Keling, sizga yana bir ertak aytib beray.
Qadim o’tgan zamonda bir baland tog’ bo’lgan ekan. Uning janubiy poyonlarida bir xalq, shimoliy yonbag’irlarida boshqa millat yashar ekan.
Bir kuni Shimoliy o’lkadan bir yigit tog’ga ov ilinjida chiqibdi. Shu kuni Janubiy o’lkadan bir suluv qiz ham dorivor giyoh tergani tog’ga chiqqan ekan.
Yigit bir arxarning ortidan uzoq poylab boribdi. Axiri bir joyda uni paytini poylab nishonga olibdi. Yigit kamonini tarang tortib jadal o’q uzibdi. Ammo arxar sezgirlik qilib, o’qqa epchillik bilan chap berib, qochib ketibdi. Yigit otgan paykon to’g’ri borib, shifobaxsh maysa ustida egilib turgan qiz boshi ustidan uchib o’tibdi-da, katta harsangga urilib, yerga tushibdi.
Cho’chib ketdan qiz o’rnidan sakrab turib, hayron bo’lib, o’q kelgan tomonga qarabdi. Yigitning nigohi qizning qo’rquvdan dokadek oqarib ketgan ruxsoriga tushibdi-yu – es-hushini yo’qotib qizga oshiq bo’lib qolibdi.
Yigit anchagacha qizning ortidan yurib undan uzr so’rabdi, qizning kiyim- boshi tog’ maysalariga o’xshash rangda bo’lgani uchun uni payqamay qolganini tushuntiribdi. U ichida shunday go’zal qizni mayib qilishiga bir baxya qolganidan ming pushaymon bo’libdi.
Ammo qiz araz otidan tushmabdi – u yigitning uzrlariga e’tibor bermay, o’z qishlog’i tomon ketaveribdi.
Umidsizlikdan yurak-bag’ri ezilgan yigit ham achchiq nadomat bilan o’z yurtiga qaytibdi. Ammo ancha vaqt o’tsa ham o’sha gulyuz qizni unuta olmabdi. O’ylab-o’ylab, qizga sovchi qo’yishga qaror qilibdi.
Sovchilar qirq kun tog’ning u tomoniga qatnabdilar. Qiz ularni rad javobi bilan qaytaraveribdi. Qirq birinchi kuni qiz nihoyat g’ururidan tushib, rozilik beribdi.
Bu xabarni eshitgan yigit quvonchi ichiga sig’may to’y taraddudini ko’ra boshlabdi. U shu qadar qiynalib erishgan mahbubining ko’nglini olish uchun to’yga bor bisotini sarflabdi. U hatto to’ydan avvalgi kecha o’z uyidan to yorining mamlakati chegarasigacha bo’lgan yo’lga suv septirib chiqibdi.
Ertasi kuni yigit ming hayajon va intiqlik bilan yangalar qizni olib kelishini kuta boshlabdi. Ammo kun botishga yaqin kelsa ham, qiz yurtidan sahar tong yo’lga chiqqan kelin karvoni yetib kelmabdi.
Yigit qattiq qayg’uga botibdi. Mahbubasidan xavotirlanib, hastalanib qolibdi. Uning qishloqdoshlari tog ‘-u toshni kezib, kelin bo’lmish qizning qonga belangan jasadini topib kelishibdi. Keyin bilishsa, yigit suv septirgan tog’ so’qmog’i ayozli tunda muzlab qolgan, kelin mingan ot shu so’qmoqda sirpanib ketib, kelin bilan birga chuqur jarga qulab tushgan ekan. Kelinni qutqarmoqchi bo’lgan yangalar ham, ular yetaklagan sovg’a-salom ortilgan xachirlar ham jarga qulab halok bo’libdilar. Yigit esa uzundan uzoq – biroq afsus va alamga to’la so’qqabosh hayotni yashab o’tibdi...
Yana bir g’amgin ertak. Ammo bunisi ham avvalgisi kabi juda ibratli. Ertaklar nega ibratli bo’lishini bilasizmi? Chunki ular bizga o’zgalarning xatosi haqida so’zlaydi. Odamzod har doim o’zgalarning xatosidan yaxshi saboq oladi – o’z xatolarini esa ko’ra bilmaydi yoki ko’rsa ham, tan olmaydi.
Yuqoridagi qissadan hissa shu – kimki hayotidagi biror shaxs yoki vaziyatning muhimligini haddan ziyod oshirib yuborsa, o’z istaklariga erisha olmaydi. Ertakdagi yigit o’z mahbubasini va u bilan bo’lajak to’yini shu darajada ahamiyatli qilib yubordiki, dunyo uni ikkisidan ham benasib qilib qo’ydi.
Bizni o’rab turgan dunyoda biror voqea, holat, shaxs yoki narsaga ortiqcha ahamiyat berib yuborishimiz shu muhim deb hisoblangan voqea biz istamagan yo’sinda sodir bo’lishiga, muhim bilingan shaxs yoki buyum bizga nasib qilmasligiga olib keladi. Sizga yana bir sirni ochaymi? Sizning istagingizdagi narsalardan mahrum qiladigan katta ofatlardan biri – tashqi muhimlik tuyg’usidir.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usi o’zingiz va boshqa odamlar bilan munosabatlaringizni belgilab bersa, tashqi muhimlik tuyg’usi sizning atrof-dunyo bilan oldi-berdingizni boshqarib turadi.
Tashqi muhimlik tuyg’usi o’z so’zini aytgan holatlarga yuzlab misollar keltirish mumkin. Yosh maktab bitiruvchisi oliy o’quv yurtiga kirish imtihonlariga o’ta katta muhimlik yuklab yuborsa, u imtihon paytida o’ta hayajonlanadi va bilgan narslalari ham yodiga kelmaydi. Yoki u tayyorgarlikka o’ta katta ahamiyat berib yuborsa, u kam uxlash va qattiq aqliy zo’riqishdan charchab qoladi va imtihon kuni o’zini yomon his qilishi mumkin.
Bunday holatda biror fenomen atrofida odam o’z hayotiy energiyasini jamlab qo’yadi. Voqea yoki holat kishining hayot-mamot masalasiga aylanib qoladi. Abituriyentning xayolidan taxminan quyidagicha fikr o’tadi: “Men shu imtihonni yaxshi topshirib, oliygohga kirishim kerak. Bunga butun kelajagim bog’liq”. U asossiz ravishda imtihonni uning kelgusi hayotini belgilab beradigan voqea deb baholaydi va bu holat unga og’irroq mas’uliyat burchini yuklaydi. Ba’zida ota-onalar ham bu jarayonga beixtiyor hissa qo’shib qo’yadilar – “Bolam, o’qishga kirmasang bo’lmaydi. Seni shuncha tarbiyalab, o’qitib katta qildik. Yuzimizni yerga qaratma” kabi nasihatlar farzand yelkasiga qo’shimcha yuk bo’lib tushadi va uning ishini yana-da qiyinlashtiradi.
Oliygohga kirolmaslik – hayot tamom bo’ldi degani emas. Sizga dunyodagi eng yoqimli sirni ochaymi? Unutmang – hayotda omadsizlik bo’lmaydi. Siz bilan sodir bo’lgan har qanday voqea – bu omaddir.
Omadsizlik deganda siz nimani tushunasiz? Siz kutgan narsa amalga oshmaganini – shundaymi? Xo’sh, siz kutgan narsa eng to’g’ri yo’l ekanini sizga kim aytdi? Albatta, aqlingiz – har doim rejalar tuzadigan va shu rejalarni ro’yobga chiqarishga zo’r berib harakat qiladigan aynan u.
Bir odam uzoq mamlakatga rasmiy uchrashuvga bormoqchi bo’libdi. Agar uchrashuv yaxshi o’tsa, u juda daromadli shartnoma tuzishiga ko’zi yetib, darhol tayyoraga chipta olibdi. Ammo aeroportga borayotganida avtomashinasi buzilib qolib, reysga kech qolibdi. Bundan u juda xafa bo’libdi. Yo’q, chiptaga sarflagan puliga achinmabdi, chunki yetarlicha badavlat ekan. U omad keltirishi mumkin bo’lgan rasmiy uchrashuvga bora olmaganidan afsuslanibdi. Taqdirga tan berib, uyiga qaytib ketibdi.
Ertasiga tonggi yangiliklar dasturida u uchmoqchi bo’lgan samolyot okeanga qulab, undagi hamma yo’lovchilar halok bo’lgani haqidagi xabarni eshitibdi...
Siz reja qilgan narsa amalga oshmay qolsa – bu sizni Tangri bir narsadan asrab qoldi degani. Ammo aqlingiz o’z rejalariga erisha olmasa, bezovtalanib qoladi va sizni afsuslanishga majbur qiladi. Hattoki, siz sevgan odam bilan hayot yo’lingiz birlashmay qolsa ham – bu sizning foydangizga sodir bo’ladi. O’sha odam bilan siz kutgan baxt kelmasligi, qaytanga u bilan hayotingiz borib- borib azobga aylanishi ehtimoldan holi emas. Siz istagan insoningizga erisha olmadingizmi – demak, sizni yana-da baxtli qiladigan boshqa inson bor va siz uni taniysiz yoki endi tanishasiz.
Dunyo bizning tashvishimizni qilishdan charchamaydi. Uning yagona maqsadi – sizga siz istagan narsalarni berish. Biroq aqlimiz o’z qaysarligi bilan unga halal berib turadi.
Xalqimizning “shoshilgan qiz – erga yolchimas” degan dono gapi bor. Bunda turmush o’rtoq topish tadbirini o’ta muhim qo’yib yuborgan odam – bu istagiga erisha olmasligi nazarda tutilgan. Zamonamizda bu maqol taxminan quyidagicha qilib aytilishi mumkin: “qizini turmushga berishga shoshilgan ota- onaning qizi ersiz qoladi”. Albatta, bu juda kulgili eshitiladi. Ammo, afsuski, atrofimizda aynan ana shunday holatlar juda ko’p uchrayapti.
Shoshqoloqlik – tashqi muhimlik belgisi. Shoshilgan odam ruhiy noturg’un va notabiiy holatda bo’ladi. Bu narsa tashqi xatti-harakatlarda ham namoyon bo’ladi – odam bir joyda turolmay qoladi, ko’zi har tomonga qaraydi, tishini tishiga bosadi va hokazo. Muhimlik – sizning faqat ruhiy emas, balki kuchli jismoniy zo’riqishingizga ham sabab bo’ladi.
Injiqlik, talabchanlik, qattiqqo’llik, qaysarlik kabi holatlar ham kishi nimagadir o’ta katta ahamiyat berib yuborayotganidan dalolat. Bunga nikoh to’yi bo’layotgan qizga to’y libosi ham, dasturxondagi noz-ne’matlar ham, bazm zalining bezatilishi ham yoqmay qolgan holati misol bo’lishi mumkin. U hammasi bekam, dabdabali, esda qoladigan bo’lishini shu darajada qattiq istaydiki, o’z injiqligi bilan hammaning ko’nglini buzadi. Agar kelin bo’lmish muhimlikni haddan tashqari oshirib yuborsa, u o’z to’yini o’zi buzib qo’yishi tayin. Bunday to’y rostdan ham unutilmas bo’ladi – uni hamma anchagacha masxara bilan esga olib yuradi.
Erkaklar o’z avtomobillarini o’ta yaxshi ko’rishlari – tashqi muhimlik tuyg’usiga yana bir kulgili misol. Ba’zilar o’z “temir tulpor”larini shu darajada ehtiyotlashadiki, Xudo ko’rsatmasin, biror yerini bilmay chizib qo’ying – naqd baloga qolasiz. Eng qizig’i, ba’zi avtosevarlar o’ta ehtiyotkor bo’lganidan avtomobilini biror joyga o’zlari urib oladi.
Hammamiz Ergash Karimov qoyilmaqom qilib rol o’ynagan kichik miniatyuralarni ko’rganmiz. Ularning birida aktyor Paxtakor futbol jamoasining ishqibozi rolini o’ynaydi. Esladingizmi? Paxtakor yutgan kuni – dunyo gulzor. Xudo urib, Paxtakor yutqazib qo’ysa – oila boshlig’i ichiga shayton kirib oladi. Uning oila a’zolariga bo’lgan munosabati uning shaxsiy hayotiga hech bir aloqasi bo’lmagan futbol o’yiniga bog’liq. O’z ishqibozligini hamma narsadan muhimroq hisoblagani uchun, lavha qahramoni alamidan qutula olmay, rahmatlik onasidan qolgan toshoynagacha hamla qilishga tayyor bo’lib qoladi.
Bu, albatta, bo’rttirilgan holat. Ammo oramizda tashqi jarayonlar ahamiyatini oshirib, yaqinlari hayotini zaharlash darajasiga borgan kimsalar ham bor. Bunday xatoga har kim yo’l qo’yishi mumkin. Axir, qanchadan-qancha odam o’z ishini, firmasini, biznesini va yana nimasinidir yaqinlarining mehridan ustun qo’yib adashadi.
O’z maqsadining muhimligini oshirish – eng mudhish holatdir. Bunda odam o’z niyatiga erishish yo’lida hech narsadan qaytmaydigan bo’lib qolishi mumkin. Bunday odamning hayotini muhimlik to’lig’icha egallab olgan, unda zarracha baxt uchun ham joy qolmagan bo’ladi.
Tashqi muhimlik tuyg’usi va u keltirib chiqaradigan muammolar haqida soatlab gapirish mumkin. O’ylaymanki, endi o’zingiz hayotingizda nimalarga o’ta katta ahamiyat berib yubordingiz-u, bu sizga qanday tashvishlar yaratib berganini tahlil qila olasiz. Yaxshisi, men sizga ham tashqi, ham shaxsiy muhimlik tuyg’usini yengib o’tish sirini ocha qolay.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring, sizga yoqishiga aminman. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев