Komplekslar
Kompleks atamasi amaliy psixologiyada juda tez-tez qo’llaniladi. Unga juda turli xil ta’riflar berilgan. Men sizga eng sodda izohni berishga harakat qilib ko’raman.
Kompleks – bu sizning fe’l-atvoringiz, xatti-harakatlaringiz, ichki tuyg’ularingiz yoki tashqi ko’rinishingizda sizni qoniqtirmaydigan, tashvishga soladigan va sizni cheklaydigan jihatlar.
Albatta, bu mukammal ta’rif emas, ammo bayon davomida siz kompleks deganda nimani nazarda tutilishi haqida yetarlciha aniq tushunchaga ega bo’lasiz.
Barchamiz qandaydir kamchiliklarga egamiz – hech kim nuqsonlardan holi qilib yaratilmagan. Kimdir jismoniy kuch bilan taqdirlangan bo’lsa, kimdir o’tkir zehn bilan mukofotlangan. Aslida, biz avvaldan bir fazilatga boy, boshqasidan benasib qilib yaratilmaymiz. Yangi tug’ilgan chaqaloqqa istalgan fazilatni rivojlantirish imkoni berilgan bo’ladi.
Ammo ota-ona tarbiyasi, atrofdagilar munosabati va bolaning o’z xohish- istaklariga qarab unda ba’zi xislatlar kuchliroq rivojlanib, boshqalari e’tiborsiz qolib ketadi.
Misol uchun, farzandini yoshlikdan badantarbiya va sportga qiziqtirib katta qilgan ota-ona farzandida intellektual qobiliyatlar o’sishi haqida unchalik qayg’urmaydi. Va aksincha, farzandini bilim olishga yo’naltirgan ota-ona undan jismoniy faollikni talab qilmaydi.
Ammo yuqoridagilar jismoniy va aqliy qobiliyatlarning rivojlanishiga misollar, xolos. Psixologik komplekslar ildizi ancha chuqur ketadi va ular uzoq muddat davomida shakllanib boradi. Psixologik komplekslar haqida tasavvur hosil qilishingiz uchun sizga bir qator misollar keltirib o’tay: tortinchoqlik, uyatchanlik, mahmadonalik, kamgaplik, qitmirlik, manmanlik, ortiqcha kamtarlik, jahldorlik, maqtanchoqlik, surbetlik, qaysarlik, injiqlik, talabchanlik, terslik, qo’pollik, laganbardorlik, ta’magirlik, doimiy tushkunlik holati, aybdorlik tuyg’usi, mukammallikka intilish odati va hokazo.
Komplekslar odamda tashqi ta’sirlar yoki ichki ishonchsizlik sababli hosil
bo’ladi. Ularning kelib chiqishi juda sekin va sezilarsiz kechadi – shunga
monand ulardan qutulish ham uzoq vaqt talab etadi. Shaxsiy muhimlik tuyg’usi
ta’sirida odam o’z bahosini oshirib yuborsa, komplekslar – odam o’ziga past baho berishi natijasida paydo bo’ladi. Bu jihatdan komplekslar – shaxsiy muhimlik tuyg’usining manfiy ko’rinishi deyish mumkin.
Barchamiz yaxshi biladigan termometrni tasavvur qiling. Uning o’rtasida “0” belgisi bor. U o’ziga xos muvozanat nuqtasi – bunda suv suyuqlik va muz holati o’rtasida bo’ladi. Harorat ko’rsatkichi noldan yuqori ko’tarilsa ham, manfiy tomonga tushib ketsa ham – bu muvozanatdan og’ish degani.
Odam shaxsiyatida ham xuddi shunday o’lchagich bor. Agar odam o’z muhimlik darajasini noldan yuqori ko’tarib yuborsa, ya’ni odam o’ziga ortiqcha baho berib yuborsa – bu shaxsiy muhimlik tuyg’usiga olib keladi. Bordi-yu kishi o’z qadrini o’ta pasaytirib yuborsa, ya’ni muhimlik ko’rsatkichini noldan tushirib yuborsa – bu odam tabiatida komplekslarni hosil qiladi.
Har qanday kompleks ortida odamning qandaydir zaif tomoni turadi. Siz o’zingiz nimada kuchsiz ekaningizni juda yaxshi bilasiz va bu borada boshqalardan o’zingizni quyi hisoblaysiz. Bunda kompleks hosil bo’lmay iloji yo’q.
Har qanday kompleksni, xuddi har qanday xastalik singari, davolasa bo’ladi. Aslida kompleks – yomon narsa emas. Unga e’tibor berilmasa, u zararsiz. Ammo biz o’z komplekslarimiz hayotimizga salbiy ta’sir qilishiga ko’pincha qarshilik qila olmaymiz. Shuning uchun komplekslardan holi bo’lgan maqsadga muvofiq.
Men sizga turli komplekslarni umumiy jihatlariga qarab guruhlarga birlashtirib bayon qilaman. Bugungi suhbat oxirida siz har qanday kompleks sababini topib, uni bartaraf etib, undan xalos bo’lish yo’lini topa oladigan bo’lasiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring, sizga yoqishiga aminman. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев