Oyog'ingni yerdan uzibsan,
Sal o'zingni bosib ol jigar.
Pul topay deb yo'ldan ozibsan,
Kim bo'lsang ham odam bo'l avval.
Bu dunyoni bevafo derlar,
Jim yuribdi sendan ham zo'rlar,
Ko'p bo'lsa ham yo'linga zorlar,
Kim bo'lsang ham odam bo'l avval.
Kibru havo manmanlik nechun,
Vijdoningni sotma mol uchun,
O'tkinchidir bu dunyo tushun,
Kim bo'lsang ham odam bo'l avval.
Seni odam qilgan shu eling,
Kuchim ko'p deb sindirma beling,
O'ylab ko'rgin kecha kim eding,
Kim bo'lsang ham odam bo'l avval.
Ortinga bir nazar solib ko'r,
Salom bersa alik olib yur,
Ustozingni xizmatida tur,
Kim bo'lsang ham odam bo'l avval..