:'(
Onajon (Muhammad Yusuf she’ri)
Topmoq – yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq – topmoq.
Sen so‘lib, men yashab,
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan,
Ko‘proq yo‘qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim.
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ona deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda,
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attang ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim
Bitta qizingga.
Uyalmay shoirman,
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko‘zlarimga
Bemajol, hasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta.
Yo‘qotganim senmi
Endi onajon?..
O‘z etimni o‘zim,
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni,
Bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt, pichan yig‘aymi,
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga,
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi, kech deysan-da,
Endi, kech deysan.
Yuzimni bosaman,
Muzday yuzingga,
Onajon, zor qilib
Ketma izingga!
O‘lim oldida ham,
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayr, do‘stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday.
Boring, volidangiz
Ko‘nglini oling.
Ertaga kech qolib,
O‘rtanmang menday.

Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 5