Turnir boshlanmasidan avval hamma o`zbekistonliklar e’tiborida milliy terma jamoamiz va uning imkoniyatlari haqida bo`ldi. Ochilish marosimidagi BAA-Bahrain (1-1) o`yinidagi darajani ko`rganimizdan so`ng har tugul havotirlarimiz biroz yo`qolgandek. Sababi BAAdan daxshatli o`yin kutib turgan ko`pchilik fanatlar osiyo futboli “darajasi” haqida kerakli xulosalarni chiqara boshlashdi. Lekin hali Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va biz uchun kushanda murabbiylar qatoriga kirib ulgurgan Keyrush boshchiligidagi Eron terma jamoalari ham aynan ushbu musobaqada ekanligini unutmaslik zarur. Xo`sh, shunday ekan ushbu turnirda O`zbekiston MTJning imkoniyat darajalari qanday?
O`zbekistonning guruhdan chiqish ehtimoli juda yuqori. Sababi guruh bosqichining birinchi va ikkinchi o`rin egalari qancha ochko top`lashiga qaramasdan keyingi bosqichga chiqsa, uchinchi o`rin egasi “ketmoni uchib qolsa”gina nimchorakda to`p tepishi mumkin. Ketmonning uchishi esa, yana o`sha ochkolarga borib taqaladi.
Endi O`zbekiston MTJning keyingi bosqichdagi raqiblari va termamiz imkoniyati haqida so`z yuritsak.
1-TAHMIN. O`zbekiston 3-o`rin bilan guruhdan chiqdi. (Xudoning o`zi asrasin!) Bu holda vakillarimiz “D” guruhidagi 1-o`rin egasi bilan kuch sinashadi. “D” guruhidan Eron, Iroq, Yaman va Vyetnam jamolari o`rin olishgan. Termamizning kamida guruhdan chiqishi ehtimoli qanchalik yuqori bo`lsa, Eronning ham o`z guruhida 1-o`rinni egallash ehtimoli bundan kam emas. O`z-o`zidan ko`rinib turibdiki, nimchorakda biz forslar bilan o`ynaymiz. Kuper miyyasini ikki karra kuchli ishlatgan taqdirda ham uning Keyrush jamoasi ustidan g`alaba qozonish ehtimoli juda qiyin. Bu holda jamoamiz guruhda uchinchi bo`lsih qanday oqibatga olib kelishini juda yaxshi his qilish imkoniyatinigina qo`lga kiritadi xolos.
2-TAHMIN. O`zbekiston 1-o`rin bilan guruhdan chiqdi. (“Orzu” osh tuzi!) Biz Yaponiya bilan bir guruhdan joy olganmiz. Demak biz qachonki Yaponiyaga yutqazmagan taqdirimizdagina (unda ham ochkolar omad olib kelsa) 1-o`rinni olishimiz mumkin. Ha, kamiga mumkin. Mumkin bo`lmasligi uchun esa boshqa o`yinlarda ko`proq gol urishimiz, kamroq to`p o`tkazib yuborishimiz kerak. Undan keyin esa yaponlarning yutqazishi, durang o`ynashi, hech bo`lmaganida kamroq gol urishini kutishimizga to`g`ri keladi. Yaxshi niyat yarim mol! Tasavvur qiling, biz guruhda 1-o’rinni oldik. U holda nimchorakda “E” guruhida ikkinchi bo`lgan jamoaga qarshi to`p suramiz. “E” guruhi jamoalari: Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaman, Shimoliy Koreya. Katta ehtimol raqibimiz Qatar bo`ladi. Qatarni doim yutganmiz, nasib bo`lsa bu safar ham yutdik deylik. Lekin chorak finalda 80% ehtimol bilan Avstraliyaga qarshi o`ynaymiz. Voqealar rivoji 2011-yil senariysi bo`yicha borsa, “Handalak” hazillarida keltirilgan “06 jiguli” “07” jiguliga aylanishi katta ehtimol. O`z-o`zidan ko`rinib turibdiki bu variant ham bizga mos tushmaydi.
3-TAHMIN. O`zbekiston 2-o`rin bilan guruhdan chiqdi. (Tasodiflar tasodifan bo`lmaydi!) O`tmishga nazar solib XX asr realistlaricha fikr yuritadigan bo`lsak, Yaponiyaning guruhda 1-o`rinni olishi deyarli aniq. U holda biz nimchorak finalda “B” guruhida 2-o`rinni olgan jamoa bilan o`ynaymiz. “B” guruhida Avstraliya, Iordaniya, Suriya, Falastin jamoalari bor. 2-o`rin 60 % tahmin bilan Suriyaga, 40 % tahmin bilan Iordaniyaga nasib etadi. Iordaniya bo`lsin, Suriya bo`lsin jamoamiz bu to`siqdan eplab o`tsa bo`ladi. U holda chorak finalda (agar voqealar biz o`ylagandek davom etsa!) BAA bilan o`ynaymiz. Ochilish marosimidagi o`yindan xulosa qiladigan bo`lsak, bu to`siqdan ham o`tishga kuchimiz yetadi. DEMAK, BIZ UCHUN ENG MA`QUL VARIANT GURUHDA IKKINCHI BO`LISH ekan.
Bularning bari shunchaki tahmin. Shunchaki o`z fikrimni siz azizlar bilan bo`lishishga harakat qildim. Ehtimol siz aytarsiz: “kuchli jamoalardan qo`rqmaslik kerak, baribir ular bilan to`qnashishga to`g`ri keladi”. Ha, siz haqsiz. Lekin harbiy san`at va sportda ayyorlik omili ham muhim o`rin tutadi. Axir g`alaba qozonishni aniq bilsang, bor kuchingni sarflamaysanku!? Shunday ekan, MTJmiz uchun nimchorak finalga qadar Avstraliya, Saudiya Arabistoni, BAA va hatto Yaponiyaga ham muxlislik qilib turishimizga to`g`ri keladi. Yarim finalga qadar yetib olsak, jarohatlar bo`lmasa, qolganini Kuper va futbolchilarimizga qo`yib beraveramiz! K.R.Achilov
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев