Ota-onang
Ko'z tikib yetolmay shirin tilakka,
Dardlaring sig'masa hasta yurakka.
Ohlaring yetmayin qolsa falakka,
Bedor tunlar yig'lab onang kuyarkan,
Yurak-bag'rin tig'lab otang kuyarkan...
Boshingda g'avg'olar yig'ilganda goh,
Yoronlar qoshingdan ketsalar nogoh.
Olisda bo'lsang ham holingdan ogoh-
Alamlaring sezib otang kuyarkan,
Yurak-bag'rin ezib onang kuyarkan...
Parivash dildoring darding bilmasa,
Boringni tutsang-da, qadring bilmasa.
Yiqilsang, hayotda omad kulmasa-
Ojizliging sezib otang kuyarkan,
Yurak bag'rin ezib onang kuyarkan...
Mushtoq-u zor bo'lib bir chin sirdoshga,
Daf'atan uchrasang bir bag'ritoshga.
Hijrondan ko'zlaring to'lganda yoshga-
Yoshlari sel bo'lib onang kuyarkan,
Yurak-bag'rin tilib otang kuyarkan...
Yosuman qalbingga olov joylasa,
Yuzingga termulib ko'zing boylasa.
Ag'yorlar erta-kech yo'ling poylasa-
Qo'l ochib duoga otang kuyarkan,
Dod aylab samoga onang kuyarkan...
Firoq shamollari esganda mayin,
Manzildan yiroqlab borsang kun sayin.
Mag'lubliging bo'lib qolsa-da tayin-
Umidi so'nmayin otang kuyarkan,
Taqdirga ko'nmayin onang kuyarkan...
Hijron quchoq ochib olsa bag'riga,
Salom berib kirsang armon shaxriga.
Pand berolmay qolsang nomard zaxriga-
Bag'ri vayron bo'lib otang kuyarkan,
Yurak bag'rin tilib onang kuyarkan...
Qalbingni poralab kunlar botsalar,
Bag'ringni yaralab tonglar otsalar.
Yaqinlar joningni arzon sotsalar-
Joningga jon bo'lib otang kuyarkan,
Yurak-bag'rin tilib onang kuyarkan...
Dardingni onangday bilmagay hech kim,
Qadringni otangday bilmagay hech kim.
Do'st-sirdoshlaring bo'lganda ham jim -
Mudom darding bilib otang kuyarkan,
Yurak-bag'rin tilib onang kuyarkan...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев