Tobelik munosabatlari.
Inson – ijtimoiy mavjudot. Jamiyat a’zosi bo’lish – uning tabiatiga xos. Biz o’zimiz ko’nikkan guruh, muhit yoki jamoadan tashqarida doim ko’nglimizda xavotir bilan yashaymiz. Tabiatimizning aynan shu jihati tufayli bizda mehr tuyg’usi bor.
Ijtimoiy mavjudot har doim muloqotga intiladi. Muloqot ehtiyoji – odamning eng katta muhtojliklaridan biri. Jamiyat taraqqiy etib, rang-baranglashib borgani sari, odamlarning atrof dunyo va boshqa odamlar bilan muloqot qilish usullari – munosabatlarimiz murakkablashib borgan. Zamonaviy odam kundalik hayotida minglab turdagi munosabatlar chig’irig’idan o’tib yashaydi: oila, do’st-yorlar, qarindosh-urug’, hamkasblar, mahalla-ko’y va hokazo.
Agar munosabatlar insonning muloqot ehtiyojiga xizmat qilishini hisobga olsak, ular atrofida shuncha ko’p muammolar kelib chiqishi ajablanarli hol emas. Ko’nglimizni xotirjamlikdan mahrum qiladigan va aqlimizni to’liq egallab oladigan dard-tashvishlarning hammasi bo’lmasa ham, aksari munosabatlardagi noxushliklar sababli kelib chiqadi. Bu javobsiz sevgi qiynoqlari-yu, o’z yaqinidan yengil arazlash bo’lishi mumkin.
Ammo nega odamlar o’zaro munosabatlarda buncha ko’p qiyinchiliklarga duch kelishadi? Turli odam bu savolga turlicha javob beradi: “Chunki har xil odam har xil fikrlaydi”, “Chunki odamlar bir-birlarini tushuna olmaydilar yoki tushunishni istamaydilar”, “Chunki hammaning ko’nglini tengdaniga olib bo’lmaydi”, “Chunki biz mukammal emasmiz”, “Chunki...”, “Chunki...”
Bu savolga ba’zi odamlardan olgan javoblarim orasida meni tamoman hayron qoldirganlari ham bo’lgan. Ammo chuqurroq o’ylab ko’rilsa, ular hammasi bir xil narsa haqida gapiradi – faqat, buni bir oz og’ishlar bilan qiladi xolos.
Hamma bir xil emasligi rost – har bir odam o’ziga xos alohida bir olam. Ammo har kim bir xil fikrlamaydi degan gap bir oz xato – biz aynan bir xil fikr yuritganimiz uchun ham o’zaro munosabatlarimiz qovushmaydi. Hammaning aqli bir xil ishlaydi – aqlning yagona va hamma uchun universal bir qoidasi bor.
Bu – manfaat. Ya’ni manfaatsiz ish bo’lmaydi. Siz hatto eng manfaatsiz qilgan ishingiz ortida ham aql sizga, bildirmay bo’lsa-da, kichik bir maqsadni yashirin tutadi. Biz hatto hayriya ishlarini ham “shunday qilish kerakligi” yoki “shunday qilsak, qilgan savob ishimizdan o’zimizga bo’lgan boshqalar yoki o’zimizning hurmatimiz oshishi” uchun qilamiz. U yoki bu xatti-harakatga bizni ko’ngil istagi emas – g’urur, manfaat, achinish yoki aybdorlik hissi, burchiyat undaydi.
Odamlar bir-birlarini yaxshi tushuna olmasliklariga ham yaqqol sabab – o’zaro munosabatlarda aqlning ustivorligi. Ikki qalb bir-birini so’zsiz ham tushunaveradi – ammo aql bu iqtidordan mahrum. Mutlaqo boshqa-boshqa muhitda yashaydigan, turli tilda so’zlaydigan ikki odam bir-birini juda yaxshi tushunishi mumkin – chunki ular qalban munosabatga kirishadilar. Bir muhitda yashovchi, bir-birini juda yaxshi biluvchi ikki odam esa sira chiqisholmasligi mumkin.
Munosabatlardagi ziddiyatlar sababini anglash uchun biz avval yangi tushuncha bilan tanishib olishimiz lozim. To’g’rirog’i, shartsiz va shartli munosabatlar o’rtasidagi farqni ko’ra bilishimiz kerak.
Shartsiz munosabat o’z nomi bilan shartsiz – ular o’zaro kelishuvlar, manfaatlar va shartlar asosida qurilmaydi. Ular munosabatga kirayotgan tomonlarga hech bir burch yoki mas’uliyat yukini yuklamaydi – ularda bir tomonning boshqasiga hech bir jihatdan tobeligi kuzatilmaydi. Bunday munosabatlar nuqsonlardan holi, keskinliklarga bormaydigan sog’lom aloqadir.
Shartli (yoki tobelik) munosabatlar – yuqoridagining ziddi. Bunda bir tomon boshqasining yoki ikkala tomon bir-birining shartlari, talablari va qoidalarini inobatga olsagina munosabatlar o’rnatiladi va tutib turiladi. Juda ko’p hollarda bunday munosabatlarda bir tomon boshqasiga tobe bo’ladi. Tobelik munosabatlari ma’naviy asosga ega bo’lmaydi – ular faqat moddiy manfaat uchungina xizmat qiladi. Shuning uchun ham ular odatda juda zaif, qisqa muddatli va ishonchsiz bo’ladi.
Ham shartsiz, ham tobelik munosabatlari hayotimizda kerak, albatta. Ammo bizning eng katta xatomiz – shartsiz munosabatlarni ham tobelik munosabatlariga aylantirishga intilishimizda. Sababi, tobelik munosabatlarini idrokan boshqarish, o’z izmimizga solish juda oson. Aynan shu tabiiydan sun’iyga aylantirilgan rishtalar bizga muammolar tug’diradi va ko’nglimizni buzadi.
Tobelik munosabatini shartsiz munosabatdan farqlash juda oson.
“Men seni sevaman” – shartsiz munosabat.
“Men seni sevaman, chunki sen ham meni sevasan”, “Men seni faqatgina meni sevsanggina sevaman”, “Men seni sevaman va seni hech kimga bermayman”, “Men seni sevganim uchun rashk qilaman” va hokazolar – tobelik munosabatlari.
Tobelik munosabatlarida ilojsiz shartlar, cheklanishlar, talablar, qoidalar va o’lchovlar bo’ladi. Bu cheklovlar munosabatlarni qiyinlashitiradi va ularni bulg’aydi. Agar kishi aslida shartsiz bo’lishi nazarda tutilgan rishtalariga shartlar yuklasa – bundan o’zi ham, u bilan munosabatga kirishgan odam ham jabr ko’radi.
Aslida shartsiz bo’lishi nazarda tutilgan munosabatlar deb nimani aytayotganimni anglab turibsiz, menimcha. Bu, albatta, eng yaqin odamlar bilan aloqalar. Munosabatlarda hech bir qiyinchilikka duch kelmaslikning siri oddiygina: oila a’zolari, sevgan kishisi, do’st-yorlar va kishi ma’naviy bog’liq bo’lgan boshqa odamlar bilan munosabatlar – shartsiz bo’lishi kerak.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев