(Istixora – yaxshilikni talab qilish)
Bismillahir rohmanir rohiym
Barcha olamlar parvardigori, hamma narsa Oʻz qoʻlida, hamma narsaga qodir, qaysi ishning oqibati xayrli, qaysiniki xayrsiz hammasidan xabardor, yaxshilikni soʻrovchiga yaxshilik ato etguvchi Allohu taologa beadad hamdu-sanolar, yaxshilik yoʻllariga yetaklovchi, xayrsiz yoʻllardan ogohlantirguvchi, ummatlariga mehribon paygʻambarimiz hazrati Muhammadga, ahli baytlariga va u zotdan yaxshilik yoʻllarini ta'lim olib, keyingilarga ta'lim bergan sahobalar va tobeinlarga hamda ularga yaxshilik bilan ergashgan – qiyomat kuniga qadar kelguvchi – barcha moʻminlarga durudu-salovotlar boʻlsin!
Abdurrazzoq al-Badr aytadi:
Bu oʻrinda, ″Istixora ″ duosi haqida soʻz boradi. Musulmon odam oqibati–kelajagi qanday boʻlishini bilmagan bir ishga qasd qilgan paytda, ushbu duoni oʻqimogʻi kerak (ya'ni, ana oʻsha ishga qadam qoʻyishdan avval ″ Istixora ″ duosini oʻqimogʻi sunnatdir).
Sahih al-Buxoriyda Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi.
Jobir aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga Qur'ondan sura ta'lim berganlari kabi, barcha ishlarda ″Istixora ″ qilmoqni ta'lim berib aytar edilar: ″Qachonki, sizlardan biringiz bir ishni (qilmoqlikni) qasd qilsa, farz nomozdan boshqa (alohida) ikki rakaat namoz oʻqisin, keyin aytsin: ″Ey, Allohim albatta men Sening ilming bilan, Sening Oʻzingdan yaxshilik talab qilaman va Sening qudrating bilan Sening Oʻzingdan qudrat talab qilaman va Sendan buyuk fazlingdan soʻrayman, Sen albatta Qodir Zotsan, men qodir emasman va Sen bilasan, men esa bilmayman va Sen gʻayb(ish)larni juda yaxshi bilguvchi Zotsan. Ey, Allohim agar bilsanki, albatta mana shu ish (shu oʻrinda hojatini nomi bilan aytadi (ya'ni, qanday hojati boʻlsa, uylanishmi, safarmi va hokazo... shuni bayon qiladi) mening uchun dinimda, maishatimda (hayotimda) va ishimning oqibatida (oxirida) — yoki aytsaki: ishimning hoziri va kelajagida — xayrli boʻladigan boʻlsa, uni menga taqdir aylab, muyassar qilgin soʻngra u narsada menga barakot ato et. Agar bilsangki, albatta bu ish mening uchun dinimda, maishatimda (hayotimda) va ishimning oqibatida (oxirida) — yoki aytsaki: ishimning hoziri va kelajagida — yomon (xayrsiz) boʻladigan boʻlsa, u ishni mendan va meni u ishdan (chetga) burgin – yiroqlashtirgin, qaerda boʻlsa ham, menga yaxshilikni taqdir ayla soʻngra meni oʻshanga rozi qilgin (ya'ni, rozi boʻlmogʻimni nasib aylagin)» (Buxoriy: 1162 va 7390 – hadislarga qarang)
Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam, bir ishga qadam qoʻyib, uning oqibati xayrli yo xayrsiz, foydali yo zararli ekanini bilmay, taraddudlanib qolgan musulmon kishini ushbu muborak, buyuk duoga irshod etdilar (ya'ni, dalolat qildilar). Bu muborak duo, Islom ummati uchun johiliyat ahllaridan bir kishi, uylanish, safar qilish, oldi-sotti va shu kabi ishlarga hojati tushganida, amal qiladigan qush uchirib fol ochish, azlomlar (kamon oʻqlari) bilan qismat talab qilish kabi amallar oʻrniga evazdir. (Ya'ni, Islom bu kabi xurofiy ishlardan man qilib, oʻrniga ushbu muborak duoni joriy etdi). Ular bu (xurofiy)amallar bilan oʻzlariga taqsim etilgan, gʻaybdagi narsalarni bilishni talab qilishar edi. Johiliyat ahllarining bu qilib kelgan amallari gumrohlik va aqlsizlikdir. Alloh taolo Islom ummatini, yaxshi ishlarga va yaxshilik kalitlariga va ikki dunyo saodatiga olib borguvchi yoʻllarga hidoyat etib qoʻydi. Islom ummatiga hidoyat tariqasida eto etilgan ushbu buyuk duo ham, ana oʻsha, sizlarga bayon qilganimiz – hidoyatlar jumlasidandir.
Ibnul Qayyim rahimaxulloh aytadi: «Alloh taolo ularga (moʻminlarga) munajjimdan xabar soʻrash, tolei (yulduzi baland, past ekani)ni axtarish va shu kabi xurofotlar oʻrniga, tavhidni, U Zotning Oʻziga muhtojlikni, ubudiyyat (haqiqiy bandalik)ni, tavakkulni va soʻrashlikda har bir yaxshilik qoʻlida boʻlgan, bandasiga yaxshilik(eshik)larini ochib qoʻysa, oʻzga birov yopa olmaydigan, agar yopib qoʻysa, oʻzga birov ocha olmaydigan Buyuk Zotning oʻzidangina soʻrashni oʻzida mujassam etgan ushbu duoni evaz qilib berdi. (Ya'ni, johiliyat xurofotlaridan man etganligi evaziga ushbu muborak duoni ato etdi). Ushbu duo Alloh taolo tomonidan yaxshiliklar berilgan, tavfiq va saodat ahllarining saodatli, barakotli, baland va nurli tolesidir. Alloh taolodan oʻzgani Alloh bilan birgalikda iloh (ma'bud) qilib olgan – ″bu qilmishlarining oqibatini yaqinda biladir″ – shirk, badbaxtlik va omadsizlik ahllarining past va nursiz tolelari emas!
Ushbu duo Alloh Subhanahuning borligini, beqiyos ilm, cheksiz qudrat, iroda va shu kabi komil sifat sohibi ekanini, U Buyuk Zotni parvardigor deb iqror etishni, barcha ishlarni Unga topshirib, Undan yordam soʻrab, Uning Oʻziga tavakkal qilishni, oʻzining zaifligini tan olib, kuch-qudrat faqatgina U Zot tomonidan ato etilishiga qat'iy ishonishni, banda oʻziga nima narsalar foydali ekanini bilmasligi va ularni oʻziga jalb etishdan ojizligini e'tirof etishini va albatta bu narasalarning barchasi Alloh taoloning qoʻlida ekaniga iymon keltirishni oʻzida mujassam etadi...» va soʻzining oxirida Ibnul Qayyim aytadi: ″Maqsad shuki, albatta ″Istixora″ Allohga tavakkal qilib, oʻzni Unga topshirishdir. U Zotning bandasiga yaxshilikni ixtiyor etishi, ilmi va qudrati bilan U Zotning Oʻzidangina qismat talab qilishdir. Yana, u (ya'ni, ushbu duo) banda U Zotni robbim deb, rozi boʻlishining talablaridandirki, bu darajaga yetib bormagan odam iymonning lazzatini tatiy olmaydi. Banda bularning barchasidan keyin taqdirga tan bersa, mana shu uning baxt-saodatining alomatidir″. (Ibnul Qayyimning ″Zodulma'od″ kitobidan)
Rabbining hamma narsani ihota qilib olguvchi ilmi bilan, U Zotning Oʻzidan yaxshilik talab qilgan, hamma narsa ustidagi Uning Komil Qudrati bilan qudrat talab qilgan va U Buyuk Zot Subhanahuning Buyuk Fazlidan umid qilib, soʻragan kishi aslo pushaymon boʻlmagay.
Jobir raziyallohu anhuning «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga, barcha ishlarda ″istixora″ qilmogʻimizni, xuddi Qur'on suralarini ta'lim berganlaridek ta'lim berardilar», degan soʻzlarida: ″Nabiy sollallohu alayhi va sallam ushbu duoga qattiq ahamiyat berganlariga, unga rioya qilib, qattiq e'tibor qaratganlariga dalolat bor″.
U zot raziyallohu anhuning «Bizlarga, sizlardan biringiz bir ishni qasd qilsa», degan soʻzlari esa: ″Ya'ni, safarga chiqmoq, uylanmoq va shuning kabi ishlarning oqibati qanday boʻlishini bilmasa, deganidir. Ammo farz amallarni bajarishda, harom qilingan amallarni tark etishda ″istixora″ qilinmaydi″. (Masalan, zakot vojib boʻlgan kishi zakot berishdan avval ″istixora″ qilmaydi, shuningdek, aroq ichishdan qaytarilgan shaxs, avval istixora qilayin keyin... demaydi).
«Farzdan boshqa ikki rakaat nomoz oʻqisin» degan soʻzlari: Ya'ni, aslida farz etilgan nomozlardan boshqa, ikki rakaat nomoz oʻqisin, zero u oʻqigan ikki rakaat nomozi yaxshilik eshiklarini ochguvchi kalit, talablarini qabul etilishi va maqsadlarini roʻyobga chiqarilishi uchun asosiy omildir.
Biron bir hadisda mana shu nomoz – ″istixora″ uchun oʻqilgan nomozda, qiroat qilinishi uchun, Qur'ondan muayyan bir oyat yoki surani ta'yin etilgan emas. Shuning uchun ″istixora″ qiluvchi kishi, Qur'ondan muayyan bir oʻrinni oʻqish lozim deb bilmay, Alloh muvaffaq qilganicha bilgan yeridan oʻqishi mumkin.
«Keyin aytsin» degan soʻzlarining zohiri shuni koʻrsatadiki, duoni nomozni tamomlagandan keyin ya'ni, salom bergandan keyin oʻqilishi kerak. Ammo salomdan avval ya'ni, namoz oxirida aytiladigan duolar soʻngida oʻqish joizligining ehtimoli ham yoʻq emas. Biroq salom berib, namozdan chiqib, oʻqishi afzalroqdir. Qoʻl koʻtarib duo qilish ijobat sabablaridan boʻlgani uchun, ikki qoʻlini koʻtargan holda duo qilishi yanada yaxshiroqdir.
″Istixora″ duosini yod bilmagan kishi, uni kitobdan qarab oʻqishi ham mumkin. Ammo, duo qilayotgan chogʻida qalbini hozirlamogʻi, Alloh taologa yolbormogʻi, duoni sidqi dildan qilmogʻi va bu muborak duoning ma'nolarini taammul qilmogʻi lozim boʻladi. Duoni yod bilmagan, kitobi ham boʻlmagan kishi esa, ″Istixora″ qilmoqligi zarur boʻlib qolsa, ikki rakaat namoz oʻqib, yaxshilik talabi ma'nosidagi duolardan muyassar boʻlganicha (ya'ni, bilganicha) duo qilsa ham, joiz boʻlaveradi.
«Ey, Allohim albatta men, Sening ilming bilan, Sening Oʻzingdan yaxshilik talab qilaman» degan soʻzlari: Ya'ni, Ey, Allohim men Sendan mening uchun, hamma narsani – boʻlgan, boʻlajak va hali boʻlmaganu agar boʻlsa qanday shaklda boʻlishini–ihota qilib olgan ilming bilan ishlarimdan eng xayrligini, eng toʻgʻrisini ixtiyor etishingni soʻrayman.
«Sening Oʻzingdan buyuk fazlingdan (ato etishingni) soʻrayman» degan soʻzlari: Ey, Allohim Sen meni Oʻz fazling bilan ikrom etib (yorlaqab), ne'matlaring bilan, menga minnat etmogʻingni soʻrayman. Sening yolgʻiz Oʻzing, in'om etuvchi, fazlu-karam sohibi, sheriksiz, Yagona, Ma'budi barhaqsan!
«Sen albatta Qodirsan va men qodir emasman, Sen bilasan va men bilmayman va Sen Oʻzing gʻayb(ish)larni juda yaxshi bilguvchi Zotsan» degan soʻzlarida, Alloh taoloning hamma narsaga qodir ekaniga, Yeru, osmondagi biror narsa Uning ilmidan chetda qolmasligiga iymon keltirish va bandaning zaifligi – ojizligi va oʻzining valiy – xojasi boʻlmish Allohga muhtoj ekanini e'tirof etish mavjuddir.
«Ey, Allohim agar bilsangki, albatta mana shu ish...» degan soʻzlaridagi ″ish″dan maqsad qadam qoʻymoqchi boʻlgan ishidir. Shuning uchun u qilmoqchi boʻlgan ishni ayni oʻzining nomini – uylanishmi, oldi-sottidimi, safarmi va hokazo, nima ish qilmoqchi boʻlgan boʻlsa, oʻsha ishni nomi bilan zikr qiladi.
«Agar bilsangki» degan soʻzlari banda oʻz ishlarining oqibati qanday ekanini bilmasligiga, Alloh Subhanahuning ilmi esa, hamma narsani ihota qilib oluvchi ekaniga dalolat qiladi.
«Mening uchun dinimda, maishatimda (hayotimda) va ishlarimning oqibatida yaxshi boʻlgan...» degan soʻzlari: Eng avval dinni zikr qildilar zero, din sogʻlom boʻlsa, hamisha yaxshilik mavjuddir, agar dinga xalal yetgudek boʻlsa, undan soʻng yaxshilikdan umid yoʻqdir.
«Yoki, ishimning hoziri va kelajagida» degan soʻzlari: Hadis rivoyat qiluvchining shakka tushib qolishi, ya'ni shu oʻrinda qaysi lafzni ishlatganlarini aniq bilmay qolganligidir (bu esa sahobalarning hadis rivoyat qilishda qay darajada omonatdor ekanliklariga dalolat qiladi). Ushbu ikki lafz ham yuqoridagi ma'noni ifodalaydi.
«Uni menga taqdir qil, uni menga yengil qil» degan soʻzlari: Ya'ni, shu ishni menga taqdir aylab, muyassar qil.
«Soʻngra, unda men uchun barakot ato et» degan soʻzlarida uni (u ishni) men uchun bardavom aylab, ziyoda qilgin deyilgan ma'no bor, chunki, barakot ne'matning davomli turishini va unib-oʻsishini oʻz ichiga oladi.
«Agar bilsangki, bu ish mening uchun yomon...» degan soʻzlari va duoning oxirigacha boʻlgan jumlalardan, bu ishdan uning koʻnglini chetga burib qoʻyishni, u bilan bu ishning oʻrtasini uzoqlashtirishini va bu ish vujudga kelishi yoki kelmasligida nimani qismat etilgan boʻlsa, ana oʻsha narsaga rozi boʻlishni nasib etmoqni Allohning Oʻzidan tilamoq kerakligi tushuniladi.
Yaxshilik Alloh Subhanahu ixtiyor etgan narsada, tavfiq ham, U Zotning qoʻlidadir. U Buyuk Zot Oʻzigina toʻgʻri yoʻlga yetaklovchidir.
(Tarjimon tomonidan ikki kalima: Bizning yurtlarda ″Istixora″ haqida sunnatda kelmagan bir tushuncha bor: «Uxlashdan avval ikki rakaat namoz oʻqib, ″Istixora″ duosini oʻqigandan soʻng uxlasin, qilmoqchi boʻlgan ishi xayrlimi yoki xayrsizmi tushida ayon boʻladi, shu tushiga qarab amal qiladi» deyiladi. Bu notoʻgʻri tushunchadir. Chunki, ″Istixora″ qanday suratda boʻlishini bayon qilingan sahih hadisda, tush haqida hech qanday gap kelgan emas. Sunnatda bayon qilinmagan. Asli yoʻq narsaga amal qilinmaydi).
Abdurrazzoq ibn Abdulmuhsin al-Badrning ″Fiqhul-ad'iyati val-azkor″ kitobidan olib, erkin uslubda tarjima qilindi.
Abdulhafiz Siroj tarjimasi
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 2