
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon.
Sog‘inchning neligin so‘rang o‘zimdan,
Yo‘lga xo‘p termulib tolgan ko‘zimdan.
Aytilmay yurakda qolgan so‘zimdan,
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon.
Sog‘inchni siz bedor tunimdan so‘rang,
Sizni o‘ylab o‘tgan kunimdan so‘rang.
O‘rtada sargardon yo‘limdan so‘rang,
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon.
So‘rang uni ko‘zda oqqan yoshimdan,
Yuzga ajin chizib ketgan yoshimdan.
Sog‘inch sabab zahar tomgan oshimdan,
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon!
Sog‘inchdan yurakda yaraldi qafas,
Тunim ne? Hatto kunim yorishmas.
Aldovni qo‘ying bir on, bir nafas,
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon.
Ming bora qaradim, guvohdir eshik,
Allaga zor bo‘lib chang bosgan beshik.
Yolg‘ondan qiynalib ketdi-ku bu jon,
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon.
Sog‘insangiz izlab kelmasmidingiz?
Bir bora holimni so‘rmasmidingiz?
Mening dardim anglab bilmasmidingiz?
Sog‘indim deb yolg‘on aytmang yorijon.
Sog‘inchingiz faqat gapda ekan-ku?
Yoki bor so‘zingiz soxta ekan-ku?
Yo‘q, yo‘q, qo‘ying yolg‘on bahonani-yu,
Sog‘indim deb hecham aytmang yorijon.
Endi
Aslo
Qaytmang
Yorijon


Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 3