Munosabatlar girdobining o’zagi – bu, albatta, oila. Oila nafaqat bizning birlamchi yashash muhitimiz, balki bizga, umuman, dunyo va boshqa odamlar bilan qanday munosabatga kirishish kerakligini o’rgatuvchi darsxona hamdir. Shaxsiyatimiz shakllanishida oila, xususan, ota-onaning tutgan o’rni juda muhim.
Ota-ona va farzand
Ota-ona – bizni hech bir shartsiz suya oladigan yaqinlarimiz. Ota-onaning farzandiga bo’lgan sevgisi hech qanday tashqi holatlarga bog’liq bo’lmaydi. Farzand – xoh u bezori, xoh yuksak fazilat egasi bo’lsin – ota-ona uchun birdek suyukli. O’g’rining onasi ham bolasini imomning onasi bolasini suyganchalik suyadi. Dahriyning otasi ham bolasini mo’minning otasi farzandini suygandan kam sevmaydi.
Ammo ko’pincha farzand, ba’zida esa ota-ona xatosi ortidan ota-ona va farzand o’rtasidagi munosabatlar chigallashadi. Afsuski, hamma ota-onalar ham o’z bolalariga to’g’ri tarbiya bera olmaydilar va hamma farzandlar ham o’z farzandlik burchlarini bajara olmaydi.
Ota-ona va farzand o’rtasidagi munosabatlar sog’lom bo’lishida ota- onaning roli kattaroq. Ular chaqaloqligimizdan bizga dunyo va uning tarkibiy bo’laklari haqida tushuncha berib boradilar, u yoki bu holatga qanday munosabatda bo’lishni o’rgatadilar.
Aynan dunyo haqida tushuncha shakllanayotgan yoshda ota-onadan farzandiga nisbatan ziyrakroq munosabatda bo’lish talab etiladi. Bolaning tushunchalari shakllanishini nazorat qilish va bu jarayonni to’g’ri o’zanga solib turish bolaning keyingi hayotini ko’p jihatdan belgilab beradi.
Kuchli shaxsiyatni tarbiyalashning birinchi navbatdagi sharti – bolaga shartsiz mehr berishdir. Ya’ni bolangiz bilan shartsiz munosabatga kirishish. Ammo ko’pchilik bola tarbiyasida tobelik munosabati yo’lidan borishni afzal ko’radi. Ular bola tarbiyasida man etishlar, kuch ishlatish yoki o’z so’zini o’tkazish kabi usullardan foydalanadi.
Farzand tarbiyasida tobelik munosabati o’rnatish bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Avvalo, farzandda ota-onasi mehrini qozonish uchun biror talabni bajarishi, biror ishni qilishi kerakligi haqida tushuncha paydo bo’ladi. U shu shartlarni bajarmasa, ota-onasining mehriga arzimaydigan odam ekaniga ishonib qoladi. Bu nuqsonlilik kompleksini keltirib chiqaradi.
“Falon ishni qilsang, men seni yaxshi ko’rmay qo’yaman” kabi tarbiya usullari juda xavfli. Bunda farzand ota-onasidan shartli mehr olib o’rganadi va keyinchalik o’zi ham birovni shartsiz yaxshi ko’ra olmaydigan bo’lib qoladi. Yoshligida ota-onasidan shartsiz mehr ko’rmagan odam o’z oilasi va farzandlariga ham shartli mehr ko’rsatishi ana shundan. Axir, qush uyasida ko’rganini qiladi.
Farzandingizni u yoki bu narsaga yo’naltirishga harakat qilmang. To’g’ri, siz zamonga qarab farzandingiz uchun eng ma’qul kasbni tanlashga urinasiz. Ammo sizning majburlashingiz bilan o’rganilgan sohada u hech bir muvaffaqiyatga erishmasligi mumkin. Bolaga yoshligidan o’zi qiziqqan narsalarini qilishiga imkon berish kerak. Yosh bola aqli hali u yoki bu mashg’ulot ortidan keladigan manfaatni bilmaydi – shuning uchun ko’ngli tortgan ishni qiladi. Ana shu qiziqishini rivojlantirsa, ulg’ayib o’z kasbining ustasi bo’ladi va zamon qanday bo’lmasin, o’z kasbidan ham moddiy naf, ham ma’naviy zavq olib yashaydi.
Men maktabni tamomlash arafasida turgan juda ko’p o’smirlar bilan suhbatlashdim. Ularning aksariyati hayotdan nima istashini, qaysi kasb egasi bo’lishga astoydil qiziqayotganini bilmaydi. Bunga sabab yoshlikda ularni ota- onalari ular aslida qiziqqan narsadan chalg’itib, boshqa sohaga burib yuborishganidir. Ular ota-onalari aytgan sohani o’rganib, o’zlari qalban nimani istashlarini unutib qo’yishgan.
O’z kelajak kasbini aniq bilgan yoshlardan “Nega aynan shu kasbni tanladingiz?” deb so’raganimda, ko’pchilikdan “Chunki bu juda daromadli kasb”, “Chunki bu sohada ish topish oson”, “Chunki otam (yoki onam) shu kasb egasi” kabi javob oldim. Afsuski, ulardan juda kamchiligi bu savolga “Chunki men shu kasbni sevaman va kelajakdagi o’zimni shu kasb egasi sifatida tasavvur qilyapman” degan javob berdi.
Farzand tarbiyasida tobelik munosabati o’rnatilishining yana bir belgisi – ota-onaning farzandi uchun qaror qabul qilishi. “Sen falon joyda o’qiysan va falon kasb egasi bo’lasan”, “Sen hech qayerda o’qimaysan va menga biznesimda yordamlashasan”, “Sen falonchiga turmushga chiqasan (uylanasan)”, “Sen men aytganimni qilasan” kabi buyruqlar bunga misol. Bunday usulda tarbiya ko’rgan farzand mustaqil qaror qabul qila olmaydigan va o’z hayotini boshqalar qo’liga topshirib qo’yadigan kuchsiz shaxsiyat egasi bo’lib ulg’ayadi. Bunday odamlar odatda ota-onalaridan alohida yashashga qiynaladi.
Farzandingizga aloqador har qanday qaror qabul qilinishida farzandingiz ishtirokini ta’minlang. Mayli, siz u tanlayotgan yo’lni ma’qullamassiz va o’z bilganingizcha ish tutmoqchidirsiz. Ammo buni majburlash yo’li bilan emas, tanlov berish yo’li bilan qiling. Farzandingiz uning ham xohish-istaklari inobatga olinayotganini va uning shaxsiyatiga hurmat ko’rsatilayotganini bilsin.
Navbatdagi sirni eshitish ba’zi ota-onalarga yoqmasligi mumkin. Ammo odilona o’ylab ko’rilsa, buning isboti ko’p. Ota-onalar bolalariga tazyiq o’tkazishlariga bir sabab – ular o’zlarini kechira olmasliklaridir. Ular yoshlikda o’zlari yo’l qo’ygan xatolar uchun o’zlarini kechira olmaydilar va farzandlari xuddi o’sha xatolarga yo’l qo’yishlarining oldini olishga zo’r berib harakat qiladilar. Bu o’z-o’zini kechira olmay, aybdorlik tuyg’usi bilan yashashning yana bir salbiy oqibati. Shunday ekan, o’z xatolaringiz soyasi farzandingiz farovonligiga tushishiga yo’l qo’ymang. Unga ham xato qilishga imkon bering. Axir, sizning tajribali ota-ona bo’lishingizga ham aynan o’sha xatolar xizmat qilgan.
Farzandning ota-onaga bo’lgan munosabati haqida gapirmayman – bu haqida shundoq ham juda ko’p gap aytilgan. Ammo bir narsa barchamizning yodimizda bo’lishi zarur – ota-ona bizga eng katta va beg’ubor mehr bera oladigan dunyodagi yagona odamlar. Hech kim (hatto o’zimiz ham) bizni ota- onamizchalik seva olmaydi. Shu haqiqatning o’zi ota-onaga qanday munosabatda bo’lish joizligi haqida ko’p narsani aytadi.
Turmush o’rtoqlar
Umr yo’ldoshlar o’rtasidagi munosabatlar ham imkoni boricha shartsiz bo’lishi lozim. Tobelik munosabatiga asoslangan turmushlardagi muammolar haqida barchamiz yaxshi bilamiz (kinochilarimiz buni har tomondan tasvirlab ulgurishgan). Ammo, nimagadir, bunday hollarda har doim bir tomon jabr ko’rsatuvchi (aybdor) boshqa tomon jabrlanuvchi (qurbon) sifatida ko’rsatiladi. Aslida esa turmushdagi har qanday kelishmovchilikka bek ham, beka ham bir xil javobgar.
Keling, turmushdagi eng keskin holat – xiyonatni olaylik. Agar juftlikdan biri xiyonat qilsa, bunda ikkinchi tomon jabrdiyda bo’ldi degani emas. Axir, qars ikki qo’ldan chiqadi deb bejiz aytishmagan. Ikkinchi tomon xiyonatga zamin yaratib bermasa – bunday holat ro’y berishi qiyin.
Albatta, yostiqdoshidan xiyonat ko’rgan odam qanday ish tutadi – bu uning shaxsiy kuchiga bog’liq. Kimdir jimgina ajrashadi – kimdir to’polon bilan. Kimdir kechiradi – yana kimdir qasdlashib, o’zi ham xiyonat qiladi. Har holda, buning natijasi kamdan-kam hollarda yaxshilik bilan yakun topadi.
Men xiyonatga duch kelgan odam qanday yo’l tutishi kerakligini aytmoqchi emasman. Ammo har qanday holatda ham hamma uchun manfaatli qaror chiqargan yaxshi.
Yaxshisi xiyonatning oldini olishga qaratilgan, lekin ko’pincha munosabatlarning buzilishiga olib keladigan tadbir haqida gaplashaylik. Bu – albatta, rashk.
Rashk – sof holdagi tobelik munosabati yoki shunday munosabatni o’rnatishga intilish. U bir odamning boshqasiga egalik qilish da’vosidan kelib chiqadi. “Sen faqat menikisan”, “Seni boshqasiga bergandan ko’ra o’lganim yaxshi” va boshqa shu asnodagi ta’kidlar ashaddiy rashkchiga tegishli.
Rashk haqida sizga bir sir ochay: agar siz kimnidir rashk qilsangiz – demak, siz uni sevmaysiz. Hayronmisiz – axir, odam sevgan kishisini rashk qilishi mumkin-ku? Yo’q – odam egalik qilmoqchi bo’lgan narsasini rashk qiladi, xolos.
Mana sizga qiyos. Oldingizda bir savat anor turibdi. Siz anorni yaxshi ko’rasiz va undan maza qilib yeysiz. Yoningizdagi odam ham shu savatdan anor olib yesa – g’ashingiz keladimi? Agar bundan sira g’ashingiz kelmasa – demak, siz anorni rostdan ham sevasiz. Agar g’ashingiz kelsa – demak, siz shunchaki ochko’zsiz va anorga egalik qilmoqchisiz, xolos.
Anorku, mayli – u atigi bir meva. Unga egalik qildingiz ham deylik. Bundan u sira aziyat chekmaydi. Biroq boshqa odamga egalik qilishga tirishish – o’z qalbi, orzu-umidlari, ahd-istaklari bor alohida shaxsiyatni o’z izmiga solishga intilish degani-ku. Siz sevgan insoningizga tobelikni ravo ko’rib, qanday uni sevaman deya olasiz?
Rashk – sevgining qotili. Agar yaqin insoningiz ko’nglini o’zingizdan sovutmoqchi bo’lsangiz – rashk eng zo’r qurol. Unga egalik qilishga da’vo qilsangiz kifoya.
“Ba’zilarga rashk yoqadi” deysizmi? To’g’ri, ba’zi odamlar juftlari ularni rashk qilsa, xursand bo’ladilar. Bunga ikki xil sabab bo’lishi mumkin. Yoki bu odamda o’ta katta nuqsonlilik kompleksi bor yoki u tobelikka moyil. Birinchi holatda odam uni birov rashk qilsa – bundan u o’zini kimgadir kerakli muhim odam deb o’ylab xursand bo’ladi. Ikkinchi holda esa odam o’zini boshqa odam qaramog’ida yaxshi his qiladi – rashk esa uning tobeligini tasdiqlaydi. Har ikki holatda ham juftlik o’rtasida sevgi emas – tobelik munosabati bo’ladi, xolos.
Turmush o’rtoqlar o’rtasidagi munosabatlarni bulg’aydigan yana bir holat – bu umr yo’ldoshini o’zgartirishga, o’ziga moslashtirishga urinish. Ikki odam birga yashar ekan, har ikkisi boshqasini o’z qarashlari, qadriyatlari, hayot tarzi va odatlariga o’rgatishga harakat qiladi. Bunda o’z-o’zidan tobelik munosabati kelib chiqadi: “sen men bilan yashamoqchi ekansan, menga o’xshab xatti-harakat qilishing kerak”.
Inson ko’nikkan va to’g’ri deb bilgan narsalariga tajovuz qilinsa, u darhol himoyaga o’tadi. Shunday qilib, oilada kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Bu holat yosh oilalarga ko’proq aloqador. Vaqt o’tib, umr yo’ldoshlar bir-birlariga ko’nikadilar va o’zaro umumiy qadriyatlar va odatlar hosil bo’ladi. Bungacha bo’lgan “moslashish muddati”da ikki tomon ham bir-biriga hurmat saqlasa, keyinchalik bundan o’zlari mamnun bo’ladilar.
Men sizga avvalgi bayonda baxtli turmush sirini aytgandim: siz umr yo’ldoshingizni baxtli qila olmaysiz – siz uning baxtli bo’lishiga halal bermasangiz bo’ldi. Uni rashk qilib yoki uni o’zgartirishga intilib, siz uning ko’ngliga qarshi ish qilasiz va u baxtsiz bo’ladi. Siz o’zingiz qanday bo’lsangiz, shundayligingizcha qolishga haqlisiz – turmush o’rtog’ingizni ham ana shunday huquqidan mahrum qilmang. Birga baxtli yashash uchun talab va shartlar bajarilishi emas – ikki odam bir-birining ko’nglini bilishi darkor.
Farzandingizga odamlarga mehribon bo’lishni o’rgatishni eng yaxshi yo’li – umr yo’ldoshingizga mehr ko’rsatib namuna bo’lish. Ikkingiz bir-biringizni shartsiz seving – umr yo’ldishingiz qadri uning topgan puli, kiygan kiyimi, tayyorlagan ovqati, pardozi, aytgan shirin gaplari, sizni rashk qilish-qilmasligi yoki boshqa tashqi belgilar bilan o’lchanmaydi. Uning qadri – uning mukammal shaxsiyatida, uning beg’ubor qalbida. Qadrni o’lchash, chamalash, himoya qilish, tushirish yoki oshirish emas – uni, shunchaki, bilish kerak.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев