Ikki misra sheʼr,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni oʻylayman
Oʻzimdan koʻproq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Men ketsam, yomondan
Yiroq boʻl, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Koʻrkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi boʻlar-u,
Yomon odam yaxshi
Boʻlmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Uyda yotibman-u,
Sezib turibman,
Koʻkda ketayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yogʻdirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qoʻl qoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Ularni men yana
Koʻrarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. Toʻylar boshlandi.
Yuragim pora –
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
Toʻy koʻrmay oʻlmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Biroq, koʻnglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam toʻladi.
Hali toʻylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli boʻladi!
Kelinlar koʻylagi
Ruhimday oppoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
Oʻliklar uygʻoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Koʻksim kuyib borar,
Koʻkrak yonmoqda,
Ayting doʻxtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism oʻz ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Buni hayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun soʻlasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
Oʻzing boʻlasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
Gʻam kelsa boshingdan
Hushing uchmasin.
Xudodan soʻradim:
Mendan keyin hech
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qoʻlida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Koʻksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Jon soʻnggi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men boʻlsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni oʻpib, Oʻshni
Quchoqlab oʻlsam!..
Oʻtinchim – tepamda,
Yigʻlama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев