“O’z kamchiliklarini ko’ra bilmagan odamdan emas, o’z nuqsonlaridan qochib yurgan odamdan qo’rqish kerak” (Suqrot)
Bu tur komplekslar hammada uchraydi – ular juda ommabop. Har kim o’zida qandaydir kamchilikni ko’ra biladi – buni ko’pincha hech kimga aytmaymiz, ammo o’zimiz buni juda yaxshi bilamiz.
Tashqi ko’rinish: moda
Tashqi ko’rinishimizdagi nuqsonlar – eng katta bosh og’rig’imiz. Biz har doim chiroyli yuz, kelishgan qaddi-qomat, so’nggi modadagi kiyim egasi bo’lishga intilamiz. Bunday tobelikka ayollar ham, erkaklar ham bir xilda moyil – ayollar o’z tashqi ko’rinishi haqida erkaklardan ko’proq qayg’uradi degan fikr asossiz. Shunchaki, ayollar o’z tashqi ko’rinishlari haqidagi tashvishlarini oshkora qila oladilar – erkaklar esa bunda ancha cheklangan. AQSHdagi so’rovnomalar shuni ko’rsatganki, kiyim-kechak, gigiyenik vositalar, pardoz va soch turmagi xizmatlariga erkaklar ayollardan ko’ra ko’proq pul sarflashar ekan.
Har birimiz tashqi ko’rinishda qandaydir andozaga tushishga harakat qilamiz. Bu andozalar vaqti-vaqti bilan o’zgarib turadi va ular bizning juda ko’p qarorlarimizga ta’sir qiladi. Bu – albatta, moda. Hozirgi kunda hamma narsaga moda qo’yilgan: kiyim-kechakdan tortib, she’vagacha. Odamlar modadagi ovqatlarni yeyishadi, modadagi xizmatlardan foydalanishadi, moda bo’lgan supermarketlarda savdo qilishadi, modadagi so’zlarni ishlatib gaplashishadi – hatto, moda bo’lgan usulda sevishadi. Hayronmisiz? Uyali aloqa vositasi yoki internet orqali sevishish qanchalik keng tarqalganiga e’tibor bering – o’zingiz bunga amin bo’lasiz.
Ammo moda hammasidan ham tashqi ko’rinishimiz qanday bo’lishiga ko’proq ta’sir qiladi. Bunda qandaydir qoidalar o’rnatilishi va u ommaviy qabul qilinishi insonning imkoniyatlarini cheklaydi va komplekslarga sabab bo’ladi.
Kamdan kam qiz 90:60:90 qoidasidan bexabar bo’lsa kerak. Bu qoidani kuchli jins vakillari ham juda yaxshi bilishadi. Ammo hamma gulruxsorlar ham bu andozaga to’g’ri kelmaydilar. Buning natijasida qizlarda o’z qomatidan qoniqmaslik tuyg’usi paydo bo’ladi. Agar bunday holatga duch kelgan qizning ma’naviy immuniteti kuchsiz bo’lsa, u o’zini turli xil diyetalarga uradi va sillasi quriguday bo’lib och yuradi.
Moda ortidan quvib jabr ko’rishda yigitlar ham qizlardan kam emas. Modadagi kiyimni kiyish ilinjida topgan pulini kiyim do’konlarida sarflaydigan yigitlarni ko’p uchratamiz. Ularning kiyim javonlari to’lib ketgan – ammo kompleks ularni yangi va yangi kiyim sotib olishga undayveradi.
Agar odam moda kompleksi ta’siriga tushib qolib, bu tobelikdan qutula olmasa – u o’ziga jismoniy va moddiy zarar yetkazishi mumkin. Ba’zida modadagi kiyim o’ziga mutlaqo yarashmasa ham, undan voz kechishga haddi sig’maydigan odamlarni uchratasiz. Ular moda kompleksiga so’zsiz itoat etadilar va bu tobelikdan xalos bo’lishga harakat ham qilmaydilar.
Avvalo, umum qabul qilingan andozalarga amal qilish noto’g’ri. O’zingiz o’ylab ko’ring – dunyoda hamma odam bir xil bo’lishi mumkin emas. Hamma uchun umumiy o’lchovlar o’rnatish kimga kerak – bilasizmi? Sizga navbatdagi sirni ochaymi? “To’g’ri” qaddi-qomat qanday bo’lishi kerakligi haqidagi uydirmalarni kiyim ishlab chiqaruvchi sanoat podshohlari o’ylab topadi. Chunki ular mutlaqo hammaga mos keladigan kiyim tika olmaydilar – shuning uchun hammani ular chiqargan mahsulotga mos qomatga ega bo’lishiga da’vat qiladilar. Aks holda ularning mahsulotlarini juda kam odam sotib oladi va ular kasodga uchraydilar.
Shunday ekan, qomatingizni kimlardir belgilab bergan andozalarga “moslab” olishga harakat qilmang. Bu sizga zinhor kerak emas. Busiz ham xotirjam baxtli bo’lishingiz mumkin. Axir, baxtingiz qomatingizga bog’liq emas.
Ashaddiy modaparastlar hozir “Modaga qarab kiyinishning nimasi yomon?” deb dod solayotganini tasavvur qilib turibman. Buning yomon joyi yo’q. Faqat o’sha modani qayerdan olayotganingizga e’tibor bering. Modani kim yaratadi deb o’ylaysiz? Nahotki, odamlar didini mashhur dizaynerlar belgilab beradi deb ishonsangiz? Mana sizga yana bir oliy sir: modani o’ziga yoqqan va yarashgan kiyimni kiyuvchilar yaratadi – moda sanoati esa ulardan nusxa olib, keng ommaga olib chiqadi, xolos.
Modani siz yaratasiz. Agar siz o’z didingiz va ko’nglingizga quloq solib kiyim tanlasangiz, u sizga albatta yarashadi, bu libosda o’zingizni yaxshi his qilasiz. Bu hatto eng arzon matox bo’lishi mumkin – ammo u aynan siz uchun yaratilgan bo’lsa va siz uni to’g’ri tanlagan bo’lsangiz – atrofdagilar sizga o’girilib qaraydi. Kiyim sizning ustingizda qanday mos turganini, har qanday nuqsondan holi ekanini ko’rib, ular xuddi shu kiyimdan o’zlariga ham olgani do’konga yugurib qolishadi. Axir, siz hech birovning ustida chiroyli turgan kiyimdan bozorda qidirmaganmisiz?
Kiyim, so’zsiz, sizning chiroyingizni ochadigan narsa. Ammo u modaga qarab emas, sizning asl xohishingiz va talablaringizga qarab tanlansagina, sizning chiroyingizni ochadi. To’lacha odam nozik qomat egalarini ko’zlab tikilgan kiyimni modaga qarab tanlasa yoki qishning izg’irinida modaga qarab yengil kiyinilsa – bunday modaning sizga foydasi bormi?
Siz kiygan libos – sizga yoqsin, ommaga emas. Siz kiygan kiyim sizga qulay bo’lishi va sizni issiq yoki salqin tutishi kerak – modaga mos kelishi kerak emas. Sizning modangizni faqatgina siz yaratasiz. O’z modasini yarata olmaganlar esa – sizdan andoza oladilar. Kiyim tanlashni ko’nglingizga qo’yib bering. U hech qachon adashmaydi.
Tashqi ko’rinish: husn
Husn – komplekslarga sabab bo’luvchi yana bir belgi. Odam o’z husnidan ko’ngli to’lmasligi juda ko’p uchraydigan holat. Bunday holatda husn nuqsoni kompleksi hosil bo’ladi.
Bu yerda odamning boshqalarga yoqish ilinji va boshqalardan kam bo’lmaslik istagi katta rol o’ynaydi. Bu ikki intilish ham muhimlikdan kelib chiqadi.
Men sizga bir narsa aytsam – hayron qolasiz: dunyoda xunuk va chiroyli odamlar bo’lmaydi – o’zini xunuk va chiroyli deb o’ylaydiganlar bor, xolos.
Siz o’zingizni qanday husnga ega deb o’ylasangiz, atrofdagilar ham sizni shunday ko’radilar. Ishonmaysizmi? Mana sizga isbot. Fiziognomika degan fan bor – u odamning yuz tuzilishi va fe’l-atvori o’rtasidagi bog’liqlikni o’rganadi. Shu sohada olib borilgan izlanishlar shuni tasdiqladiki, o’z husnidan norozi bo’lgan shaxslar odamlar bilan muloqot paytida yuzlariga shunday ifodasi berishar ekanki, ular rostdan ham xunuk ko’rinishar ekan. Olimlar o’z husnidan ko’ngli to’lmagan odamlarni yolg’iz o’zlari qolganlarida yashirincha suratga olishgan va bu suratlarni ular odamlar davrasida ekanida olingan suratlarga solishtirishgan. Birinchi suratlarda tajriba ishtirokchilari ochiq yuzli va istarali bo’lib chiqqanlar.
Ana shunaqa. Tabiat sizga betakror husn bergan bo’lishi mumkin, ammo uni siz o’z kompleksingiz bilan bulg’ab, odamlarga juda yoqimsiz qilib ko’rsatishingiz mumkin. Undan keyin, husnga qarab birinchi taassurot olinadi – ammo odam bilan yaqindan muloqot uning chindan qanday odam ekanini ochib beradi.
Juda ko’p holatda muloyim yuzli odamni ko’rib havasingiz keladi – biroq u bilan ikki og’iz gaplashgandan so’ng uning juda qo’rs yoki kaltabin ekani ma’lum bo’ladi. Fe’l-atvori xunuk bo’lgan odamning esa, tashqi chiroyiga hech kim e’tibor bermaydi. Mashhur rus yozuvchisi Fyodor Dostoyevskiy “Go’zallik ortida shayton yashirin” deb bekorga yozmagan.
Psixologlar juda qiziq tajriba o’tkazishgan. Ular bir guruh erkaklarga ikkita ayol suratini ko’rsatishgan – biri juda go’zal, boshqasi unchalik o’ziga tortadigan emas. So’ng ularga shu ikki ayol bilan telefon orqali muloqotda bo’lish taklif etilgan. Telefonda ayollardan biri juda muloyim, so’zlarni tanlab gapirgan va suhbatda erkak fikrlarini tasdiqlab turgan. Bu ko’rimsizroq ayol bo’lgan. Ikkinchi ayol, aksincha, juda sovuq ohangda gaplashgan va mudom erkak bilan bahslashgan. Bunisi go’zal husn egasi bo’lgan.
Tajribada ishtirok etgan har bir erkakdan suhbatdosh ayol suratini ko’rsatishni iltimos qilishganda, u muloyim ayol deb go’zal suratni tanlagan va ko’rimsizroq ayolni dag’al suhbatdoshi deb bilgan. Ammo ularni suhbatdoshlari bilan yuzlashtirishganda, ular tanlovda adashganliklaridan hayron bo’lishgan. Eng qizig’i shundaki, erkaklar ular bilan muloyim gaplashgan ko’rimsiz ayol hayotda suratdagiga nisbatan ancha chiroyliroq ekanini, sovuq gapirgan ayolning asl go’zalligi esa suratdagidan ancha kamroq ekanligini ta’kidlashgan.
Shunday ekan, tashqi go’zallikka aldanmaslik kerak. To’g’ri – ham tashqi, ham ichki go’zallik egasi bo’lgan odamlar ham bor. Bundaylar kam uchraydi. Bilasizmi bu qanday odamlar? Bu – o’z husnidan nolimaydigan, o’z chiroyini boshqalar bilar qiyoslamaydigan va hammada o’ziga xos go’zallikni ko’ra biladigan odamlar.
Siz o’z husningiz o’ziga xos ko’rkka ega ekanini tan oling va bundan ko’nglingiz to’lsin. Husn kompleksiga odamlar bilan muloqot qilishingizga halal berishiga imkon bermang. Siz – hech kimga o’xshamas qilib yaratilgansiz. Shunday ekan, boshqa “go’zallar”ga o’xshamaganingizdan xafa bo’lib emas, xursand bo’lib yashang. Hammaga o’xshagandan ko’ra, o’ziga xos bo’lgan yaxshi emasmi?
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring, sizga yoqishiga aminman. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев