Manba: darakchi.uz 519 marta o'qilgan.
12.07.2013 09:30:00 Yurtimizda hozir abiturientlar uchun qizg’in palla. Minglab, yo’q, yuz minglab abiturientlar talaba bo’lish istagida 70 ta oliy ta’lim muassasalariga (filiallar bilan) hujjatlarini topshirib, 1 avgust kuni bo’ladigan test jarayonlariga tayyorgarlik ko’rishmoqda.
Xabaringiz bor, OTMlarga kirish testlari 3 ta fan bloki bo’yicha o’tkaziladi. Ijodiy imtihon mavjud bo’lgan OTMlarda esa 2 ta fan bloki. Savollar kitobida har bir fan bo’yicha 36 ta savol o’rin olgan bo’lib, mos ravishda javoblar varaqasida o’sha fanlarning javobi bo’yaladigan hududlar ham 3 ta blokka ajratilgan bo’lar edi.
Ko’p yillik amaliyotda shunday ko’ngilsiz hollar uchrab turar ediki, unda ba’zi abiturientlar balki hayajondan, balki qo’rquvdan, balki shoshgandan, balki tushunmaganligi sababli javoblarni bo’yash vaqtida fan bloklarining o’rnini almashtirib qo’yar edi. Masalan, kimdir “Ona-tili va adabiyoti” fani blokiga “Matematika”ni bo’yab qo’yardi. Bundayin “o’rin almashish” oxir-oqibat yakunda abiturientga juda va juda qimmatga tushar edi. Tasavvur qiling, abiturient ming qiyinchilik bilan test savollariga javoblarni belgilab chiqdi. Hammasi joyida, ko’p savollarga to’g’ri javob berganiga ishonib turibdi. Ammo javoblarni bo’yash vaqti kelganda, nimadir bo’lardi-yu, ehtiyotsizlik bilan bloklar o’rnini almashtirib qo’yadi. Tamom! Agar o’sha abiturient o’ta va o’ta omadli bo’lmasa, unda 1 yillik umri aniq kuydi degani edi.
Mazkur yildan boshlab, ushbu tushunmovchilikni oldini olish maqsadida Davlat test markazi javob varaqalariga kichik o’zgartirish kiritishga qaror qildi. Endi javob varaqalarida fanlar bloklarga ajratilmaydi. Bu qanday bo’ladi?
Masalan, tasavvur qiling, abiturient 3ta fan bloki bo’yicha test topshiradi:
1. Tarix;
2. Ona tili va adabiyoti;
3. Ingliz tili.
Savollar kitobida dastlab “Tarix” bloki savollari keldi deylik. 1 dan 36 gacha. Keyingi blokdagi “Ona tili va adabiyoti” fanidan savollarning tartib raqami yana yangitdan 1 dan emas, balki 37 dan boshlanadi, toki 72 gacha. Uchinchi blokdagi “Ingliz tili” fanidan savollarning tartib raqami mos ravishda 73 dan boshlanib, 108 gacha davom etadi.
Xuddi shuningdek, javoblar varaqasida ham bo’yash uchun ajratiladigan kataklar 1 dan 108 gacha raqamlanib, fan nomlari va bloklar kabi joylar olib tashlanadi. Ana shunda, abiturientlar fanlar blokini joyini almashtirib qo’yish kabi muammolarga duch kelishmaydi.
Faqatgina bitta vaziyatda fan nomi keltiriladi, bu ham bo’lsa “CHet tili” blokida abiturient qaysi chet tilini tanlashini (ingliz tili, nemis tili, frantsuz tili) ko’rsatib o’tadi.
Eslatib o’taman, test topshiriqlarini bajarish uchun quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:
72 savolga - 2 soat;
108 savolga - 3 soat.
Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanishi shart. Agar javoblar varaqasidagi “Belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa, jumladan bitta savolga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo’yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo’yalsa yoxud to’liq bo’yalmasa ushbu javobga ball berilmaydi.
To’ldirilgan javoblar varaqasi abiturientning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
Hujjatlarni topshirish joriy yilning 20 iyunidan boshlangan bo’lib, 20 iyuliga qadar davom etadi.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев