Yigitlar maktubin bitganda qondan
Kelinlar firoqdan chekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
O'n to'qqiz yoshida beva qoldi u.
Sevgidan yetimu umrdan yarim
Qurigan ko'ksida yolg'iz belanchak.
Abadiy firoqni hayhot, do'stlarim
Abadiy visol deb bildi kelinchak.
Qaqragan lablarda olovli nafas,
Kechalar kechmishin ayladi ko'mir.
Parishon sochlari yor ko'ksi emas,
Muzdayin bolishda qoldi bir umr.
Yillar ham o'tdilar,hamon u yolg'iz
Mung'ayib termular botguvchi kunga
Ey nomard tabiat,bormi senda his,
Qaytadan baxt bersang bo'lmasmi unga.
Nahot ishq qismati buncha berahm,
Bunchalar buyuksan vafo shevasi
Sengadur hurmatim,senga sharafim,
Qahramon jangchining sodiq bevasi.
Siz-chi ey,sadoqat satridan nolib
Nadomat komiga qolganlar ayting.
O'zini ming bitta bozordan olib,
Ming bitta bozorga solganlar ayting.
Shu cho'lpon ko'zlarning buyuk hurmati,
Shu aqiq lablarning rost so'zi deya,
So'ylangchi,vafoning nadir qimmati
Siz ham kutganmisiz biror soniya?!
Ba'zida tirnoqlar bezagi uchun
Sahardan shomgacha qilursiz toqat.
Biroq yoringizni kutgali nechun,
Topilmas tirnoqcha sabru qanoat.
Nazokat paytimas,yaqinroq keling,
Buyuk zot qoshida aylangiz salom
Shu sodiq bevaga sajdalar qiling,
Shu sodiq bevaga aylang ehtirom.
Hatto zeb-ziynatni yulqib ziyoda,
Haykal ham qo'yingiz bamisli hayol.
Shundaylar bo'lmasa agar dunyoda
Bu qadar muhtaram bo'lmasdi ayol.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев