O'sha men edim-ku, o'sha men edim (Xurshid Abdurashidga o'xshatma)
Sog'inding, o'rtanding, o'kinding, so'kding,
"Yo'qlamaydi" - debon aylading gina.
Alamlaring yana qog'ozga to'kding,
Yomg'ir derazangni yuvar jimgina.
Boqmading, tonggacha yog'dim betinim,
O'sha men edim-ku, o'sha men edim.
Men yo'q manzillardan izim izlading,
Mensiz yo'laklardan yo'naldi yo'ling.
Makonim qaydadir, nahot sezmading,
Raqamimni xato terardi qo'ling.
Yozganing chelakka irg'itding - g'ijim,
O'sha men edim-ku, o'sha men edim.
Shokir Yo'ldosh
Shunday bir she’r yozsam, o‘qigan
Yuragi sel bo‘lib yosh to‘ksa.
Ketgan dard, kelar dard vajhidan,
Ko‘zyoshiga batamom cho‘ksa.
Shunday bir she’r yozsam, o‘qigan,
Yuragin qoplasa quvonchi.
Ketgan kun, kelar kun vajhidan,
Tiklansa iymoni, ishonchi.
Shunday bir she’r yozsam, o‘qigan
Yurakning gullarin changlasa.
Chin baxt ne tushunish vajhidan,
O‘zini, o‘zligin anglasa.
Shunday bir she’r yozsam, qaniydi...
Shokir Yo‘ldosh
...hilolning botinida o‘z vazifasini ado etishdan, ya’ni olamni charog‘on aylashdan o‘zga ehtiyoj yo‘q edi... (Ulug'bek Hamdam "To'lin oy qissasi")