“Do’stin do’st bo’lmasa agar, undan ne foyda bo’lar” (to’ti kecha haqidagi multfilmdan)
Do’stlik – bizning munosabatlarimiz markazida turuvchi yana bir tuyg’u. Uning juda ko’p turlari mavjud – shundan unga mukammal ta’rif berib bo’lmaydi.
Do’stlikda ham bir odam boshqa odamga to’liq qalbini ishonib topshiradi. Ammo uning sevgidan farqi shundaki, unda boshqa odamga jismonan bog’liqlik
bo’lmaydi. Shunga monand do’stlikda tobelik munosabatiga intilish kam bo’ladi. Axir, kamdan-kam odam o’z do’stini boshqalardan rashk qiladi.
Tobelik munosabatiga moyilligi kam bo’lgani uchun ham do’stlik sevgidan qadrliroq ko’pincha. Do’stlik munosabatlari ishqiy aloqalardan uzoqroq yashaydi. Buning eng asosiy sababi do’stlikda egalik da’vosi bo’lmasligidir. Biz do’stlarimiz boshqa odamlar bilan ham do’stlashganini oddiy qabul qilamiz va aynan shu odamning do’stligiga yolg’iz egalik qilishga intilmaymiz. Agar do’stlardan biri bu holatni buzsa va do’stini qizg’ona boshlasa – bu do’stlikning barham topishiga olib kelishi mumkin.
Do’stlar odatda sizning kamchiliklaringizni kechira oladilar – chin do’st sizni qanday bo’lsangiz, shundayligingizcha qabul qiladi va hurmat ko’rsatadi. To’g’ri – do’st achitib gapiradi deydilar. Ammo biror odam sizning kamchiliklaringiz uchun tanqid qilayotgan bo’lsa, u sizga do’stlik qilmayapti demak. U sizda nuqsonlilik kompleksini shakllantiryapti, xolos.
Unutmang, siz do’stingizning kamchiligu fazilatlariga emas – uning shaxsiyati, qalbiga do’stsiz. Zinhor do’stingizni nuqsonlari uchun aybdor qilmang.
Bir sir esingizda bo’lsin: aqlingiz tabiati siznikiga o’xshash, sizniki kabi fazilatu nuqsonlarga ega odam bilangina do’stlashishingizga imkon beradi. Arastu “Menga do’sting kimligini aytsang, sen kimligingni aytib beraman” degan ekan. Shunday ekan, siz do’stingiz bilan o’xshash kemtiklarga egasiz – uni tanqid qilish o’zingizni tanqid qilish bilan barobar.
Do’stlik – hayotingiz ravon kechishiga xizmat qilishi mumkin bo’lgan buyuk tuyg’u. Uni tobelik munosabati bilan bulg’ab qo’yishdan ehtiyot bo’ling. Ortiqcha muhimlikka berilish – bizni juda qadrli do’stlarimizdan ayirib qo’yishi mumkin.
Ammo sizga qalban do’st bo’lmagan odamga hayotiy energiyangizni bog’lab qo’ymang. Agar kimdir sizning aqlingiz, kuchingiz, obro’yingiz, pulingiz va yana nimangizgadir do’st bo’lsa-yu, ko’nglingizga yaqin bo’lmasa – unga nisbatan siz ham masofa saqlashingiz lozim. Unutmang – odamlar hech qachon aldanmaydilar, balki o’zlari ularni aldashlariga imkon berishadi.
Shartsiz mehr sizga shunchaki do’st bo’lgan odamni ham chin do’stga aylantirib berishi mumkin. Shunday ekan, o’zingizga do’st bilganlarni qalban hurmat qiling – ularning mukammal shaxsiyatigagina do’st bo’ling. Ana shunda o’zingiz ham haqiqiy do’st bo’lasiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев