“NAVBAHOR” – “ANDIJON”
APREL 19, 2024
1
21-aprel kuni Oʻzbekiston Kubogining 2-turida “H” guruhi vakillari – “Navbahor” hamda “Andijon” jamoalari ishtirokida vodiy derbisi boʻlib oʻtadi. Shubhasiz, ushbu bellashuv 2-turning markaziy oʻyini hisoblanadi.
Hamma vaqt mazkur klublarning toʻqnashuviga qiziqish va eʼtibor yuqori darajada boʻladi. Bunday paytda ularning egallab turgan oʻrinlari ahamiyatsiz boʻlib qoladi va maydonda chinakam jang kechadi. Bu yil esa ikkala klubning maqsadi jiddiy. “Andijon” chempionatda peshqadam boʻlib turgani fikrimizga isbot boʻla oladi. Kubok bahslarida ham ikkala jamoa katta maqsadlarni qoʻyishgan.
Ilk turda “Andijon” oʻz maydonida “Dinamo” bilan 2:2 hisobida durang oʻynagan boʻlsa, “Navbahor” Qarshida “Nasaf”ni 1:0 hisobida yutib keldi. Endi bevosita “Navbahor” hamda “Andijon” klublari oʻrtasidagi qarama-qarshilikka toʻxtaladigan boʻlsak, bu jamoalar oʻtgan yili ham Oʻzbekiston Kubogi guruh bosqichida toʻqnash kelishgan. “F” guruhiga joylashishgan “Navbahor” va “Andijon” 2023-yilning 18-may sanasida Namangandagi stadionda 8069 nafar muxlis koʻz oʻngida bellashishgan. Zaxiradan maydonga tushgan Ibrohim Yoʻldoshevning 65-daqiqada kiritgan goli “Navbahor”ga 1:0 hisobidagi gʻalabani keltirgan.
Jamoalar Oʻzbekiston Kubogida ilk bor 1992-yili uchrashishgan. Oʻshanda musobaqaning 1\4 finalida ularning yoʻllari kesishgan. Ikkala bahsda ham namanganliklarning qoʻli baland kelgan. 1993-yilgi Kubok musobaqasida ikkala klub yana 1\4 finalda roʻbaro kelganlar. Ikki oʻyin natijasiga koʻra “Navbahor”ning qoʻli baland kelgan.
Umumiy hisobda “Navbahor” va “Andijon” klublari Oʻzbekiston Kubogida 7 marotaba kuch sinashishgan. Shundan 5 tasida namanganliklarning qoʻli baland kelgan va yana 2 ta bahsda jamoamizning ustunligi qayd etilgan. Toʻplar nisbati esa 13\6 “Navbahor” foydasiga.
Jamoalarning Oʻzbekiston Kubogidagi oʻzaro uchrashuvlari
1992-yil
1\4 final.
“Navroʻz” – “Navbahor” – 0:1; 1:3
1993-yil
1\4 final
“Navbahor” – “Navroʻz” – 4:2; 0:1
2002\2003-yillar. Guruh bosqichi.
“Andijon” – “Navbahor” – 1:4
2018-yil
1\16 final
“Andijon” – “Navbahor” – 1:0
2023-yil
Guruh bosqichi
“Navbahor” – “Andijon” – 1:0
Eslatib oʻtamiz, “Navbahor” – “Andijon” bellashuvi 21-aprel kuni soat 16:30 da Namangandagi “Markaziy” stadionda boshlanadi.
Boʻlajak uchrashuvda “Andijon” jamoamizga omad tilaymiz.
“Andijon” matbuot xizmati.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев