Bular odam emas, shaytonlar,
Sha’nimizni qorishar loyga.
Men sevaman, sen sevasan, bas,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Bular uchun bir pul muhabbat,
O‘zlarini o‘ylaydi faqat,
Bizlar haqda qilishar g‘iybat,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Tushunmaydi uyingdagilar,
Kammi sening ko‘yingdagilar,
Unut bo‘lar o‘yingdagilar,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Peshonadan ko‘ramiz, ketdik,
Nechun o‘zni buncha xor etdik,
Dema: bizni qo‘yishmas tirik…
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Ha, bilaman, gunohi azm,
Do‘st-dushmanga tashladim razm,
Qo‘l siltadim, ayladim jazm,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Ey, jonimning mohir kuloli,
Ikki qaroq — ko‘zim ziloli,
Tutgay bir kun ular uvoli…
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Katta bo‘lib topganda kamol,
Ko‘rishmoqlik kelarmi malol…
Tushunishar meni ehtimol…
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Qo‘rqma, qani, qo‘llarimdan tut,
Inson zoti yetmas u hudud,
Jonim, uzoq saqlama sukut,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Ko‘ksimda o‘t, kim ham o‘chirar,
Har qadaming hushing uchirar,
Ming yil o‘tib bizni kechirar…
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Biz baxt uchun ketmayapmiz, bil,
Sevgini pok asrash kerak dil,
Yo‘l ko‘rsatdi Haqqa shukur qil,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Cho‘ksam najot kutib har xasdan,
Yuqoriga intilib pastdan,
Sen Havomas, men Odammasman,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Holimiz ne g‘ayb biladi,
Oxir ko‘ngil mayib bo‘ladi,
Olib qochsam ayb bo‘ladi,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Kim ertaga umid bog‘lasa,
Va yo butkul dilin dog‘lasa…
Baxt topamiz Xudo xohlasa,
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Quyoshi bor, Yulduzi, Oyi,
Oppoq bulut, gulzor va soyi…
Oldingda ip eshmas chiroyi…
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.
Faqat senu, faqat men, yolg‘iz,
Mangu saqlash uchun sevgimiz,
Ko‘nglimdagi, o‘yimdagi qiz…
Yur, ketamiz, kimsasiz joyga.


Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 7