Bittagina armonim bor, birodarlar,
O‘smirligim aro yo‘lda qolib ketdi.
Kulgichlari o‘ynab turgan bir qizchaga
Bir so‘zim bor edi, dilda qolib ketdi.
G‘o‘rlik ekan, men sevgini o‘yin bildim,
U go‘zalning visolini tayin bildim. Hijronlarning qiynog‘ini keyin bildim,
Bir so‘zim bor edi, dilda qolib ketdi.
Endi o‘sha so‘z kechalar qiynar meni,
Bir kechada oh nechalar qiynar meni.
Yarim yorug‘ darichalar qiynar meni,
Bir so‘zim bor edi, dilda qolib ketdi. Endi ayting, kim anglaydi afsusimni,
Bulutlarga berib qo‘ydim yulduzimni.
Bir dunyoga alishmasdim shu so‘zimni,
Bir so‘zim bor edi, dilda qolib ketdi.