohasida ham yomon xayollar uchun hech kim javobgarlikka tortilmaydi.
Albatta, bularning bari juda oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo har birimiz aybdorlik tuyg’usining u yoki bu ko’rinishiga tobe bo’lib yashaymiz.
Burch (yoki javobgarlik) hissi – aybdorlik tuyg’usining bir qiyofasi. Oramizda o’zini mudom nimagadir majbur yoki javobgar deb yashaydiganlar talaygina. Bu, ko’p holatlarda, noto’g’ri tarbiyadan kelib chiqadigan fe’l-atvor: bolani yoshligidan ko’p narsaga mas’ul qilib tarbiyalansa, u ulg’aygach ham bu tuyg’udan qutula olmaydi va hayotda qiynaladi. Bunday odamlarni juda ko’p ko’rgansiz – bundaylardan sinf sardorlari, kasaba uyushma vakillari, tashabbuskorlar, ishga mukkasidan ketadiganlar yetishib chiqadi. Ular o’z hayotlari uchun mas’uliyat qolib, boshqalar uchun ham javobgarlikni o’z yelkalariga yuklab olganlar va shu majburiyatlarini bajarmasalar o’zlarini aybdor his qiladilar.
O’z fe’l-atvoringizga va hayotga munosabatingizga sergak nazar tashlang. Siz o’zingizni nimalar va kimlar uchun javobgar deb his qilasiz? Agar o’z hayotingiz va ko’nglingiz istaklari uchun javobgarlikdan tashqari yana qandaydir burchiyat hislari bo’lsa – hoziroq ulardan xalos bo’ling. Siz o’zingizdan boshqa hech kimning hayoti uchun mas’ul emassiz. Shaxsiy muhimlik tuyg’uyingiz sizga “sen juda muhim odamsan, atrofingdagilarning farovonligi senga bog’liq, sen ular uchun mas’ulsan” deb ta’kidlashdan tinmaydi. Ammo siz uning gapiga quloq solish qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilasiz. Unutmang – Tangri bir bandasining rizqi, baxti yoki hayotini boshqasiga qaram qilib yaratmaydi. Shunday ekan, sizga berilgan omonat – o’z hayotingiz va qalbingiz xotirjamligi uchun javobgarsiz, xolos.
Kimdir bu gaplarimdan “Mening oilam, jamiyat va davlat oldidagi burchlarim nima bo’ladi?” deb norozi bo’lishi mumkin. To’g’ri – sizning bir qator burchlaringiz bor. Men sizga o’z burchlaringizdan qochib yuring yoki ulardan yuz o’giring demoqchi emasman. Bunday ish faqat o’ta qo’rqoq shaxsiyat egalarininggina xayoliga keladi.
Men sizga o’z burchlaringizga bo’lgan munosabatingizni o’zgartirishni taklif qilyapman. Siz asli bu dunyoga hech bir burchsiz kelasiz. Keyin oila va jamiyat sizga burchlarni yuklaydi. Shunday qilmasa ham bo’lmaydi – bu yo’riqnomalarsiz hayotda qiynalasiz. Ammo bu qoidalar siz uchun burch emas – erkinlik. O’ylab ko’ring – agar burch hamma bajarishi shart bo’lgan qoida bo’lsa, nega har kim ham o’z burchlarini bajarmaydi? Chunki u odamlar o’z erkinliklaridan foydalanmaydi.
Sizning baxtli bo’lish, kimnidir baxtli qilish, ota-onangizga g’amxo’rlik qilish, farzandlaringizni voyaga yetkazish kabi burchlaringiz emas – ana shunday erkinliklaringiz bor. Siz o’zingizni burchiyat hissidan ozod qilib ham tengi yo’q farzand, ota-ona, turmush o’rtoq, do’st bo’lishingiz mumkin. Yaxshi farzand o’z burchlarini to’liq bajargani uchun yaxshi emas – ota-onasiga g’amxo’rlik qilish erkinligidan foydalangani, buni majburligidan emas, ko’ngli istaganidan qilgani uchun yaxshi.
Inson psixikasi shunday tuzilganki, u “sen majbursan, sen shuni qilishing shart” kabi buyruqlarni qarshilik bilan qabul qiladi. Ishonmasangiz, yosh bolaga biror narsani shart qilib qo’yishga urinib ko’ring. Bolalar o’zlarini hech narsaga burchli deb bilmaydilar va o’z qalblariga bo’ysunib ish qiladilar. Shuning uchun ham hech qachon ulardan yomonlik chiqmaydi. Ulg’aygan sari bolada aql ustunligi kuchayib, unga shart qilingan narsalarni aql qoida qilib o’rnatadi va ko’ngilni har tomondan cheklay boshlaydi. Agar bolada burch hissi ancha kuchli rivojlangan bo’lsa, uning hayoti o’z burchlarini bajarishga intilish, buni uddalay olmaganda o’z-o’zini aybdor his etish bilan o’tib ketadi.
Undan ko’ra o’zingizga “mening baxtli bo’lish va o’z baxtimni yaqinlarim bilan baham ko’rish erkinligim bor” deganingiz ma’qul. Shunda siz o’zingiz istagan narsalarga erishish yo’lingizni aybdorlik tuyg’usi bilan bulg’amagan bo’lasiz.
Siz boshqa odamni baxtli qilishga burchli emassiz. Siz umuman boshqa odamni baxtli qila olmaysiz. Avval aytganimdek, boshqa odamning baxti sizning qo’lingizga berib qo’yilmagan. Siz boshqa odam o’zining baxtli bo’lish erkinligidan foydalanishiga to’sqinlik qilmasangiz bo’ldi. Mana sizga baxtli turmushning siri: umr yo’ldoshingizni baxtli qilish uchun sizdan uning erkinliklarini cheklamaslik talab etiladi, xolos. Odamlar bilan munosabat haqida biz kelgusi kunlarda batafsil suhbatlashamiz hali.
Haddan ziyod talabchanlik ham aybdorlik tuyg’usiga soslangan bo’lishi mumkin. Odam o’zi va atrofdagilarning yashash tarzi “kerakli” darajada emasligini ta’kidlab, buni to’g’rilashga intiladi. U o’zini hamma narsa “kerakli” darajada bo’lishi uchun mas’ul deb biladi. Buning natijasi nima bo’lishini izohsiz ham yaxshi bilasiz.
Vijdon azobi – aybdorlik tuyg’usining eng yaqqol ko’rinishi. Bunda qilgan ishidan pushaymonlik shaxsdagi aybdorlik hissini ikki barobar kuchaytirib beradi. Vijdon azobini astoydil ta’riflashimga hojat yo’q – chunki har birimiz buning nima ekanini yaxshi bilamiz. Lekin bir narsani aytishim joiz: vijdon azobida sizni qiynaydigan narsa ko’ngil emas, aqldir. Aql siz qilgan ish qanchalar yomon ekanini ta’kidlab, sizni ayblashdan o’zini tiya olmaydi. Ishni orqaga qaytarib bo’lmasligini bilib tursa ham – u o’zini kechira olmaydi.
Aybdorlik tuyg’usi haqida soatlab gapirish mumkin. Ammo men sizga uning yana bir zararini aytib o’tishim kerak. Agar sizda aybdorlik hissi mahkam ildiz otgan bo’lsa, bu boshqalarga sizni o’z izmiga solish imkonini beradi. Aybdorlik hissi orqali birovni o’z izmimizga solish odatimiz yoshlikda shakllanadi: kattalar biz istagan narsani bermasa yoki bizni qattiq koyib bersa, biz darhol yig’laymiz va ularda aybdorlik hissini uyg’otamiz. Bundan keyin ko’nglimizni olish uchun kattalar istagan narsamizni qiladilar.
Yosh bolalarni aybdorlik tuyg’usi orqali boshqarishga intiluvchi kattalar ham bor. “Sen yomon bolasan, quloqsizsan. Sen meni xafa qilding” kabi tanbehlar bolada o’z harakatlari uchun aybdorlik hissini uyg’otadi va u o’z aybini yuvish uchun kattalar aytganini qiladi. Tarbiyada ishlatiladigan bunday
nayranglardan eng yomoni “Shunday qilsang, men seni yaxshi ko’rmayman” yoki “Sen oyingni/dadangni yaxshi ko’rmaysan – yo’qsa shunday qilarmiding” deyishdir. Unutmang, bolangiz uchun eng qadrli narsa – sizning mehringiz va uning sizga bo’lgan mehrini bilishingizdir. Bu narsadan mahrum qilish evaziga uni o’z izmingizga solmoqchi bo’lsangiz – siz uning shaxsiyati va qalbiga qarshi jinoyat qilgan bo’lasiz. Bu holatda unda shunday kuchli aybdorlik tuyg’usi ildiz otadiki, u butun umr bu ofatdan qutula olmaydi va baxtsiz hayot kechiradi. Xo’sh, mening ayblashlarim sizga qanday ta’sir qildi? Bunday gaplarni o’qish juda yoqimsiz, shunday emasmi? Ana shunaqa – ayblash orqali odamda faqat salbiy tuyg’ularni uyg’otish mumkin, xolos.
Shaxsiyatingizni aybdorlik tuyg’usidan tozalab tashlang. Buning eng samarali yo’li – uzr so’rash. Agar siz kimgadir nisbatan chindan noto’g’ri ish qilgan bo’lsangiz – undan darhol uzr so’rang. U sizni kechirish-kechirmasligi ahamiyatsiz. Asosiysi, siz shu yo’l bilan o’zingizdagi aybdorlik tuyg’usini tarqatib yuborasiz. Shaxsiy muhimlik tuyg’usini yengib o’tib shunday qilishga haddingiz sig’sa kifoya.
O’zingizni kechirish qobiliyatingizni ham rivojlantiring. Pushaymon bo’layotgan hamma ishlaringizni bir-bir eslang-da, o’zingizni har biri uchun kechiring. Chindan tavba qilsa, gunohlardan o’tishni Yaratgan va’da qilib qo’ygan: Tangriki kechirimli bo’lyaptimi, gina saqlamayaptimi – sizning o’zingizga gina saqlashingiz ortiqcha. Yoki siz shunchalik muhimmisiz?
Agar siz tabiatingizdan aybdorlik hissini chiqarib tashlay olsangiz – ajoyib mo’jiza sodir bo’ladi. Mana sizga kuchli shaxsiyatning yana bir siri: siz o’zingizni aybdor his etmas ekansiz, sizni aybdor qilish boshqalarning xayoliga ham kelmaydi. O’zini mudom ayblovchilar esa, har doim qoralash-u haqoratlarga chidab yashaydilar. Bu ularga qilgan xatolari uchun emas – shu xatolarini o’zlari kechirolmasliklari uchun beriladigan jazodir.
Yodingizda bo’lsinki, sizning aybdorlik tuyg’usidan ozod yashash erkinligingiz bor.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев