Ketaman bu yerdan bosh olib,
Majnunni siylagan sahroga.
Ketaman ko’zimga yosh olib,
Yulduzlar vatani – samoga.
Bo’lmasa, harsangga bog’lanib,
Cho’kaman tubi yo’q ummonga.
Yoki ko’k kaptarga aylanib,
Uchaman Ko’hi Qof tomonga.
Do’st tutib tongdagi shabnamni,
So’ng singib ketaman tuproqqa.
Ketaman yig’latib onamni,
“Borsa kelmas”dan ham yiroqqa.
Ketaman… ketaman, baribir ketaman,
Suymasang suykalib netaman?!
Ketaman, baribir ketaman,
Shu mening eng so’nggi qarorim.
Oqar suvlar oqaveradi,
Bahor gullar taqaveradi,
Kimdir sizga yoqaveradi,
Bu dunyoda men bo`lmasam ham.
Uchib ketgan turnalar qaytar,
Qaldirg`ochlar qo`shig`in aytar,
Kimdir sizga dardini aytar,
Bu dunyoda men bo`lmasam ham.
Sizar daryo samosida oy,
Sochaverar yulduzlar chiroy,
Bo`lardingiz yotga erkatoy,
Bu dunyoda men bo`lmasam ham.
Qolaverar muhabbat mangu,
Yo`qolmaydi shodligu qayg`u,
Boshqa qo`lda yig`laydi cholg`u,
Bu dunyoda men bo`lmasam ham.
Bu dunyoda men bo`lmasam ham.
Demang jonim “bu yomon niyat”,
Garchi hayot o`zi haqiqat.
Menku sizni izlardim faqat,
Bu dunyoda bo`lmasangiz ham.
Qaylarda, kim bilan vaqting chog‘ bugun.
Yurgan yo‘llaringda kim o‘rtoq bugun.
Yuraging qalbimga ko‘p uzoq bugun.
Hozircha yodingda yomon bo‘laman.
Kun kelar bir buyuk armon bo‘laman.
Yo‘lingga to‘shadim oshiq ko‘nglimni.
Tosh diling sezmadi hasta dilimni.
Kulgu-la o‘ynading borim sevgimni.
Yuraging sezmagan tug‘yon bo‘laman.
Kun kelar bir buyuk armon bo‘laman.
G‘ururim bir chetga surib qo‘ygandim.
Sen uchun hokisor, g‘arib bo‘lgandim.
Qadrim yerga o‘zim ko‘mib qo‘ygandim.
Bilmading. Endi qadri osmon bo‘laman.
Kun kelar bir buyuk armon bo‘laman.
Tuyg‘ular yuraging g‘ashlab ketganda.
Bevafo ko‘zlaring yoshlab ketganda.
Kimdir yurib-yurib tashlab ketganda.
Qalbingga qadalgan paykon bo‘laman