Savol: assalomu alaykum, Odilxon qori aka! Men eshitish maqsadida qo'l telefonimga Quroni karim suralaridan yozdirib olganman. Keyin, o'ylab qoldim: qo'l telefonim ba'zan erda ham yotadi, orqa cho'ntakka ham solaman, telefonda har xil so'zlashuvlar bo'lishi mumkin va hokazo. Savolim quydagicha: qo'l telefonida Qur'oni karim suralari bo'lishi joizmi? Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: va alaykumus salom. Sirtdan qaraganda, qo'l telefoniga Qur'on yozdirib, qaerda bo'lsa ham eshitib yurish, shu yo'l bilan Allohni zikr qilish yaxshidek ko'rinadi. Aslida masalaning mohiyatiga e'tibor qaratsak, bu ish joiz emasligi ma'lum bo'ladi. Sababi, qo'l telefoni bilan hojatxonaga kiriladi, unda boshqa nojoiz surat va narsalar bo'lishi mumkin, yana telefon aytganingizdek, cho'ntakda, kindikdan pastda turadi va hokazo. Shunday ekan, qo'l telefoniga Qur'on yozdirish joiz emas. Balki tilovat maxsus tayyorgarlik bilan tahoratli holda va diqqat-e'tiborni bir joyga qo'yib tinglansa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Qo'l telefoniga Qur'on yozish Qur'onga hurmatsizlik qilinishiga sabab bo'ladi. Shuningdek, azon sadosini ham telefonga yozish va uni qo'ng'iroq sifatida o'rnatish mumkin emas. Bu narsalar Islom asosi bo'lgan Qur'oni karimga va dinimiz shiorlaridan sanalmish azon sadosiga hurmatsizlikdir. Sababi inson Qur'on eshitganda jim turishi, boshqa ishlar bilan shug'ullanmasligi talab etiladi. Azon eshitganda ham shunday. Lekin telefonga bunday narsalar yozib olinganida talab qilingan odoblar o'rniga qo'yilmaydi. Borib-borib inson Qur'on va azonga bo'lgan munosabati oddiylashib, ularni eshitganda ta'sirlanmaydigan, o'zini oddiy ohangni eshitgandek tutadigan bo'lib qoladi. Shu va boshqa omillarni inobatga olib, qo'l telefoniga Qur'oni karim va azon sadosini yozish, yozdirish, uni qo'ng'iroq sifatida o'rnatish joiz emas, degan fatvo berilgan.
“Muxlis.uz” saytida “Telefonda ruqya eshitsa bo'ladimi?” nomli maqola e'lon qilinganida ba'zilar: “Bunda Qur'oni karim telefon fleshkasiga yoziladi. Inson miyasida ham Qur'oni karim suralari saqlanadi. Ammo inson hojatxonaga kiradiku, nega endi Qur'on yozilgan telefon bilan bu ishni qilish mumkin emas ekan”, degan ma'noda savollar bilan murojaat qilishdi. Unutmaylikki, inson bilan telefon o'rtasida katta farq bor. Inson tirik mavjudot. U taom eydi, ichimlik ichadi va shuning natijasida ana o'sha aytilgan erga borishga hojati tushadi. Telefon esa bunday emas. Yana Qur'oni karimni telefonga yozish mumkin emasligining bosh sababi u bilan hojatxonaga kirish ehtimoli borligida emas. Balki bunda Qur'oni karimga hurmatsizlik ko'rsatilishi birinchi o'rinda turuvchi sababdir. Xullas, telefonda turli mavzularda suhbatlashish, uni erga, nopok joylarga qo'yish ehtimoli bor ekan, bu moslamaga Qur'oni karim va azon sadosini yozish mumkin bo'lmaydi. Yana Alloh bilguvchiroqdir!
Shu o'rinda azon sadosini telefon qo'ng'irog'i sifatida o'rnatish haqida bir mulohaza bor. Ma'lumki, azon namoz vaqti kirganini bildirish uchun aytiladi va bu Islomning asosiy shiorlaridandir. Telefon qo'ng'irog'iga azon sado o'rnatilganida esa mavridi bo'lmagan vaqtlarda telefon jiringlab, odamlarda chalkashlik, borib-borib azondan zerikish hissi paydo bo'ladi. Sababi azon bir kunu bir tunda besh mahal aytiladi. Telefon qo'ng'irog'i esa, odatda bundan ko'p jiringlaydi.
Demak, telefonga Qur'oni karimni yozish va uni qo'ng'iroq sifatida o'rnatish mumkin emasligiga quyidagilar sababdir:
1. Bu bilan Qur'oni karimning hurmati joyiga qo'yilmagan bo'ladi. Sababi telefon turli joylarda bo'lishi, nopok joylarga tashlab qo'yilishi mumkin. Ba'zida inson junub holida ham telefonni ushlab, undagi qo'ng'iroqqa javob berishga majbur bo'ladi. Aslida Qur'on yozilgan telefonni tahorat bilan ushlash shart bo'lmasa-da, lekin ichiga Qur'on matni yoki tilovati yozilgan telefonni nopok holda ushlab, undagi narsalardan foydalanish borib-borib insonda Qur'onga bo'lgan e'tiborsizlikni keltirib chiqaradi;
2. Ma'lumki, Qur'oni karim tilovati ma'no to'liq bo'lganidan keyin tugatilishi lozim. Telefonga turli toifadagilar tomonidan yozib olingan tilovat eshitilganida esa duch kelgan joyda o'chirishga to'g'ri keladi va bu bilan Kalomullohning ma'nosi buzilishi mumkin;
3. Yana telefonga yozilgan Qur'oni karim tilovati odatda, yo'lda, ko'cha-ko'yda, hatto ba'zida nojoiz joylarda eshitilishi ehtimoldan xoli emas...
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 7