Men juda ajoyib tush ko’rdim. Men bir qalin o’rmon oralab o’tgan toshloq yo’ldan borarmishman. Qo’limda hassa ham bor emish. Atrofimda turli qushlar-u mayda jonzotlarning tovushi yangrab turardi. Men ularning har birini yaqqol eshitib turardim. Dimog’imga maysalar hidi urildi – ular bir oz avval to’xtagan yomg’ir zaxini havoga bug’lantirib berardi. Poyabzalim tagligi yupqa bo’lganidan, yo’lakdagi bo’rtma toshlarni oyog’im bilan his qilib borardim. Daraxtlar orasidan ba’zida quyosh ko’rinib qolar, uning nurlari ko’zimni og’riqli qamashtirardi.
Bir payt yo’lak chetida o’sib turgan ajoyib gulga ko’zim tushdi. Uning tanasi va yaproqlari och yashil rangda edi. Eng hayajonlisi, gulning boshi turli xil rangda tovlanardi. Gulning chiroyiga mahliyo bo’lib turdim-u, uni uzib olib ketish niyati uyg’ondi. Ammo uning navdasiga qo’lim tegishi bilan, uning tanasidan nishdek o’tkir tikonlar o’sib chiqdi-da, barmoqlarimga sanchildi. Tanimga tikon kirganidan kelgan og’riqni shu qadar yaqqol his qildimki, bu haqiqatdan ro’y berayotganiga ishondim...
Tushimning davomini eslay olmayman. Ammo uyg’onganimda barmoqlarim uchida hali ham og’riq bor edi. Bu tush shu qadar asl hayotga o’xshardiki, uning tush ekanini aslo sezib bo’lmasdi. Unda biz hayotda his qiladigan hamma narsani his qilish mumkin edi. Tushda ham ko’rishim, eshitishim, his qilishim mumkin edi. Tush bo’lishiga qaramay, gulning tikonlari menda og’riq hissini paydo qila oldi.
Tush ko’rganda siz buning tushligini bilmaysiz va uning voqealariga to’liq tobe bo’lasiz. Shuning uchun sizni quvgan itdan rostdan qo’rqib qochasiz. Tushungizda nafaqat qo’rqishingiz, balki sevinishingiz, baxtli bo’lishingiz, o’zingizni xotirjam his qilishingiz, hayajonlanishingiz va hatto sevib qolishingiz ham mumkin.
Ammo ba’zida siz tushingiz tush ekanini anglab qolasiz. Bu juda kamdan kam bo’ladigan holat. Bunda siz tush ko’rayotganingizni bilib qolib, tushning ssenariysiga bo’ysunmay qo’yasiz. Sizni quvib kelayotgan itga qo’rqmay qarab turaverasiz va u o’z-o’zidan g’oyib bo’ladi.
Tushining ichida uyg’onib qolgan odam bu narsalar xayoliy ekanini, u aslida o’z to’shagida uxlab yotganini, bularning barini tushida ko’rayotganini anglab qoladi. Ba’zi uddaburonlar o’z tushlari ichida uyg’onib olib, sayohat qilib yurishadi hatto.
Endi sizga savol. Siz hozir uyg’oqmisiz? Javob berishga shoshilmang. Siz uyg’oqlik deb nomlaydigan hayot tush emasligiga kim kafolat beradi. O’zingiz o’ylab ko’ring, atrofingizdagi dunyo xayoliy emasligini qanday isbotlaysiz? Siz aytasiz: “Mana, mening qo’llarim shu kitobni ushlab turganini sezib turibman. Kitob haqiqiy. Atrofdagi tovushlarni eshityapman – ular ham haqiqiy. Atrofimdagi narsalarni ko’rib turibman. Demak, ular ham haqiqiy. Juda bo’lmasa, o’zimni chimdib qo’yaman – agar og’riq his qilsam, men uyg’oqman“.
Biroq tushda ham siz ushlagan narsangizni sezasiz, ko’rasiz, eshitasiz, hid bilasiz – va hatto og’riq his qilasiz. Xo’sh, hozirgi holatingiz tush bo’lsa-chi?
Albatta, men sizni biz tush ichida yashayapmiz deb ishontirmoqchi emasman. Ammo biz, har holda, uyg’oq, sergak emasmiz.
Sergaklik deganda men nimani nazarda tutyapman? Sergaklik – atrof dunyodagi jarayonlarga sergak baho bera olish darajasida o’z idrokini boshqarish demakdir. Masalan, xayolga berilib ketgan odamni uyg’oq deb bo’lmaydi – u xonaga birov kirganini yoki undan biror nima so’rashganini payqamay qolishi mumkin.
Xayollar – bizni eng oson uxlatib qo’yadigan uyqu dorisi. Aqlning fikrlash jarayonini to’xtatish imkonsiz. Aql tinimsiz o’zi bilan o’zi gaplashib, ongingizdagi sukunatni buzib turadi. U doim o’tgan voqealarni qayta tahlil qilish yoki kelajakka rejalar tuzish bilan ovora bo’ladi. O’y-fikrlaringizni kuzatib ko’ring – bunga o’zingiz amin bo’lasiz.
Siz hozir xayollaringizni bir oz to’xtating-da, atrofingizga nazar tashlang. Yer tortish kuchini his eting, havo haroratiga e’tibor bering. Nimalarning tovushi eshitilyapti, qayerdan qanday yorug’lik tushyapti?
Hozirgi lahzada nimani his etayotganingizga e’tibor berdingizmi? Aynan hozir bor narsani tuya oldingizmi? Ana endi siz uyg’oqsiz. Endi takabbur aqlingiz irodangiz va qarorlaringiz ustidan to’liq nazoratga ega emas.
Siz yashab turgan lahzadagi qalb kechinmalaringizga quloq sola bilsangiz – aql sizga bergan g’aflat dorisining ta’siridan xalos bo’lasiz. Shundagina siz sergak qarorlar qabul qilishingiz va muhimlikka berilishdan tiyilishingiz mumkin. Aql shaxsiy va tashqi muhimlikni sun’iy ravishda oshiradi. U sizga tinimsiz muhimliklardan tuzoq qo’yib yuradi – u buni sizga yomonlik istaganidan qilmaydi. Shunchaki, u o’z maqsadlariga erishishning boshqa yo’llarini bilmaydi – u bir narsa yoki vaziyatni muhim deb ko’rsatibgina unga sizning e’tiboringizni jalb qilishi mumkin.
Usta psixolog va gipnozchilar odam aqlining muhimlikka tobeligida o’ynaydilar va inson irodasini o’zlariga to’liq bo’ysundira oladilar. Ammo boshqa odamning muhimligiga bosim o’tkazib, uni boshqarish oddiy odamning ham qo’lidan keladi. Sizni birov maqtasa va sizning fikrlaringizga qo’shilsa, shaxsiy muhimlik tuyg’usiga ergashib u odam istagan ishni siz jon deb qilasiz. Yoki kimningdir g’ururida o’ynab, uni biror ishni qilishga majburlash mumkin.
Masalan, yosh o’smir yigitga: “Hali yosh bo’la turib, kattalarga o’xshab fikr yuritar ekansiz. Menimcha sizga bir mas’uliyatli ishni topshirsa bo’ladi” deyilsa, uning shaxsiy muhimlik tuyg’usi ustun kelib, “mas’uliyatli ish”ni qilishga so’zsiz rozi bo’ladi.
Tashqi muhimlik tuyg’usi yordamida ham odamni boshqarish mumkin. Misol uchun, sizni sevgan odamingiz tashlab ketdi. Sizga kimdir shunday deydi: “Uni unut. U sensiz bir baxtli bo’lib ko’rsin. Sen uni o’ylab qiynalib yurmagin-da, o’zingga boshqasini topib ol. Yangi sevging bilan shunaqangi baxtli yashaginki, avvalgi sevgiling buni ko’rib, sendan kechganiga afsuslansin”. Siz uchun sizni tashlab ketgan odamga usiz ham baxtli bo’la olishingizni isbotlash o’ta muhim bo’lsa, bu maslahatga ko’nishingiz tayin.
Muhimlikdan qutulishning yagona yo’li – sergaklik.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usidan qutulish uchun siz bu dunyoga mehmon ekaningizni – bu dunyoda siz hech bir boshqa mavjudotdan yuqori qilib yaratilmaganligingizni, siz ham xato qilishingizni, sizda ham hamma singari kuchsiz tomonlar bor ekanini eslang. Bu bilan siz o’zingizni kimdandir yoki nimadandir quyiroq qo’ygan bo’lmaysiz. Sizga berilgan fazilat – boshqalarda bo’lmasligi mumkin. Bu dunyoda har kim va har narsaning ahamiyati bir xil. Tabiiy ofat bo’lgan holatda tabiat na yerdagi qurt-qumursqani tirik qoldiradi va na odamni – uning uchun sayyoradagi barcha jonzotlar barobar. Oddiygina viruslar yo’qolib ketsa ham tabiiy muvozanat buziladi va Yerdagi hayot barham topadi. Shunday ekan, bir-birimizga o’z muhimligimizni isbotlab, ko’z-ko’z qilib, buning ortidan odamlar bilan munosabatimizni buzib yashashdan nima foyda?
Tashqi muhimlik tuyg’usining davosi – hayot, undagi jarayonlar, yoqimli- yoqimsiz vaziyatlar – hammasi bir xayoliy o’yin ekanini yodda tutish. Hayotdagi hech bir voqea “ko’proq” ahamiyatga ega emas. Hayotdagi jarayonlarga ta’sir o’tkazish niyatida aql ularni muhimlik bo’yog’iga botirib ko’rsatadi. Aqlning bu qopqoniga tushmaslik uchun – uning o’ylab topgan o’yinida sergak qatnashish, u bergan g’aflat dorisini ichib qo’ymaslik darkor.
Muhimlik haqida gapirsa – gap ko’p. Bu borada sizga yetarlicha sirlarni ochib berdim deb o’ylayman. Bu yog’ini o’zingiz uddalaysiz. Faqat, ehtiyot bo’ling – siz muhimlik yaxshi narsaga olib kelmasligini bila turib, xatoga yo’l qo’ysangiz, natijada muammo juda katta bo’ladi. Chunki bilib qilganning aybi bilmay qilgannikidan og’irroq. Sizga dunyo qonuniyatlari qanday ishlashi anglatilgan bo’lsa-yu, shunda ham ularni buzsangiz – unda sizga beriladigan jazo ham keskinroq bo’ladi. Ammo, ishonchim komilki, bundan buyon siz o’zingiz muhimlikning nayrangiga uchishni istamaysiz va hayotingizni unday illatdan tozalay olasiz. Buning oqibatida kundalik hayotingizdan muammolar arib ketganini ko’rib o’zingiz ham hayron bo’lasiz hali.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring, sizga yoqishiga aminman. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев