Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ummatov Rustamjon Nuriddinovich (29.04.1952, Namangan viloyati Chortoq shahri) – adib, shoir, tarjimon va akademik. “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovi g‘olibi (2001), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” nishoni bilan taqdirlangan (2006). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zosi, “Turon” Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (2017).
R. Ummatov 1952 yil 29 aprel kuni Namangan viloyatining Chortoq shahrida tavallud topgan va rahmatli qiblagohi usta Nuriddinni o‘zining ilk ustozi deb biladi. Adib 1959–1969 yillarda Abu Ali ibn Sino nomli 57-o‘rta maktabda, 1970–1974 yillarda Namangan Davlat pedagogika institutining (NamDU) tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan. Oliy ma’lumotli bo‘lgach, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 76-maktabda o‘qituvchi (1974–1981), Namangan viloyat teleradiokompaniyasida muharrir, bo‘lim mudiri, katta muharrir, bosh muharrir (1982–1999), “Namangan haqiqati” gazetasida maxsus muxbir (2000–2012), respublikaning yetakchi nashrlaridan “Qishloq hayoti” gazetasining Namangan viloyati, keyinchalik Farg‘ona vodiysi bo‘yicha muxbiri (2001–2007) va respublika “Adolat” gazetasining Namangan viloyatidagi o‘z muxbiri vazifalarida ishladi. Mana, 40 yildirki, uning jurnalistik faoliyati radio-televideniye va vaqtli matbuotning bezagi bo‘lib kelmoqda.
Ajdodlar qoni, Chortoqning musaffo tabiati ruhiyatda jarang berib, ijod olamiga yetaklaganki, “Namangan haqiqati” va “Qishloq hayoti” gazetalarida ishlagan kezlari, keyingi yillarda yozgan publitsistik asarlari, ocherk va tarixiy mavzudagi olti yuzdan ortiq yirik maqolalari Rustamjon Ummatovni eng ko‘p muxlisga ega jurnalist sifatida tanitdi: Shayx Namangoniy izlari, Mavlono Homidiy domla, Mishel Nostradamus, Akademiyalar va akademiklar vatani, Biz uchun dunyo qalam, Huquqshunoslar va jurnalistlar bahsi, Azizlar Xudo emas, Xudodan judo emas, Quyosh, oy, yer va inson, Suvni ko‘rmay etik yechganlar, Gitler va Yeva Braun, Axsikent: asrlar osha nazar, Qora lola, Shoirni o‘ldirib qo‘ygandilar, “To otang rozi emas...”, Pushkin va duel, Jo‘jani yozda sanayotganlar, Uch kun va yuz ellik yil, Pora, Qalam va kishan, Bir savat kitob, Jyul Vern va O‘zbekiston, Ellik to‘rtinchi yil bolalari, Bir kun va bir umr, Qalamlariga hasanot, Qabrlar va taqdirlar, To‘rt to‘qqizli tillo, Tolstoy, Bondarchuk va Javlon aka, Ona duosi, Nodim va Nodimzodalar, Kimyogar, Oyqiron va oyqironliklar, “Kasalni aslo qo‘rqitmag‘il...”, Kelganlariga bir qulluq edi... Ko‘hna Axsikent va axsikatiylar, Professor Uluqov: ellik yil va chorak asr, Martin Borman – buyuk chaqimchi, Hazratlarga hasrat bo‘lgan olmoslar...
R. Ummatov o‘z ishining fidoyisi, adabiyotning qaysi jabhasida qalam tebratmasin, so‘zga bo‘lgan munosabati o‘sha-o‘sha – jiddiyligicha qolgan. Uning dastxatidan chiqqan har bir kalima tafakkur va qalb amri bilan saralanadi va ma’qul “mahsulot”gina kitobxonga havola qilinadi. Tarix fanlari nomzodi, dotsent Baxtiyor Is’hoqov ta’biri bilan aytganda: “Rustamjon Ummatov – polvon, so‘z polvoni”.
“Charog‘bon” (hujjatli qissa), “Ko‘ngil gavhari” (she’rlar), “Vido manzili” (esse), “Odam borki...” (hikoyalar, hajviyalar, hangomalar) uning ijodida alohida o‘rin tutadi. “Zulmatda so‘ngan ziyolar” (ocherklar), “Obi ravon”, “Samandar”, “Axsikent” va “Charog‘bonlar” kabi asarlarini esa adabiy-tarixiy tadqiqotlar sirasiga kiritish mumkin. Yozuvchi ayni kunlarda bir yo‘la ikki yirik romanni bitkazib, so‘nggi boblarni qog‘ozga tushirmoqda (“Qotillarni qoldirib dog‘da” va “Ko‘hinur”). Shuningdek, ikki buyuk tarixiy shaxs – Zahiriddin Muhammad Bobur va Napoleon Bonapart hayoti va faoliyatiga qiyosiy nuqtai nazardan qarab yaratilgan “Bobur va Napoleon” monografiyasi nashrga tayyor, tez orada kitobxonlar hukmiga havola etiladi.
Rustamjon Ummatov badiiy tarjima sohasida ham samarali ish olib bormoqda. Dastlab Jyul Vernning “Klodius Bombarnak” (2012) va Bruno Travenning “Oltin kasofati” (2014) romanlari uning tarjimasida “SHARQ” va “DAVR PRESS” nashriyotlarida chop etildi. R. Ummatov o‘zbekchalashtirgan “Muzlar iskanjasida” va “Robinzonlar maktabi” (Jyul Vern), Sharl Loran qalamiga mansub “Napoleonzoda” va “Napoleonning josusi”, Aleksandr Dyumaning “Ikki Diana”, “Qasos va muhabbat” (Genri Rayder Xaggard) romanlari esa 2016 yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida (adadi besh ming nusxa) bosildi. Fransuz romannavis adibasi Lorans Kosse xonimning “31 avgust” hamda “Shevale de Mezon Ruj” (A. Dyuma) romanlari ham adib tarjimasida nashrdan chiqish arafasida. Malika Diananing Alma tonnelidagi fojiona avtohalokatiga (Parij, 1997) mantiq va adolat nuqtai nazaridan yondoshib yaratilgan “31 avgust” asari “Jahon adabiyoti” jurnalining 2017 yil 8-sonida e’lon qilindi.
Endilikda mutarjim fransuz adiblari Ann va Serj Golonning mashhur “Anjelika” (14 jildlik) roman-serialiga qo‘l urib, epopeyaning dastlabki uch kitobini rus tilidan o‘zbekchaga o‘girishni nihoyasiga yetkazdi.
Otasi – Nuriddin Ummatov 1914 yili Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. Urushgacha dalada ishlagan, Katta Farg‘ona kanali qurilishida qatnashgan. 1939 yil dekabr oyida harbiy xizmatga ketgan: Lutsk (Ukraina) shahrida xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi paytida partizanlikda bo‘lib, bitta medal va ikkita orden olgan. N. Ummatov 1944 yil iyun oyida urushdan omon qaytadi va kolxozda brigadir bo‘lib ishlaydi. Keyin 25 yil kosibchilik bilan shug‘ullangan va 1987 yil 22 iyun kuni (73 yoshida) vafot etgan. Qurbon oyida tug‘ilgani uchun uni usta Qurbon deb ham atashgan.
Onasi – Sojiraxon Ummatova 1925 yili Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. Urushgacha boshlang‘ich maktabda o‘qigan: lotincha savodi bo‘lgan. Uy bekasi edi. 2012 yil 2 dekabr kuni (87 yoshida) vafot etgan.
Ular 1946 yilning yozida turmush qurishgan va 9 farzand ko‘rishgan. Voyaga yetgan o‘g‘il-qizlari: Rustamjon Ummatov (1952), Saidaxon (1954), Muhammadamin (1959–2003), Habiba (1963), Muhammadrahim (1967).
– Rustamjon Ummatov deganda, talantli yozuvchi, ehtirosli shoir, mahoratli jurnalistni tushunaman. Uning nomi bugun nafaqat viloyatda, respublikada ham mashhurdir. R. Ummatov hamisha izlanadigan, yangiliklarni qidiradigan va erinmay o‘ylab topadigan universal ijodkor. Rustamjon, meni nazarimda, odamlarni qadrlay biladigan, beva-bechoralarga rahm qiladigan, do‘stlaridan tez-tez xabar oladigan va bu bilan o‘ziga porloq yo‘l ochadigan inson sifatida tanilgan. Men bunday odamlarni umrbod qadrlayman, xurmat qilaman.
(Shoir va publitsist G‘ulomjon Akbarov, 2013 yil.)
Adib turmush o‘rtog‘i Jamilaxon bilan to‘rt o‘g‘il, bir qizli bo‘lishdi: Moxirjon, Abdurasul, Sarvaroy, Abdurashid va Abdusattor.
Asarlari: 1. Charog‘bon (hujjatli qissa, 2000). 2. Zulmatda so‘ngan ziyolar (ocherklar, 2000). 3. Qutlug‘ dargoh (maktab tarixi, 2002). 4. Ko‘ngil gavhari (she’rlar, 2002). 5. Vido manzili (tarixiy esse, 2005). 6. Obi ravon (sug‘orish tizimlari tarixi, 2007). 7. Samandar (yong‘in xavfsizligi tarixi, 2007). 8. Axsikent (Axsikent tarixi, hammualliflikda, 2009). 9. Odam borki... (hikoyalar, hajviyalar, hangomalar, 2009). 10. Samandar (qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashri, 2009). 11. Charog‘bonlar (energetika tarixi, hammuallif – R. Musayev, «Sharq», 2016). 12. Qotillarni qoldirib dog‘da (roman). 13. Bobur va Napoleon (tarixiy-qiyosiy esse)...
Tarjimalari: 1. Klodius Bombarnak (Jyul Vern, roman, «Sharq», 2012). 2. Oltin kasofati (Bruno Traven, roman, 2014). 3. Napoleonzoda (Sharl Loran, roman, 2016). 4. Napoleonning josusi (Sharl Loran, roman, 2016). 5. Robinzonlar maktabi (Jyul Vern, roman, 2016). 6. Muzlar iskanjasida (Jyul Vern, qissa, 2016). 7. Ikki Diana (Aleksandr Dyuma, roman, 2016). 8. Qasos va muhabbat (Rayder Xaggard, roman, 2016). 9. 31 avgust (Lorans Kosse, roman, “Jahon adabiyoti” jurnali, 2017, 8-son). 10. Shevale de Mezon Ruj (Aleksandr Dyuma, roman, 2018)...
Manbalar: 1. Homidiy H, Ma’murov M. Namangan adiblari. Toshkent, “Fan”, 2007. 2. Jamoliddin Muslim. Gulshan diyor kuychilari. (To‘plam). Toshkent, “Navro‘z”, 2014. 3. Chortoq tumani tarixi. Toshkent, “Universitet”, 1995. 4. Azizov M, Haydarova D. Ma’naviyat sarchashmalari. “Namangan”, 2009. 5. Xalilbekov A. Namangan adabiy gulshani. “Namangan”, 2007. 6. Sodiqov Z. Fransuz tarixiy romanlarining namanganlik tarjimoni. “Namangan haqiqati”, 2016 yil 28 sentyabr. 7. Nosir Abbos. Adabiyot tilshunoslikdir. “Namangan haqiqati”, 2017 yil 18 fevral. 8. Baybulatov A. Akademiki iz mira priklyucheniy. “Namanganskaya pravda”, 2017. 9. Muso Akmal. Akademik unvoni muborak! “Tamaddun”, 2017. 10. Baybulatov A. Assalomu aleykum, janob Bombarnak! “Namanganskaya pravda”, 2012. 11. Sodikov Z, Baybulatov A. Iskusstvo perevoda. “Namanganskaya pravda”, 2016. 12. Reshetnikov I. V Namangane perevodyat na uzbekskiy yazik fransuzskiy klassikov. “Namanganskaya pravda”, 2017.

Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев