Jamiyat bizning ongimizga boshqa ko’plab komplekslarni joylashtirib qo’ygan. Aslida, agar amaliy psixologiya adabiyotlarini o’rganilsa, 30 dan ortiq kompleks turlari haqida aytiladi. Ammo men sizni buncha ko’p nuqsonlar haqida gapirib zeriktirmoqchi emasman. Biz shunchaki eng ko’p uchraydigan va katta zarar keltiradigan komplekslar haqida suhbatlashamiz.
Bekamlik kompleksi (yoki perfektizm) har narsada mukammallikka, yuz foiz samaraga erishish istagi juda kuchli odamlarga xos. Bekamlik kompleksi katta muhimlik ortidan kelib chiqadi – odam tashqi muhimlikka intilib, bekam qilmoqchi bo’lgan narsaning ahamiyatini o’ta oshirib yuboradi.
Masalan, yosh qiz o’z to’yini bekam qilishiga intiladi – uning libosidagi ozgina g’ijim ham bu mukammallikni buzayotgandek tuyulaveradi. Yoki kim uchundir sovg’a tayyorlayotgan odam o’z sovg’asi bekam, lol qoldiradigan va hech kimnikiga o’xshamagan bo’lishiga astoydil harakat qiladi. Natijada sovg’a tanlash jarayoni maroq emas, azobga aylanadi.
Bunday odamlarga biror ishni topshirib qo’yib, ancha kutishingizga to’g’ri keladi – chunki ular o’z vazifalarini mukammal darajaga yetkazmaguncha tinchimaydilar. Albatta, o’z ishiga jiddiy yondashgan yaxshi – ammo bu tobelikka aylanib qolmasligi va kishi hayotini tashvishga to’ldirmasligi kerak. Sizga topshirilgan ishni uning ahamiyatini o’ta oshirmasdan ham bekam bajarish mumkin – qaytanga, ishga sergak munosabatda bo’linsa, uni xatosiz bajarish ehtimoli katta bo’ladi. Ishni o’ta muhim hisoblash esa sizga ortiqcha mas’uliyat yukini tashlaydi va sizga shu ishni keragidek bajarishingizga halal beradi.
Bekamlik kompleksiga chalinishning bir salbiy oqibati bor: bunday odam borib-borib hech narsadan ko’ngli to’lmaydigan, o’zi va atrofdagilardan ko’p narsani talab qilib yashaydigan odamga aylanib qoladi. Bunday odamlarni hammamiz uchratganmiz – ular bilan birga ish qilish juda qiyin. Ular har narsadan arzimagan kamchiliklarni topib, barchani xafa qilib yuradilar.
Bekamlik kompleksidan qutulishning bir qiziq yo’li bor: odam o’z xatti- harakatlariga zararsiz xatolarni atayin qo’shib ketishi kerak. Ya’ni ongli ravishda uncha katta salbiy oqibatlarga olib kelmaydigan kamchiliklarga yo’l qo’yishi kerak. Bundan tashqari, bunday odamga boshqalar ishida faqat yaxshi jihatlarga e’tibor berishni o’z-o’ziga qoida qilib olish tavsiya etiladi.
Yana bir qiziq psixologik mashq – “teskari o’yin” deb nomlanadi. Har birimiz nimanidir yoqtiramiz va nimalarnidir yomon ko’ramiz. Endi siz yoqtirgan narsangiz (yoki shaxs) haqida eslang-da, uning salbiy tomonlarini sanashga tirishing. O’n soniya ichida qancha ko’p salbiy xislat ayta olsangiz, shuncha yaxshi. Faqat, bu xislatlarni o’ylab topmang – ular rostdan ham shu shaxs yoki narsaga tegishli bo’lsin. Endi yomon ko’rgan narsangiz yoki odamingiz haqida eslang – uning yaxshi sifatlarini sanashga urinib ko’ring. Bu o’yin sizga boshida juda qiyin keladi, ammo unga ko’nikib qolgandan so’ng, sizga yoqqan va yoqmagan odamlar va narsalar haqida juda ko’p yangi narslarni bilib olasiz.
Bekamlik kompleksi rivojlantirib yuborilsa, haqparastlik kompleksiga aylanib ketishi mumkin. Bunday odam doim o’zini haq deb o’ylaydi va boshqalarni qoralab yoki ayblab yashaydi. Borib-borib u o’zini dunyodagi haq yo’ldan borayotgan yagona odam deb o’ylab qolishi mumkin. Bunda u boshqa “yo’ldan adashgan” bandalarni “haq yo’lga” solish uchun astoydil urina boshlaydi. Agar bunday haqparastga aybdorlik tuyg’usi kuchli odam ro’baro’ kelsa, “haqgo’y” “gunohkorni” o’z izmiga solib, undagi aybdorlik hissini shu darajada oshirib yuboradiki, “gunohkor” o’zini bu dunyoda yashashga noloyiq sezib suiqasdga qo’l urishi mumkin. Bunday holatlar hayotda ko’p uchraydi. Odamdagi aybdorlik tuyg’usi o’z-o’zicha suiqasd uchun yetarli emas – uni “to’g’ri” odamlar tashqaridan kuchaytirib bersagina odam kompleks qurboni bo’lishi mumkin.
Ishonchim komilki, siz haqparastlik kompleksidan holisiz. Mening kitobim bunday odamning qo’liga tushmagan bo’lardi. Bunday odamni “Men har nima qilib bo’lsa ham haqligimni isbotlayman”, “Men shu paytgacha hech adashmaganman va adashmayman ham”, “Men qanday yashash kerakligini juda yaxshi bilaman”, “Mening ko’rgan bilganlarim o’zimga yetarli” kabi ta’kidlari orqali tanib olish mumkin.
Baxtga qarshi, haqparastlik kompleksi har birimizda kuchsiz bo’lsa ham mavjud. Axir, qay birimiz birov bilan bahsda osongina yengilamiz? Bahs san’ati haqida keyingi boblarda aytib o’tilgan, ammo sizga kezi kelganda bir sirni ochib o’tay: bahsda suhbatdoshi nuqtayi nazarini tan olgan odam yutadi, chunki bahsda o’z fikrini o’tkaza olgan odam shu fikrlari to’g’ri ekaniga yana bir bor amin bo’ladi va undagi haqparastlik kompleksi mustahkamlanadi. Raqibi fikrini qabul qilgan odam esa bu ishi bilan o’zidagi kompleksni susaytiradi.
Haqparastlik kompleksining alohida ko’rinishi – bu adolat hissidir. Adolat hissiga birgina misol keltiraman – siz buning nima ekanini darhol anglab olasiz. Siz o’z uyingizda oynayi jahon qarshisida maza qilib tovuq sho’rva ichib o’tiribsiz. Hayvonot olami haqida ko’rsatuv ketyapti deb tasavvur qiling. Unda bo’rilarning ov qilishi haqida hikoya qilinyapti. Mana kattakon bo’ri yosh qo’zichoqni quvib yetib, bir hamlada uning bo’g’zidan tishladi. Shu lahzada nimani his etasiz? Qo’ziga achinasizmi? Bo’ridan jahlingiz chiqadimi? Ana shu hissiyotlaringiz asosida adolat hissi turadi. Endi men sizga savol beray – kosangizdagi tovuqqa rahmingiz kelyaptimi? Yo’q deysizmi? Nimaga?..
Adolat hissi – muhimlik mevasi. U har doim vaziyatni to’g’ri baholashga halal beradi. Shunday ekan, keyingi gal kimnidir haqsizlikda ayblab, haqparastlik kompleksiga berilishdan avval sizni bunga adolat hissi turtkilayotganini eslang. Adolatni tiklayman deb o’zingizga gunoh orttirib olishingiz mumkin.
Afsuski, haqparastlik kompleksidan qutulish juda qiyin. Har qalay buni faqat hayot uddalashi mumkin – haqparast o’z muhimligiga berilgani uchun muammoli vaziyatlarga va hatto qattiq zarbalarga duch keladi. Ana shu talato’plar ham uni kompleksdan xalos qila olmasa, unga hech kim yordam bera olmaydi.
Bizni ko’ngil xotirjamligi va to’kis hayotdan mahrum qiladigan yana bir illat – kurashchi kompleksidir. Bu kompleks ta’siridagi odam doimiy jismoniy va ruhiy zo’riqishda bo’ladi. U har doim o’z-o’ziga talablar va marralar qo’yib, shu maqsadlarga erishish uchun kurashib yashaydi. Bunday odamning yana bir alohida belgisi – u doim har ishda raqobatga intilishidir.
Kurashchi kompleksi odamni juda tez holdan toydirishi va hayotiy energiyasini tarqatib yuborishi mumkin. Bu jihatdan u eng zararli komplekslardan biri. Bu kompleksdagi kishilarga hasad ham notanish emas.
Agar bunday odam oila, guruh yoki tashkilot rahbari bo’lsa, unda uning qaramog’idagi barcha odam uning kurashchi kompleksidan zarar ko’radi. Ular tabiatdan qaysar, o’z tamoyillaridan mahkam tutgan va mag’lubiyatni hech tan olmaydigan bo’lishadi.
Kurashchi kompleksi aslida odam o’ziga past baho berishi tufayli kelib chiqadi. Men o’zimni kimdandir quyiroq hisoblasam, menda buning aksini isbotlashga kuchli ehtiyoj paydo bo’ladi. Agar shaxsiy muhimlikka ergashsam, men bu yo’lda hech narsadan qaytmayman va o’z maqsadimga erishmaguncha tinchimayman.
Ba’zida ota-onalar o’z farzandida kurashchi kompleksini yaratib qo’yishadi. “Sen hammadan zo’r bo’lishing kerak”, “To’rt baho yaxshimas – faqat besh bo’lsin”, “Hammaga kim ekanligingni bir ko’rsatib qo’y”, “Shunday qilginki, biz sen bilan faxrlanaylik” kabi ta’kidlar bolada kurashchi kompleksini ildiz ottiradi va rivojlantiradi. Bolada yaxshi farzand kabi ota-onaning mehriga sazovor bo’lishning yagona yo’li qo’yilgan shartlarni bajarish degan xato tushuncha hosil bo’ladi. Xo’sh, bolangiz hammadan zo’r bo’lmasa yoki ba’zida to’rt olib tursa yoki kim ekanligini dunyoga bildirib qo’ymasa yoki sizni faxrlantiradigan ish qilmasa – uni yaxshi ko’rmay qo’yasizmi? Bolangizda hech bir kompleks paydo bo’lmasligini ta’minlashning yagona siri uni shartsiz yaxshi ko’rishdir. Hech qachon farzandingizga bo’lgan mehringizni shartlar bilan cheklamang. Boladan sizning mehringizni olish uchun hech bir shartni bajarish talab etilmasin. Axir, mehr – sotilmaydi.
Bugun suhbatlashgan komplekslarimizning hammasi – umumiy olib qaraganda – muhimlikdan kelib chiqadi. Shaxsiy yoki tashqi muhimlikka berilish oqibatida odamda u yoki bu kemtik paydo bo’ladi. Komplekslar asosan sizning o’zingizga zarar yetkazadi – shunday ekan, ulardan xalos bo’lish sizning manfaatingizga xizmat qiladi. Har qanday kompleksni yengishning eng samarali yo’li – uning ildizi bo’lgan muhimlikni nazorat ostiga olishdir. Muhimlikni qanday jilovlash kerakligi haqida esa siz kechagi suhbatdan yaxshi bilasiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев