Hayot – in’om, o’lim – marhamat
Men juda ko’p odamdan quyidagicha gaplarni eshitganman: “Hayotda maqsadim yo’q. Nima uchun yashayotganimni bilmayman”, “Hayotim zerikarli, bir oqimda boradi. Nahot, umrimning oxirigacha shunday bo’lsa?”, “Hech narsaga qiziqmayman, hamma narsa g’ashimga tegadi”, “O’zimni o’zim tushuna olmayman. Ba’zida ichimda boshqa odam bordek tuyuladi”, “...”
Bunday odamlardan “Siz uchun hayot nima?” deb so’raganimda, juda aksariyat “Hayot men uchun sinov” deb javob beradi.
Esiz...
Hayotni nima uchun sinov deb bilamiz? Uning qiyinchiliklari debmi? Yoki rostdan ham barchamiz sinovdan o’tyapmizmikan? Ammo qanaqa sinovdan? Bizni sinash kimga kerak?
Yaratgangami?
Bu unga nimaga kerak? U shundoq ham biz kim ekanimizni biladi-ku – o’zi bizga yutuq va kamchiliklarni berib yaratgan. Bor-budimizcha qadrimiz, vaznimiz, ahamiyatimiz nimaga teng ekanini u hammadan yaxshi biladi-ku.
Tasavvur qiling, men muallimman. Bir yil talabalarga dars berib, yil oxirida ularning bilimini sinab ko’rmoqchiman. Chunki men ular berilgan bilimlarni qanchalik o’zlashtirganini bilmayman.
Tangri ham bizni yaratib qo’yib, biz o’zimizni qanday tutishimizni bilmasmikan? Shuning uchun bizni bu dunyoga jo’natib, yashatib ko’rib, bizning darajamizni bilmoqchimikan?
Agar shunday bo’lsa – Yaratgan yaxshi sinovchi emas ekan. Nega deysizmi? Axir, u bizni sinash uchun bu dunyoga keltirib, yana tag’in to’g’ri yashash uchun qo’llanma ham berib qo’ygan-ku. Bu xuddi men talabalarimga imtihon savollarini tarqatib, orqasidan ularning javoblarini ham berdim degani emasmi? Bunday sinovning natijasi qanaqa bo’ladi?
Tangri bizga bu hayotni sinov uchun bermagan. Bu hayot biz uchun imtihon emas – in’om. Hayot – bu dunyoning go’zalligi-yu mukammalligidan bahra olishga bir imkoniyat. Xudoning qudratini bilishga, uning mehrini tuyishga sarflanadigan muddat.
Tangriga qahr begona. Hayron bo’lmang. Xudo faqatgina sevishga qodir. Uning cheksiz qudrati – cheki yo’q beg’ubor mehrida. U butun borliqni, odamzodni ana shu mehr kuchi bilan bunyod qilgan va qilmoqda. U bugun ham suygan bandalari qalbiga mehr joylab qo’yib, ular qo’li bilan go’zal narsalarni yaratyapti. Axir, hayotimizda mavjud hamma narsa – mehr mahsuli.
O’zingiz o’ylab ko’ring – qahr hech qachon yaratuvchi kuchga ega bo’lmagan. Oddiygina jahlingiz chiqsa, idishlarni urib sindirishingiz bunga isbot.
Tangri bizni mehridan yaratdi, suyganidan Jannatiga kiritdi, bizga yaxshilikni ravo ko’rganidan aql mevasini bizga man qildi. Ammo biz Iblis makriga aldanib, uning buyrug’ini buzdik. Qahr nimaligini bilmagan Xudo shunda ham bizni yo’q qilib yubormadi (vaholanki, u bizni qanday oson yaratgan bo’lsa, nonko’rligimiz uchun jazo tariqasida shunday oson yo’q qilib tashlashi ham mumkin edi).
U bizga yorug’ olamni ravo ko’rdi. O’zimizga jannat yaratish imkonini berdi. U bizni suyganidan o’sha jannatni qanday yaratish mumkinligi haqida bayon qilingan qator-qator ilohiy bitiklar tushirdi. “Mana, bandam, senga hayot. Mana shu hayotingni baxtiyor qilish uchun yo’riqnoma. Agar bunda aytilgan me’yorlarga amal qilsang – hayoting jannatda o’taveradi. Ularni buzsang, na iloj – o’z hayotingni o’zing do’zaxga aylantirasan. Qaysi tomonni tanlash – o’zingga havola” deb bizga muruvvat ko’rsatdi.
Biz yashashni boshladik. Xatolar qildik. Bu xatolar bizga muammo bo’lib qaytdi. Bizga Tangri azobni ham bizni suyganidan berdi – U bu ish xato ekanini anglashimiz, buning natijasida o’zimizga o’zimiz muammo orttirib olishimizni ko’ra bilishimiz va kelgusida yana shu ishni takrorlab o’zimizni azobga qo’ymasligimiz uchun berdi bu jazoni.
Unga o’zi yaratgan bandalari – o’z ruhidan nafas bergan dilbandlarining xato qilib, buning jabrini tortishlarini ko’rish yoqadi deb o’ylaysizmi? Biz azob cheksak, U bizga bor mehri bilan achinadi. Axir, U rahmdil. U xato qilsak – kechiradi. Axir, U mehribon va kechirimli. U so’rasak – beradi. Axir, U marhamatli.
Yana shunda ham bizga mehr bilan berilgan in’om – hayotni sinov deyish to’g’rimikan? Biz bandalar sinab ko’rib – keyin bilamiz. Yaratgan esa – shundoq ham hamma narsani biladi.
Eng qiziq odatimiz shuki – ajal kelganda biz o’sha sinov deb atayotgan narsaga mahkam yopishamiz. Xo’sh, sinov tamom bo’lishini nega istamaymiz – nega o’limdan qo’rqamiz?
Chunki, yana yanglish, o’limni jazo kabi ko’ramiz. O’lim – jazo emas, marhamatdir. O’lim Tangri mehrining bir parchasi bo’lgan ruhimizni manbayiga
qaytaruvchi kuch. Bunda uzoq muddat o’z makonidan uzoqda, moddiy olam tarkibi bo’lgan bir mavjudot jussasida yashagan ruh hayajon va sevinch bilan Vataniga qaytadi va taskin topadi. Ruhingiz o’lmaydi – o’lim, shunchaki, xatlab o’tish kerak bo’lgan ostona.
Hayotni in’om bilib yashang. Tangri sizga o’limni marhamat qilib yuborguncha – bu in’omning barcha imkoniyatlaridan foydalana biling. Uni aqlingizga emas – qalbingizga xizmat qilishga bag’ishlang. Toki sizning baxtli yashashingizni ko’rib Yaratgan ham mamnun bo’lsin.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев