Tanqiddan qo’rqish – bizni tobelikka olgan eng katta kuchdir. Biz kamdan- kam harakatimizni atrofdagilar munosabatini hisobga olmay qilamiz. Oila va jamiyat fikri juda ko’p qarorlarimizga ta’sir qiladi.
Tanqiddan qo’rqish odamda eng avvalo o’z fikrini erkin aytishdan qo’rqish holatini keltirib chiqaradi. Bu narsa bolaligimizdan tabiatimizda namoyon bo’la boshlaydi. Yosh bolaning o’z fikrini kattalarga qo’rqmay aytishi juda qiyin bo’ladi. Chunki biz har safar o’z nuqtayi nazarimizni aytganimizda “Yosh bola nimani ham bilardi?”, “Kattalarning gapiga aralashish yaxshimas!”, “Sen bunaqa narsalarni gapirishga hali yoshlik qilasan” kabi tanbehlar eshitamiz. Agar kattalar biz aytgan gapni kulgiga olishsa va bizni izza qilishsa – bu narsa hech qachon xotiramizdan o’chmaydi.
Erkin gapirishdan qo’rqish odamni ruhiy azobga mubtalo qiladigan holat – o’z xohish-istaklarini va fikrini boshqalarga ayta olmaslik odamni ezib yuboradi. Odatda bunday odamlarda aybdorlik va nuqsonlilik komplekslari kuchli rivojlangan bo’ladi. Ular o’zlarini vaziyatga fikr bildirishga noloyiq yoki uquvsiz deb biladilar. Ammo bu ularning o’z firklari yo’q degani emas – har qanday odamda istalgan vaziyatga qandaydir munosabat shakllanadi.
Bunday qo’rquv bilan yashayotgan odam o’ziga o’zi yordam berishi bir oz mushkul. Erkin gapirish qo’rquvini yengib o’tishda atrofdagilar yordami juda muhim. Bunday odamlarga o’z fikrlarini avvaliga yozma shaklda bir kishiga berish, keyin shu odamga o’z gaplarini yuzma-yuz aytish tavsiya etiladi. Suhbatdosh eng yaqin do’stlar doirasidan bo’lsa ayni muddao.
Bu turdagi qo’rquvdan odamni xalos qilishda uning fikrlariga tinglovchilar qanday munosabat bildirishi juda muhim. Erkin gapirishdan qo’rqish avval olingan tanbehlar tufayli paydo bo’lgan – shunday ekan, uni yengib o’tish uchun odamni, aksincha, qo’llab turish kerak.
Agar sizning oilangiz, ish jamoangiz yoki do’stlaringiz doirasida shunday odamlar bo’lsa, ularga yordam bering. Ba’zida erkin gapira olmagan odamlarni gapirtirilsa, ulardan juda noyob va foydali fikrlar chiqadi.
Agar siz o’zingizda shunday qo’rquv alomatlarini payqagan bo’lsangiz – darhol kundalik tuting. U kundalikka barcha aytolmagan fikrlaringizni yozib boring. Eng yaqin do’stingizdan bu fikrlaringizni o’qib turish va ular yuzasidan o’z mulohazalarini sizga aytib borishini iltimos qiling. Asosiysi, yodingizda bo’lsin – sizning o’z fikringizni ochiq bayon qilish erkinligingiz bor.
Sizga bir sir ochaman: odamlar har doim boshqalarning fikri bilan qiziqadi. Shunday ekan, ularga ular istagan narsani berishning qo’rqinchli joyi yo’q. Mayli, ular siz aytgan gapni tanqid qilsa ham – bundan siz hech narsa yo’qotmaysiz. Qaytanga, ba’zi xatolaringizni bilib olishingiz mumkin bo’ladi. Axir, sizda endi shaxsiy muhimlik tuyg’usi yo’q – o’zgalar sizning gaplaringizni salbiy qabul qilsa, bundan sizning qadringiz hech ham zarar ko’rmaydi.
Tanqiddan qo’rqishning eng qiziq ko’rinishi – kiyim tanlashda odamlar fikridan qo’rqish. Bunda odam modadan orqada qolish va odamlar orasida izza bo’lishdan qo’rqadi. Modaga tobelik qanchalik kulgili holat ekani haqida biz suhbatlashdik. Ammo buni qo’rquvga tobelik bilan solishtirib bo’lmaydi. Odam uning tashqi ko’rinishiga odamlarning salbiy yoki masxaromus munosabatidan qo’rqsa – bu uning hayotiga juda katta ta’sir ko’rsatadi.
Bu tobelikning ham asl ildizi – shaxsiy muhimlik tuyg’usi. Unutmang: siz – qanday bo’lsangiz, shundayligingizcha qadrlisiz. Sizni boringizcha qabul qilmay, tashqi ko’rinishingizga qarab baho beradiganlar fikri sizning qadringizga zarracha putur yetkazmaydi.
Modadan ortda qolishdan qo’rqish – juda oson yengib o’tiladigan holat. Bunga ortiqcha to’xtalmaymiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев