Ishonch – shunday oliy kuchki, unga alohida bob bag’ishlamasam bo’lmaydi. Har birimiz nimagadir ishonib yashaymiz – bu odamning eng katta ehtiyojlaridan biri. Odamga idrok bitishi bilan unda ishonchga ehtiyoj boshlangan – chunki aql hamma narsani tushuntirib berolmaydi. U ba’zi narsalarni unday yoki bunday ekaniga ishonib, tan olishga majbur. Biz osmonlarga ko’targan ilm-fan ham isbot talab etilmaydigan haqiqatlar (aksiomalar) ustuga qurilgan. Xo’sh, ularga nega isbot talab qilinmaydi? Chunki inson aqli ularni isbotlab bera olmaydi – shunday ekan, ular aytgan haqiqatga isbotsiz ishoniladi.
Ishonch tabiatimizga shu darajada singib ketganki, uning xatti- harakatlarimiz va umuman, hayotimizga ko’rsatadigan ta’siri beqiyos. Biz biror ishni uning foydali yoki zarurat ekaniga ishonganimiz uchun qilamiz. Bugun baxtli bo’lmasak – erta baxtli bo’lishimizga ishonamiz. Ishonadigan va ishonmaydigan narsalar ro’yxati taxminan cheksiz.
Men sizga seshanba kuni hayotiy quvvat haqida aytgan edim. Ishonch ana shu quvvatni boshqarish vositasidir. Hayotiy quvvatni biz o’z maqsadlarimizga erishish uchun shijoat, g’ayrat kabi bunyodkor kuchga aynan ishonch yordamida aylantiramiz. Siz, balki, ishonchning mo’jizakor kuchi haqidagi hujjatli filmlar va kitoblar bilan tanishdirsiz. Ularda aytilgan gaplarda qisman haqiqat bor – ammo ular sizga eng asosiy gapni aytmaydilar. Ular bir narsaga kuchli ishonilsa, u so’zsiz amalga oshishini ta’kidlaydi. Ammo bu har doim ham o’z tasdig’ini topavermaydi.
Niyatga erishish uchun ishonch kerakligi to’g’ri. Ammo orzularga erishishning asosiy siri boshqa narsada: hayotiy quvvat to’g’ri yo’naltirilgan maqsadlargina amalga oshadi.
Hammamiz yaxshilikka ishonamiz – katta niyatlar qilamiz. Ammo hamma ham ularga erishavermaydi. Nega? Maqsadiga erishmaganlar kamroq ishonganmi? Yo’q – ular, shunchaki, noto’g’ri ishongan. Noto’g’ri deyish o’rinsiz, aslida – odam ishonchi to’g’ri yoki xato bo’lmaydi. Aniqroq qilib aytganda, ular betaraf ishongan. Juda mujmal gap – shunday emasmi? Ammo men sizga barchasini batafsil tushuntirsam – hammasi ravshan bo’ladi.
Keling, avvalo ishonchning egizagi bilan tanishib olaylik. Bu – albatta, shubha. Ishonch bor joyda shubha bo’lmasdan iloji yo’q. Mana siz, deylik, umringizda ilk bora dor ustidan yurib ko’ryapsiz. Bunda siz o’z xavfsizligingizga unchalik ishonmaysiz – shubha juda kuchli. Endi siz o’zingizni ko’p yillardan beri dorbozlik bilan shug’ullangan deb tasavvur qiling. Xo’sh, dorga chiqayotganda o’zingizga ishonch kuchaydimi? O’z-o’zidan. Ammo shunda ham aqlingizning bir chetida shubha chirog’chasi yonib turadi. Albatta, ming usta dorboz bo’lsa ham, ehtiyot bo’lish kerak.
Shubha va ishonch – ajoyib juftlik. Ular bir-biriga mahkam bog’langan. Biri qancha kuchaysa – ikkinchisi ham shuncha kattalashadi. Ikkisining bu xususiyati yodingizda tursin – keyinroq biz bunga qaytamiz.
Maqsadlarga erishishga qaytsak. Siz bir ishga kirishdingiz va uni muvaffaqiyatli so’ngiga yetkazishingizga ishonasiz. Ana shu ishonchingiz sizning maqsad sari boradigan yo’lingizni xuddi qo’lchiroqdek yoritib boradi. U sizga uzoqda turgan maqsadingizni xuddi durbindek yaqinlashtirib oydinlashtirib ko’rsatadi.
Ammo eng qiziq ish shu yerda boshlanadi. O’yinga shubha aralashadi – u sizning qo’lchirog’ingiz nurini har tomonga sochib tashlaydi (shuning uchun shubhalangan odam ikkilanadi, yo’nalishi aniq bo’lmaydi). Natijada siz ko’zlagan maqsadingizdan chalg’iysiz – uni qorong’uda ko’rmay qolasiz.
Ana shu jarayonda shubhalariga bas kelolmagan odamlar maqsadlariga erisha olmaydilar. Kamdan-kam odamlar esa maqsaddan chalg’imay borishni uddalaydi.
Sizga avval aytgan gapimni qaytaraman: Hayotda omad yoki omadsizlik bo’lmaydi. Siz erisholgan narsalar ham, qo’ldan boy bergan narsalar ham faqat o’z qarorlaringiz natijasidir. Ya’ni hayotingizda sodir bo’layotgan har narsa uchun javobgarlikni omad, baxtsizlik, taqdir yoki yana allanimalarga emas – o’z zimmangizga olishni o’rganing. Kuchli shaxsiyat egalari o’z hayoti uchun mas’uliyatdan qo’rqmaydi.
Kimdir sizga o’z maqsadingizga erishish uchun bunga qattiq ishonish kerak desa – quloq solishga shoshilmang. Axir, ishonch qancha kuchaysa – shubha shuncha ortadi. Siz, undan ko’ra, harsangni boshqa tomondan turtib ko’ring.
Maqsadga erishishda shubhaga berilmaslik sirlarini aytishdan avval sizni yana bir kuch bilan tanishtiray.
Ishonch, albatta, yaxshi narsa – ammo u eng kuchli narsa emas. Ishonchdan bir pog’ona yuqorida ixlos turadi – uning qudratini hammamiz bilamiz. Ixlos ortidan o’z dardiga davo topganlar kam emas. Bizning ajdodlarimiz asrlar davomida qo’llab kelayotgan ixlosga asoslangan davolash usullarini g’arb psixologlari endi anglab yetishyapti. Ular bu sohani “ishonch terapiyasi” deb nomlashadi. Uning yordamida yengil darajadagi rak kasalligini davolagan holatlar fanga ma’lum.
Ammo biz tanishmoqchi bo’lgan kuch ixlosdan ham yuqoriroq. Bu kuch – bilim. Yo’q – bu bilan siz maktabda yoki oliygohda oladigan ma’lumotni nazarda tutmayapman.
Bilim – juda oddiy so’z, bir qarashda. Ammo men sizga uning asl ta’rifini beraman. Uni ko’pincha ma’lumot bilan adashtirishadi. Aytaylik, siz velosiped haydashni bilasizmi? Bu savolga javob “ha” yoki “yo’q” bo’ladi. Men sizdan “Velosipedni haydash uchun nimalar qilish kerakligini bilasizmi?” deb so’rasam- chi? Bu savolga qo’rqmay ha deb javob berasiz. Ammo hech velosiped haydamagan bo’lsangiz, bu ma’lumot sizga buni darrov uddalab ketishga yordam bermaydi.
Bilim – bu amalda ishlatilgan ma’lumot. “Velosiped haydash uchun uning tepkisini bosish va muvozanatni saqlash kerak” – bu ma’lumot. Buni amalda qila olsangiz – bu bilim.
Juda oddiy narsalar, shunday emasmi? Ammo bu oddiy narsalar ortida nooddiy sirlar yashirin. Maqsadga erishishda shubhani yengib o’tishning siri juda oddiy – o’z ishonchingizni bilim darajasiga yetkazing. Ya’ni uni quruq ma’lumot tarzida emas, amaliy faollik sifatida namoyon qiling.
Men sizga “Koptokni osmonga otsam, u yerga qaytib tushadi” desam – bunga ishonasizmi yoki buni bilasizmi? Buni bilasiz – buni isbotlashim shart emas. “Odam ucha oladi” desam-chi? Buni bilish tugul, ishonishingiz amri mahol.
Maqsadga bo’lgan ishonchni bilimga aylantirish uchun – harakat kerak. Shunchaki, xayol surish – bu aqlning quruq ma’lumot bilan o’ynab o’tirishi. Aqlingiz bir narsaga dalil topsagina ishonadi – ungacha u shubhaning soyasidan chiqa olmaydi. Ammo isbotni kutib, siz vaqtni boy berib qo’yishingiz mumkin.
Qalb – ishonmaydi. Bu gapimdan hayron bo’lmang. Qalb – rostdan ham hech narsaga ishonmaydi. U – hamma narsani biladi. Unga shubha notanish. U bir nimani istadimi – dunyo unga shu narsani berishini biladi. U shu bilimi bilan hayotiy energiyangizni maqsad tomon bexato burib beradi. Ammo tag’in o’yinga aql aralashib, fikr yuritadi: “Shoshmay tur – buni yaxshilab o’ylab ko’rish kerak. Rostdan ham buning iloji bormikan? Buni aynan shu usulda qilish kerakmikan? Buning oqibati yomon bo’lsa-chi? Men kutgan narsalar sodir bo’lmasa-chi?..” Ana – shubha soyasi ortidan quvlashmachoq o’yini boshlandi.
Aqlning shubha qopqoniga tushmaslik uchun – harakat qiling. “Sendan harakat – mendan barokat” — deb Yaratgan bekorga aytmagan. Bu buyuk va’da. Tangri shu va’dasida turishiga ishonish shart emas – axir, siz buni bilasiz. Tangrining qudratiga shubha qilmaysiz-ku.
Siz dunyoga o’z istagingizdagi buyurtmani berib qo’ying-da – shubhalarni o’zingizga yaqin keltirmang.
Tasavvur qiling, rahbar xodimiga “Mana bu ishni qiling” deb buyursa-yu, xodim endi ishga kirishganda “Yo’q, shoshmang. Buni qilish shartmikan. O’ylab ko’ray. Yo’q – buning iloji borligiga ko’zim yetmaydi. Bu ishni qo’ying” desa. Keyin “Yana o’ylab ko’rsam, buni amalga oshirsa bo’larkan. Mayli, shu ishni qilganimiz bo’lsin. Ishni boshlayvering” desa. Zum o’tmay “Yo’q. Ming qilsa ham, bunga ko’zim yetmayapti” desa...
Bunday betayin rahbardan naf kattamikan? U ikkilanish-u, shubhalari bilan o’zi istagan narsa ro’yobga chiqishini shuncha kechiktirib boraveradi.
Dunyoga buyurtma berishda ham xuddi shu tamoyil ish beradi. Siz o’z buyurtmangizni shubha-yu ikkilanishlar bilan qancha “xiralashtirsangiz” – dunyo uni ro’yobga chiqarishga shuncha qiynaladi. Yana ham u sabrli – betayin rahbar qo’lidagi xodim jonidan to’yib, bir kun ishdan bo’shab ketishi mumkin, ammo dunyo har narsaga ko’naveradi.
Bugungi subatni qo’rquvlardan boshlab, shubhalar bilan yakunlaganim bejiz emas. Har qanday shubha – qo’rquvning bolasi. Hayotimizni chigallashtiradigan shubhalar ijtimoiy qo’rquvlarimizdan kelib chiqadi. O’z qo’rquvlaringizni bartaraf etishdek ezgu amalni esa men siz aziz sirdoshim ixtiyoriga qoldiraman. Axir, siz endi shunday qila olishingizga ishonmaysiz – siz buni bilasiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев