Keling, sizga bir ertak aytib beray.
Qadim-qadim zamonlarda bir shahar bo’lgan ekan. Uning bir zolim podshohi bo’lib, u faqat o’z bilganicha ish tutar, na vazirlarining maslahatlariga va na shahar aholisining arzlariga quloq solar ekan.
Uzoq o’lkalardan keluvchi savdogarlar shaharliklarga boshqa mamlakatlarda odamlar qanday erkin yashashlari, madaniy rivojlanishda katta yutuqlarga erishgani, o’z tabiatlarini ma’naviy yuksak qilib tarbiyalashgani haqida aytib berar ekan. Shaharliklar bu gaplarni havas va nadomat bilan eshitar, borgan sari o’z shohlaridan norozi bo’lib qolishar ekan.
Aholi orasida bunday norozilikni bartaraf etish va bo’lg’usi g’alayonlarning oldini olish uchun makkor shoh o’z shahri darvozalarini batamom berkitib, shaharni tashqi dunyodan uzib qo’yishga qaror qilibdi.
Bu qarori shaharliklarning kuchli noroziligiga sabab bo’lishini bilgan shoh vaziyatdan chiqib ketishning juda ayyor yo’lini topibdi. U o’z askarlarining bir qismini tunda yashirincha shahar tashqarisiga olib chiqib, ularni o’zga mamlakat askarlaridek kiyintiribdi. Ularga tong otishi bilan shaharga hujum qilib, uni qamalga olishni buyuribdi.
Ertasiga soxta lashkar shaharga hujum qilibdi. Shoh himoyalanish vaji bilan shahar darvozalarini mustahkam berkitishni buyurib, har bir darvozaga qattiqqo’l soqchi qo’yibdi. Kimki shahardan chiqishga harakat qilsa, u dushmanga sotilgan xoin sifatida qatl etilishi e’lon qilinibdi.
Shu tariqa shahar aholisi qamal ostida ekaniga ishontirilibdi. Yillar o’tibdi hamki, podshoh hiylasi bo’lgan “dushman” qamalni yechmabdi.
O’sib borayotgan shahar aholisiga turar joy va oziq-ovqat yetishmay qolibdi. Ustiga-ustak, shaharda turli kasalliklar tarqay boshlabdi. Natijada aholi o’sishdan to’xtabdi. Oziq-ovqat va yashash muhiti uchun raqobat kuchaygani sari, odamlar vahshiylashib, tubanlashib boribdilar.
Atrof dunyo rivojlanishda davom etaveribdi. Ammo qamaldagi shahar buzg’unlikka duchor bo’libdi. O’ttiz yildan so’ng shahar aholisi ikki barobarga qisqarib ketibdi. Yarim asrdan keyin esa shaharda zolim shoh va uning yaqin soqchilaridan boshqa hech kim qolmabdi…
Ertakning oxiri ayanchli – uning yakunini o’ylab topishni sizga qoldiraman. Ammo unda juda muhim saboq yashirin.
Kitobxon, men ochmoqchi bo’lgan navbatdagi sir sizga mutlaqo yoqmasligi mumkin. Lekin ochiq qalb va ochiq fikrlilikni saqlay bilsangiz – men haq ekanimga amin bo’lasiz.
Har birimizning dunyoyimizda ana shunday shahar mavjud. Bu – sizning shaxsiyatingiz shahridir. Uni sizning aqlingiz qamal qilgan. Nega deb o’ylarsiz? Xuddi ertakdagi zolim shoh kabi sizning shaxsiyatingiz ustidan to’liq hokimiyatga erishish uchun. U sizning har bir qaroringiz va xatti-harakatingizni boshqarishga, hayotingizni o’z xohishiga ko’ra qurishga intiladi.
Bilim – baxt kaliti. Ammo, afsuski, ko’pincha bilim – sizning shaxsiy o’sishingizni to’xtatib qo’yadigan, ma’naviy yuksalishingizga qarshilik qiladigan “soxta dushman”. U, albatta, sizning aqlingizga bo’ysunadi. Faqat u shu aql buyrug’iga ko’ra dushman kiyimini kiyib olgan va sizning qalbingizni qamalda saqlaydi.
Ishonmaysizmi? Aynan sizning xatti-harakatlaringiz bunga isbot. Siz biror narsada xato qilsangiz, uni osongina tan olasizmi? Yo’q. Birov sizga to’g’ri maslahat bersa-yu, u sizning aqlingiz intilgan narsalarga mos kelmasa – bu maslahatga quloq solasizmi? Yo’q. Siz ko’pi bilan o’zingizni u odamning maslahatini olgandek qilib ko’rsatasiz – ammo baribir o’z bilganingizdan qolmaysiz.
Bizning aqlimiz shu darajada ayyor va uddaburonki, u tamoman atrof-dunyoni qanday ko’rishimizgacha ta’sir qiladi. Agar aqlingiz chiroyli kiyingan odam badavlat bo’ladi deb qonun chiqargan bo’lsa, siz kiyinishi chiroyli bo’lgan odamni o’zingiz bilmagan holda oliynasaflar toifasiga qo’shaverasiz. Agar sizni, aytaylik, qora ko’zoynak taqqan odam aldab, chuv tushirib ketgan bo’lsa, sizning aqlingiz qora ko’zoynak taqqan boshqa har qanday odamga shubha bilan qarayveradi.
Bundan tashqari, har birimizda oila, maktab va jamiyat ta’sirida “yaxshi” va “yomon” narsalar haqida tushuncha shakllanib qolgan. Aqlimiz bu tushunchalarni qonun darajasiga ko’tarib, ular vositasida dunyoni boricha ko’rishimizga halal beradi.
Aytaylik, bizga yoshligimizdan ichkilikbozlik juda yomon ekanligi uqtirib kelinadi. Natijada aqlimiz spirtli ichimlikni yomonlik belgisi deb qoida qilib qo’yadi. Siz aroq do’koni oldida turgan odamni ko’rib qolsangiz, u haqida yaxshi xayolga borishingiz qiyin. Agar u cho’ntagidan pul olib sanab qo’ysa – u g’irt aroqxo’r ekaniga ishonasiz qo’yasiz. Vaholanki, u aroq do’koni oldida boshqa maqsadda turgan, pulni esa kasal yotgan farzandiga dori olish uchun do’kon egasidan shoshilinchda olgan qarzini to’lash uchun sanayotgan bo’lishi mumkin.
Yuqoridagi kabi misollarni minglab keltirish mumkin. Xulosa esa aniq – dunyoni aqlimiz o’rnatgan qoidalar asosida baholash, atrofingizda aslida kechayotgan jarayonlarni ko’ra bilmaslik degani.
Ammo eng katta muammo bundamas hali.
Eng achinarlisi, aqlining gapiga ergashishda o’ta chuqurlashib ketgan odam shaxsiy, ya’ni ma’naviy o’sishdan to’xtab qoladi. Buning eng yaqqol misoli – hamma narsani bilishga da’vo qilgan odamdir. U o’z bilim va tushunchalariga shu qadar tobe bo’lib qolganki, o’zgalar fikri va qadriyatlari uning uchun xato bo’lib ko’rinaveradi.
Albatta, siz bunday odam emassiz. Bu kitob unday odam qo’liga tushsa edi, u ensasi qotib yoki masxaromuz kulib, kitobni yelkasidan oshirib tashlagan bo’lardi. To’g’rida – u shundoq ham qanday yashash kerakligini biladi, bunda unga darslik kerak emas.
Biroq har birimizda ana shunday o’zbilarmonlik illati ozmi-ko’pmi bor. Buni tan olamizmi-yo’qmi, har birimiz o’zgalar fikrini har doim ikkinchi darajaga qo’yamiz. Aqlingiz hozir “Nima unda boshqalarning fikriga qarab yashashim kerakmi?” deb g’azablanayotganini sezib turibman. Unga qarshi men hech narsa demayman – chunki aqlingiz har qanday gapimni inkor qilishda davom etaveradi.
Umuman, men sizning aqlingiz emas – qalbingiz bilan sirlashsam degandim. Ammo, avval aytganimdek, aqlingiz qalbingizni yetti en devor bilan o’rab, qamal qilib olgan. Ko’nglingiz darvozalariga kalladek qulf osib, uning kaltini qaysar posbonga topshirgan. Shu bois ko’nglingizga yo’l topish uchun men sizning aqlingiz bilan sulhga bormasdan ilojim yo’q. Kalitdor posbonga aniq mantiqiy isbotlardan pora berib, uni avrab darvozani ochib berishga ko’ndirishga urinib ko’raman. Agar aqlingiz toqatsizlik qilib, meni quvib yubormasa – qalbim aytgan sirlar qalbingizga yetib borishiga ishonaman.
Inson aqli u hayotida shu kungacha olgan bilimlardan foydalanib ish ko’radi. Bolalikda bizning aqlimiz bilimga chanqoq, yangilikka intiluvchan bo’ladi. Shuning uchun kattalarni turli-tuman savollar bilan qiynab qo’yamiz. Ba’zida kattalar yosh bolaning savoliga javob bera olmay qoladi – bunda savolning javobi ular bilim doirasiga kirmaydi.
Ulg’ayib borar ekanmiz, biz bilgan narsalar ko’payib boradi. Avval aytganimdek, aqlimiz bilgan narsalarini qonun qilib o’rnatib qo’yadi. Borib-borib, bunday qonunlar shu darajada ko’payib ketadiki, ular yangi bilimga intilish istagini yengib ketadi. Kishi o’z hayotiy tajribasiga shubha qilmaydi va hayotni hozirgacha bilgan narsalari doirasida tahlil qilib yashayveradi.
Ammo o’ylab ko’ring. Axir, dunyo – bu cheksiz haqiqatlar makoni.
Sathi futbol maydoniga teng oq qog’ozni tasavvur qiling. Mana siz uning ustida yuribsiz. Qo’lingizda qalam. Qani, shu qalam bilan qog’ozga tangadek aylana chizing. Bo’ldimi? Yaxshi. Endi uning yoniga koptokdek aylana chizing. Buni ham uddaladingizmi? Ofarin. Endi katta doshqozon og’zidek aylana chizing. Bu ham juda oson – shunday emasmi? Endi uchala aylanaga qarang – diqqat bilan qarang.
Sizning bilimlaringiz xuddi aylanadek cheksiz katta dunyoning bir bo’lagini ajratib beradi. Bilimingiz qancha ko’p bo’lsa – qog’ozdagi aylanangiz shuncha katta demak. Lekin siz o’z aylanangizni chizib, uning hoshiyalarini qalinlashtirib mustahkamlab qo’ysangiz – aylanangiz o’sishdan to’xtaydi.
Anglab turganingizdek, aylana qancha katta bo’lsa, shuncha yaxshi. Biroq men sizga bilim aylanangizni iloji boricha kattaroq chizishni emas – uni o’sishdan to’xtatmaslikni taklif qilmoqchiman. Axir, tinimsiz o’sib borgan aylana bir kun kelib futbol maydonidan ham kattaroq bo’lib ketishi mumkin…
Biz bilishimiz mumkin bo’lgan haqiqatlar cheksiz ko’p. Uning bir qisminigina ajratib oladigan va shu bilan cheklanadigan odamlar – o’z manfaatlariga zid ish qiladilar. Ular odatda “Men bilgan narsalarim – haqiqat. Undan boshqa narsalar – safsata va men bu safsataga qiziqmayman” kabi tamoyilda yashaydilar.
Chinor navdasini gultuvakka ekib qo’ysangiz, uning ildizlari tuvak sopoliga qadalishi bilan, u o’sishdan to’xtaydi va tez orada qurib qoladi. Vaholanki, uning o’sish muhiti tuvak bilan cheklanmaganda – u ulkan va barhayot daraxt bo’lib yetishar edi.
Siz – ulug’likka atalgan bekam qalb egasisiz. Shunday ekan, shaxsiyatingiz daraxtini o’sishdan tiyib turgan aql cheklovlaridan xalos bo’ling. Bunga erishish oson emas. Ammo natija – barcha urinishlaringizni oqlaydi.
Aql qamalida qolgan shaxsiyat shahrini tashqaridan kelgan kuchlar ozod eta olmaydi. Ya’ni men sizning shaxsiyatingizni cheklanishlardan xalos qila olmayman. Men sizga buni qanday qilish mumkinligini aytolaman, xolos. Bunday qahramonlikka zolim shohning gapiga ishonib yashayotgan shaharliklargina qodir. So’nggi qarorqalbingizdan…
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев