“Shaxsiy muhimlik tuyg’usi insonning eng zolim va makkor dushmanidir” (Don Xuan, Karlos Kastanedaning ustozi)
Odamning tabiati erkinlikka intiluvchan qilib yaratilgan. Ammo eng qiziq holat shundaki, bizni tobe etishi mumkin bo’lgan kuchlar ro’yxatida biz mutlaqo kutmagan narsa birinchi o’rinda turadi. Bizni mudom bir narsaga majburlab, fikr-u-qudratimizni o’ziga bo’ysundira oladigan bir tuyg’u borki, kamdan-kam kimsa unga qarshilik qila oladi.
Bu tuy’gu siz nimani gapirishingiz, nima iste’mol qilishingiz, qayerga borishingiz, kimlar bilan yaxshi, yana kimlar bilan yomon munosabatda bo’lishingiz – xullas, siz qanday hayot kechirishingiz kerakligini uqtirib turadi. Siz uning so’zini ikki qilolmaysiz – siz hatto uning amri bilan ish ko’rayotganingizni anglamasligingiz mumkin.
Ba’zida u o’z zulmida shu darajaga borib yetadiki, siz ortiq toqat qilolmaysiz – erksevar tabiatingiz ustun kelib, unga qarshi qo’zg’olon ko’tarasiz. Ammo vaqt o’tib, g’alayon bosiladi, tashvishlar unut bo’ladi va siz tag’in o’z tuyg’uyingizga tobe bo’lib qolasiz.
O’zingiz haqingizdagi yana bir sirdan boxabar bo’lishga tayyormisiz? Esingizda bo’lsin: shaxsiy muhimlik tuyg’usi – sizning birinchi raqamli dushmaningiz.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usini ikki og’iz gap bilan ta’riflash yoki tushuntirish qiyin. Aytaylik, sizni kimdir qattiq haqorat qildi. Yoki sizdan bir narsani qattiq talab etishdi. Yoki siz o’zingizdan o’zingiz biror ish uchun xafa bo’lib ketdingiz. Bunday holatlarda nimani his qilasiz? G’azab, gina, araz yoki norozilik tuyg’usi uyg’onishi mumkin. Siz zarda qilishingiz, qasdlashishingiz, o’zingizni himoya qilishingiz yoki birovga hujum qilishgacha borishingiz ham mumkin.
Ana shu xatti-harakatlar va ichki kechinmalar ortida shaxsiy muhimlik tuyg’usi turadi. Sizdagi har qanday ichki kechinmalar, o’y-fikrlar, siz aytayotgan gaplar – bularning bari sizning shaxsiyatingiz atrofida aylanaveradi. Bir kun davomida “men” olmoshini gap-so’zlaringiz va fikrlaringizda necha marta uchrashiga e’tibor berib ko’ring – va’da beraman, o’zingiz ham hayron qolasiz.
Aytaylik, birov sizni xafa qildi. Xayolingizdan taxminan quyidagicha savol o’tadi: “U meni nega xafa qildi?” Bunda siz ma’no urg’usini har xil so’zga qo’yishingiz mumkin.
“U meni nega xafa qildi?”
Ya’ni o’zingizdan nega aynan u sizni xafa qilganini so’raysiz. Xo’sh, boshqasi xafa qilishi kerakmidi? Yoki boshqasi sizga u aytgan gaplarni aytganda xafa bo’lmasmidingiz? Sizga xatoyingiz haqida, aytaylik, yaqin do’stingiz aytsa, buni yengil qabul qilasiz. Ammo siz unchalik suymagan odamdan buni eshitsangiz – tamom! Bu siz uchun oxirzamon degani! Har xil odamdan eshitgan gaplarga har xil munosabatda bo’lish – odam ajratishdan boshqa narsa emas. Axir, sizga dushmaningiz bo’lsa ham xatoyingiz haqida gapirsa – bu uni to’g’rilashga imkon emasmi?
“U meni nega xafa qildi?”
Ya’ni u nega aynan sizni xafa qilgani. Bu holat – shaxsiy muhimlik tuyg’usi eng junbushga kelgan holat. Rostdan ham, u nega sizdek beg’ubor, beozor va bekam odamni xafa qildi? Men ham begunoh emasman deysizmi? Unda nimaga u sizni xafa qilmasligi kerak? U boshqa birovni xafa qilganda bunchalik kuyunmagan bo’lardingiz – shundaymi?
To’g’ri – ba’zida biz mutlaqo aybsiz bo’la turib, bo’xton qurboniga aylanib qolamiz. Ammo juda ko’p hollarda bo’lib o’tgan voqeada bizning ham oz bo’lsa- da hissamiz bo’ladi. Qars ikki qo’ldan chiqadi deb bekorga aytishmagan.
Eng qizig’i, biz boshimizga tushgan tashvishda taqdir va Yaratganni ham shunday ayblab qo’yamiz. “Qaysi gunohim uchun?” kabi savollar aslida
“Mendek beayb bandangga qilmagan gunohi uchun nega jazo berding?” degani. Uni qarangki, juda kam odam baxtga erishganda “Qaysi qilgan savoblarim uchun menga bu baxtni ato etding?” deb so’raydi. Shunaqa – gunohlarimizni qisqa xotirada tutamiz-u, savoblarimiz temir daftarga yoziladi. Olgan jazomiz sababini topa olmaslik quyidagicha savollarga olib keladi:
“U meni nega xafa qildi?”
Ba’zida biz kutgan narsamiz bo’lmaganidan xafa bo’lamiz. Kimdandir maqtov kutasiz-u, u sizni boplab tanqid qilib beradi. Kimdandir e’tibor kutasiz – u sizni tanimay o’tib ketadi. Yana kimdandir mehr kutasiz – u sizga g’ayirlik qiladi yoki boshqa birovga mehr ko’rsatadi. Shunda o’zingizga:
“U meni nega xafa qildi?”
deb savol berasiz. Axir, undan bir narsa kutgan siz. O’sha siz kutgan narsani bermasa – bu u sizga nisbatan nohaqlik qilgani emas. Axir, u ham alohida shaxs, uning ham o’z niyatlari va rejalari bor. Balki, u mutlaqo siz undan biror narsaga umidvor bo’layotganingizni bilmas. Bu holatda biror kimdan xafa bo’lish mutlaqo o’rinsiz.
Yuqoridagi misollar sizni birov xafa qilgan holatda shaxsiy muhimlik tuyg’usi o’zini qanday tutishini ko’rsatadi. Ammo bu tuyg’u hayotingizning har jabhasida sizni boshqaradi. O’zingiz va odamlar bilan munosabatlaringizda shaxsiy muhimlik tuyg’usi eng yetakchi kuchdir.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usining eng oliy ko’rinishi – bu xudbinlikdir. Egoist odam o’zini har kim va har narsadan ustun qo’yadi – o’z manfaatlari yo’lida har kimning his-tuyg’ulari, orzu-umidlari va tinch hayotini qurbon qilishga tayyor. Ishonchim komilki, siz bunday odam emassiz. Aks holda bu kitob sizning qo’lingizga kelib tushmas edi.
G’urur – shaxsiy muhimlik tuyg’usining boshqa bir ko’rinishi. U bizni o’ylamay ish tutishga, birovdan asossiz xafa bo’lishga, o’z xatti-harakatlarimizni cheklashga majbur qiladi. Hech hayotda istagan narsangizni qilishga g’ururingiz yo’l qo’ymagan holat bo’lganmi? Aytaylik, siz o’zingizdan quyi hisoblagan odamga nisbatan xato qildingiz va bu xatoyingizni anglab yetdingiz. Undan borib uzr so’rashga g’ururingiz yo’l qo’yarmidi? Buni qilgan taqdiringizda ham, juda qiynalib, o’zingizni yengib o’tib qilasiz.
Masalan, yosh o’qituvchi dars davomida bir tenglamani xato yozib ketsa- yu, o’quvchisi buni ko’rsatib bersa – bu xatoni tan olish ustoz uchun qiyin bo’ladi. Juda kuchli shaxsiyat egalarigina bunday holatlarda g’ururlarini jilovlab, o’z ayblariga iqror bo’la oladilar.
Har qanday holatda ham o’z kamchiligingizni tan ola biling. Bu bilan siz zinhor kimdandir pastroq ekaningizni tan olgan bo’lmaysiz. Aksincha, atrofdagilar sizdagi shaxsiyat kuchi darajasidan hayratga tushadilar va o’zlari bilmagan holda sizning ustunligingizga tan beradilar. Bu sirni yodda tuting.
Kibr va manmanlik – shaxsiy muhimlik tuyg’usining eng kulguli qiyofasi. Bunda kishi o’zi arzimagan darajani o’ziga zo’r-zo’rakay ilib olgan bo’ladi. Bu xuddi yosh qizaloq opasining uzun ko’ylagini kiyib olib maqtanishiga o’xshaydi.
Kibrli shaxslarning asl muammosi shaxsiy muhimlik tuyg’usi emas – balki kuchsiz shaxsiyatdir. Ular o’zlarini aslida hammadan past deb biladilar va shu holatni o’zgalardan yashirish uchun hammaga past nazarda qaraydilar.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usi foydadan ko’p zarar keltiradi. Uning eng katta zarari – u sizning hayotiy quvvatingiz asossiz sarflanishiga sabab bo’lishidir.
Xo’sh, undan qanday qilib qutulish mumkin? Buning deyarli iloji yo’q. Uzog’i bilan, siz bu tuyg’uni nazorat ostiga olishingiz mumkin. Buni qanday qilish mumkinligi haqida endi sirlashamiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring, sizga yoqishiga aminman. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев