Odamzod har doim nimagadir intilib yashash ilinji bilan yaratilgan. Biz mudom nimalarnidir orzu qilamiz, nimalarnidir ko’zlab, ularga erishish uchun harakat qilamiz.
Istaklarimizni biz ularga beradigan ahamiyatga qarab tasniflasa bo’ladi.
Eng kuchsiz va havoyi istak – bu orzu. U shunchalar yengilki, u bizda faqat yoqimli hislar uyg’otadi – axir, hammamiz orzularga berilishni juda yoqtiramiz. Bizni bu orzular ushalmay qolishi mumkinligi yoki buning umuman iloji bor- yo’qligi tashvishga solmaydi. Biz shunchaki orzu qilaveramiz. Biz avval boshdan bu narsa real hayotda amalga oshishi imkonsiz yoki juda qiyin ekaniga ko’namiz – shu bois ham orzularga hadiksiz o’zimizni topshiraveramiz.
Umid – orzudan ko’ra bir oz vazminroq. Endi biz istagan narsamiz hayotda ro’y berishi mumkinligi ehtimolini yuqoriroq qo’yamiz. Biz bunda bir narsani kutamiz – bunda endi istak beg’am orzu qilish emas, unga his tuyg’ular ham aralashadi. Shu yerda istak amalga oshmay qolish hadigi ham paydo bo’ladi. Umidlaringiz oqlanmay qolganda xafa bo’lganingizni eslang – men nimani nazarda tutayotgan ekanimni darhol anglab olasiz.
Intilish yoki kuchli xohish-istak – yanada yuqoriroq va moddiyroq. Bunda siz endi bir narsani juda xohlaysiz va bu istagingizni o’z tuyg’ularingiz bilan to’yintirasiz. Siz xayolan bu istagingizga erishish yo’llarini qidirasiz, rejalar tuzasiz, taxminlar qilasiz – xullas, katta mental-emotsional ish olib borasiz.
Istakning bu uch ko’rinishi juda ko’p jihatlarda bir-biridan farq qiladi. Ammo eng asosiy farq – bu istaklarga hamroh bo’lgan ishonch darajasi va amaliy sa’y- harakatdadir. Orzu qilganda siz u ro’yobga chiqishiga ishonmaysiz yoki ishonch juda kuchsiz bo’ladi. Shu bois ham orzuga erishishga amaliy intilish bo’lmaydi. Umid bor joyda esa ishonch endi kuchliroq va siz bunda istakka erishish uchun qandaydir tadbirlarni qo’llashga urinasiz. Kuchli istakda esa siz istagan narsangizga erishish mumkinligiga astoydil ishonasiz va urinishlaringiz ham shunga yarasha bo’ladi.
Ammo, afsuski, biz qanchalik kuchli ishonmaylik eng katta istaklarimiz ro’yobga chiqmay qolishi mumkin. Bilasizmi, bunda gap nimada? Istakka erishishda, albatta, ishonchning roli bor. Ammo biz ko’pincha istakka yetishtiruvchi narsa bu kuchli ishonchning o’zi deb xato qilamiz. O’sha kuchli ishonchga aniq va dadil xatti-harakatlar ergashib kelsagina istagingiz so’zsiz amalga oshishi mumkin.
Daraxt tagida o’tirib siz uning eng g’arq pishgan mevasi shoxdan uzilib to’g’ri qo’lingizga kelib tushishiga qirq yil kuchli ishonmang – bu narsa amalga oshishi qiyin. Siz o’sha meva sizga nasib etishiga ishoning va daraxtni silkiting – shunda rostdan ham eng pishgan meva oldingizga tushadi.
Ammo odamlar ixtiyorida bir qurol borki, u ishga tushsa istak amalga oshmay qolmaydi. Bunda istakka erishishga bo’lgan ishonch shubhalardan tozalanib bilimga aylanadi. Agar siz biror nimaga shubhalarsiz ishonsangiz – buni bilasiz demak. Axir, osmonga otgan koptogingiz yerga qaytib tushishini bilasiz – bunga ishonishingiz shart emas. Ertalab do’konga chiqib non olib kelishni orzu qilsangiz, bunga umid qilsangiz yoki buni kuchli istasangiz juda kulgili holat bo’lardi, shunday emasmi? Bu istak shu darajada oddiyki, siz bunda hammasi siz o’ylagandek bo’lishini bilasiz.
Shubhasiz bilimga asoslangan istak – ahddir. Ahd qilingan narsa har doim amalga oshadi. Biz qilayotgan hamma niyatlar ham ahd toifasiga kirmaydi. Buni anglab yetish uchun ahdning qanday shakllanishini ko’rib chiqaylik.
Bizning ichimizda hayotimizni boshqarish uchun tuzilgan parlament bor. Bu albatta — qalb. U nimanidir istab orzu qiladi ya’ni yangi qonun loyihasini muhokamaga qo’yadi. Bu loyiha aql bilan birga muhokama qilinadi. Agar aql buning iloji borligini tan olsa va rozilik bersa – loyiha qonun sifatida qabul qilinadi. Ya’ni odam biror ishni qilishga ahd qiladi.
Ammo bu jarayonning eng qiyin tomoni – aqlni ko’ndirish. U aniq isbotlar keltirilmaguncha aytilgan ish qilsa bo’ladigan yumush ekanini tan olmaydi. Juda ko’p niyatlarimiz hali ahd bo’lib ulgurmay, loyihaligidayoq aqlimiz tomonidan muhokamadan olib tashlanadi va orzuligicha qolib ketadi. Armonlar – sizga orzularga erishish nasib qilmaganidan emas, bunga o’zingiz imkon bermaganingizdan paydo bo’ladi.
Agar orzuning omadi chopib, qonun deb qabul qilinsa va ahdga aylansa, ijro etuvchi hokimiyat bo’lgan aql uni darhol tadbiq qila boshlaydi. Lekin shunda ham u ba’zida chalg’ib qoladi. Chunki ish jarayonida unda yangi gumonlar paydo bo’ladi, u ahdga (ya’ni qonunga) o’zgartirishlar kiritishga harakat qiladi. Bu ahd kuchini kesadi va odam niyatidan chalg’ib ketadi.
Buning oldini olish uchun, qonun chiqarish hokimiyatini qalbga berib – ijro etishni aqlga tashlash kerak. Ijroning aytilgan ahd bo’yicha borishini nazorat qilish ham lozim. Agar ahdingizga shubhalarni yaqin keltirmasangiz – u siz ilojsiz deb o’ylagan narsalarni ham ro’yobga chiqarishga qodir. Chunki ahdning bir siri bor: ahd qonun qilib o’rnatilganda dunyo ham bu ahdni qabul qiladi va unga erishishingiz uchun sharoit yarata boshlaydi. Boshqacha qilib aytganda, niyatingiz ahdga aylanishi bilan unga farishtalar omin deydi.
Agar daraxt tagida o’tirib, eng pishgan meva shoxdan uzilib, to’g’ri sizning qo’lingizga kelib tushishiga bo’lgan ishonchingizni shubhalardan tozalab, uni sof bilim darajasiga keltirib, bu niyatni ahdga aylantirish qo’lingizdan kelsa – shamol aynan eng pishgan mevani shoxdan uzadi, yer tortish kuchi uni pastga uloqtoradi, u yo’lda boshqa shoxga urilib yo’nalishini shunday o’zgartiradiki, aynan sizning qo’lingizga kelib tushadi. Nima – bunga ishonish qiyinmi? Ishonmaysizmi? Unda bu kabi mo’jiza siz uchun daxlsiz bo’lib qolaveradi. Axir, bir narsaga mutlaqo ishonmasa – bu narsa sizning hayotingizda mavjud bo’lmaydi.
Bu kabi mo’jizaga ishonish uchun odam ochiq fikrli bo’lishi lozim. “Men hamma narsani bilaman va hayotda nima bo’lishi mumkin-u, nima imkonsiz ekanini farqlashga aqlim yetadi” deguvchilar o’z hayotlari hududini hozirgi tushuncha va tamoyillari bilan cheklab olishgan. Bunday odam xuddi men avval sizga ertakda ta’riflagan, dunyodan o’zini baland devorlar bilan o’rab olgan shaharga o’xshaydi – bu shaharning hech kim bilan oldi-berdisi yo’q. Ammo agar siz o’z shahringiz darvozalarini ochib qo’ysangiz – hayotingizga mo’jiza kirib keladi va siz juda ko’p narsalarga ishongan odamdan ko’p narsalarni bilgan odamga, mo’jizani orzu qilgan odamdan mo’jizani odat qilgan odamga aylanasiz.
Avvalgi bobda ta’riflaganim shaxsiy kuchingiz qancha ko’p bo’lsa, niyatlaringizni ahdga aylantirishingiz, bu jarayondagi shubhalarni yengib o’tishingiz shuncha oson bo’ladi.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев