Gul Biryon Chaman Biryon - Abdurauf Olimov, To'ra Sulaymon she'ri
Chaman ichinda bir gul, gul bir yon chaman bir yon.
Sarvi, sanobarmidir? - soch bir yon, suman bir yon.
Sahar, subhi sodiqda mushk bir yon, mujgon bir yon.
Tun pardasin tortsa gar, oy bir yon, osmon bir yon.
O'sgan bog'iga olqov, o'stirgan bog'boniga,
Xavfu xatardan saqlay kelgan soyaboniga .
Andalib qo'nar, zog'lar qo'nolmas bo'stoniga.
Maqtoviga men bir yon, borliq suxandon bir yon.
(Hakim zoti bor yerda dard bir yon, darmon bir yon,
Yoring jafokash bo'lsa uy bir yon, zindon bir yon.
Ikki jon bir bo'lmasa sham bir yon, shamdon bir yon.
Ayri bo'lsa yo'llari - tug' bir yon, shamdon bir yon.
Qo'riqchisi bo'lardim bog'imda unar bo'lsa,
Kuzim kelmay bahorim qayta boshlanar bo'lsa,
Solnomachisi bo'lay magar u Qamar bo'lsa,
Qasam ichib aytaman: namak bir yon, non bir yon.
Qumri, sa'va oshiyon aylar bir gulafshon bu.
Bir kokili Sir bo'lsa, u biri Zarafshon bu.
Ilohiy sanamlardan bir zuryod, bir nishon bu.
Kerak bo'lsa magar jon, jon bir yon, jahon bir yon.)
Bu olamda Oy tanho, muborak Quyosh tanho.
Bo'y qizlarning ichinda shu bir egma qosh tanho.
Uningdek hech kim menga bo'lmasa sirdosh tanho.
Go'ro'g'li sulton bir yon, To'ra Sulaymon bir yon.